Kelishilgan o`yinlarga qarshi ayovsiz kurash olib boriladi

24.01.2014

Kelishilgan o`yinlarga qarshi ayovsiz kurash olib boriladi

O`zbekiston Futbol Federatsiyasi Ijroiya qo`mitasi kelishilgan o`yinlarga qarshi ayovsiz kurashish orqali futbolda tozalash ishlari olib borilishi haqida Qaror qabul qildi. Qarorga ko`ra, kelishilgan o`yinlar va unda ishtirok etganligi gumon qilinayotgan shaxslarni monitoring qilish bo`yicha O`zbekiston Professional Futbol Ligasida ishchi guruhi tuziladi.

O`zbekiston Futbol Federatsiyasining Ijroiya Qo`mitasi majlisida kun tartibiga qo`yilgan masalalar haqida gapirar ekan, Mirabror Usmonov, O`zbekiston Futbol Federatsiyasi Prezidenti, so`nggi vaqtlarda totalizatordan daromad ko`rish maqsadida O`FF va PFL tasnifidagi o`yinlarning natijalari kelishilayotganligi haqida matbuotdagi maqolalarning umumiy mazmuni haqida to`xtalib o`tdi.

«Matbuot o`zbek futbolining bugungi aksi», - deydi Usmonov. «Biz qandaydir yutuqlarni qo`lga kirityapmizu, o`z qozonimizda qaynayotgan ayrim muammolarning ildizini ko`rmayapmiz va ko`rmaganga olyapmiz. Biz kelishilgan o`yinlarga qarshi avvaldan kurashib kelamiz. Bugungi kunda bunday o`yinlarning borligi haqida matbuot bekorga bong urmayapti. Ayrim ishqibozlarning OAVdagi chiqishlari va matbuotdagi maqolalarni ko`rib, bu masalani Ijroqo`m a`zolariga jiddiy ko`rib chiqib, qat`iy chora-tadbirlan belgilanishini tavsiya qilaman. O`zbekiston Futbol Federatsiyasi bugun mana shunday jirkanch ishlarni fosh qilish uchun davlat organlari bilan ishlashga tayyor».

Ijroqo`m a`zolari O`zbekiston Futbol Federatsiyasi Prezidenti Mirabror Usmonov tomonidan ko`tarilgan ushbu masala yuzasidan boshqa taklif va mulohazalarni tinglab, futbol bo`yicha O`zbekiston Oliy ligasi va Birinchi liga musobaqalari reglamentiga shu haqdagi bandni kiritish haqida Qaror qabul qildilar. Shu bilan birga kelishilgan o`yinlarda ishtirok etgan har qanday shaxs futbol oldidagi xizmatlaridan qat`i nazar futboldan butun umrga chetlatilishi haqida ham Qaror qabul qilindi.

Ijroiya Qo`mita a`zolari ko`rib chiqqan yana bir muhim masala terma jamoalar faoliyatiga dahldor bo`lib keng muhokamaga sabab bo`ldi.

«Men bu haqda alohida gapirmasam bo`lmaydi», - deydi majlisni olib borgan Usmonov. «Tarkibni murabbiy tanlaydi, tanlayversin, marhamat. Futbolchilar ro`yxatini u tuzadi, tuzaversin, marhamat. Murabbiyning ishiga aralashmaymiz. Haqqimiz yo`q. Lekin, mana shu erda tanish-bilishchilik, mahalliychilik va urug`-aymoqchilik bo`lsa, biz bunga jim qarab turolmaymiz. Har bir futbolchi terma jamoaga chaqiralayaptimi, odillik bo`lsin. Hech kim kimningdir qarindoshi bo`lganligi sabab terma jamoaga kelishiga yo`l qo`ymaymiz. Terma jamoa xalqniki va xalqning eng kuchli futbolchilari uchun terma jamoa eshiklari ochiq. Bosh murabbiy yoki murabbiylar shtabiga agar terma jamoa ichidagi yoki atrofidagi shaxslardan bosim bo`lgan taqdirda ham O`zbekiston Futbol Federatsiyasi bunday bo`lmasligi uchun bor imkoniyatini ishga soladi».

O`zbekiston Futbol Federatsiyasining Ijroqo`m a`zolari ushbu masalani ham bir ovozdan qo`llab-quvvatladi va Qaror qabul qildi. 1 fevralga qadar bo`lgan muddat ichida Terma jamoalar markazining texnikaviy masalalar bo`yicha mutaxassislar guruhi terma jamoalarga futbolchilarni jalb qilish bo`yicha mavjud mezonlarni ko`rib chiqadi. Mahalliychilik, tanish-bilishchilik va urug`-aymoqchilik holatlariga yo`l qo`yilmaslik, yo`l qo`yilgan taqdirda futboldan butunlay chetlatish kabi masalalarni o`z ichiga olgan terma jamoaga nomzod futbolchilarni jalb qilishning yangi tartibi ishlab chiqiladi.

Ijroqo`m a`zolari, shuningdek, Toshkentda FIFA va OFK musobaqalarining stadionlari reglamentiga to`la javob beradigan yangi, zamonaviy va hashamatli futzal saroyini qurish bo`yicha ham qaror qabul qildi. Ushbu masala yuzasidan O`zbekiston Futzal Uyushmasi Prezidenti Fazliddin Sirojiddinovga ham topshiriqlar berildi. Fevral oxiriga qadar futzal saroyining qurilishi bilan bog`liq taklif va mulohazalar kiritilishi belgilab qo`yildi.

Bolalar-o`smirlar futbolini rivojlantirish maqsadida O`zbekiston Futbol Federatsiyasida yangi boshqarma ham tashkil qilinadigan bo`ldi. Yangi boshqarmaning ishchi nomi «Bolalar-o`smirlar futboli va ommaviy futbolni rivojlantirish» bo`lib, uning faoliyati juda keng bo`lishi kutilmoqda. Bugunga qadar shu nomdagi bo`lim, endilikda, alohida boshqarma bo`lib ajralib chiqadi, uning tarkibida texnikaviy bo`lim tashkil qilinib, u katta futbol, mini-futbol, ayollar futboli va mini-futboli va plyaj futbolini nazorat qiladi.

Majlisda, shuningdek, O`zbekiston Futbol Federatsiyasi, Professional Futbol Ligasi, O`zbekiston Futzal Uyushmasi, O`zbekiston ayollar futboli, ayollar futzali va plyaj futboli, shuningdek, Terma jamoalar markazining 4 yillik istiqbolli tadbirlar rejasi ishlab chiqilishi yuzasidan ham qaror qabul qilindi. 1 fevralgacha bo`lgan muddat ichida yuqoridagi barcha strukturalar O`zbekiston Futbol Federatsiyasi Kotibiyatiga ish rejalarini topshirishlari belgilab qo`yildi. 

cola
apex
mib
mib
mib
mib