O`zbekiston Futbol Federatsiyasi Ijroiya Qo`mitasi qarori bilan tasdiqlangan O`zbekiston Professional Futbol Ligasining 2014-2018 yillarga mo`ljallangan rivojlanish dasturi asosida 26 fevral kuni Toshkentdagi Miran International mehmonxonasida Oliy va Birinchi liga futbol klublari matbuot kotiblari uchun xalqaro o`quv seminari bo`lib o`tadi.
Bir kunlik nazariy va amaliy mashg`ulotlarni o`z ichiga olgan o`quv seminarini Osiyo Futbol Konfederatsiyasi Media departamenti boshlig`i Chetan Kulkarni olib boradi.
Shu munosabat bilan Oliy Liga va Birinchi Liga klublaridan ushbu seminarda ishtirok etadigan klub matbuot kotibini tavsiya qilib, ishtirokchining to`liq ism-familiyasi, aloqa ma`lumotlari (telefon raqami, elektron pochta manzili)ni 18 fevral, seshanba kuniga qadar media@the-uff.com elektron pochta manziliga yuborishlari so`raladi.
Ushbu seminar Oliy liga va Birinchi liga musobaqalarida ishtirok etayotgan klublarning matbuot bilan ishlash borasidagi bilim va ko`nikmalarini oshirib, O`zbekistonda professional futbol targ`ibotini rivojlantirish va futbol klublarining muxlislar orasidagi obro`-e`tiborini oshirishga yordam beradi.