O`zPFL bosh direktori Farhod Magametov, shuningdek, Oliy Liganing «Bunyodkor», «Lokomotiv» va «Paxtakor» klublari vakillari O`FF huzuridagi Murabbiylar kengashi yangi tarkibiga kiritildi.
O`FFning yangi rahbariyati yangi muddatga saylanishi munosabati bilan O`FF huzuridagi Murabbiylar kengashining yangi tarkibi ham tasdiqlandi. Kengashning asosiy vazifasi terma jamoalarga daxldor masalalarni keng va ochiq davrada muhokama qilib, bu borada tegishli chora-tadbirlarni belgilash va Ijroqo`m yoki uning Byurosiga qaror qabul qilish uchun tavsiyalar berishdan iborat.
Kengashning yangi tarkibidan O`zPFL bosh direktori Farhod Magametov, «Bunyodkor» futbol klubi bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov, «Lokomotiv» futbol klubi katta murabbiyi Hakim Fuzaylov va «Paxtakor» futbol klubi vitse-prezidenti Samvel Babayan o`rin oldi.
Bundan tashqari, O`FF Terma jamoalar markazi direktori Asqar Tolibjonov, texnik direktor Rustam Akramov, «Pravda Vostoka» ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy respublika gazetasi sport sharhlovchisi Temur Nizaev ham kengash tarkibiga kiritilgan.