2014 yilgi Osiyo Chempionlar ligasi 2 fevralda start oladi

05.12.2013

2014 yilgi Osiyo Chempionlar ligasi 2 fevralda start oladi

OFK 2014 yilgi Chempionlar ligasi saralash bosqichi uchrashuvlari muddatlarini tasdiqladi. Unga ko`ra, musobaqa 2 fevral kuni start oladi.

2014 yilning 2 fevral kuni Osiyo Chempionlar ligasi 1-saralash bosqichi o`yinlari o`tkaziladi. Shu kuni musobaqaning G`arbiy mintaqasida «Al-Suvayq» (Ummon) – «Al-Qodisiya» (Kuvayt), «Shabob al-Urdun» (Iordaniya) – «Al-Hidd» (Bahrayn) va «Al-Kuvayt» (Kuvayt) – «Ash-Shorta» (Iroq) uchrashuvlari bo`lib o`tadi.

8 fevral kuni 2-saralash bosqichi bahslari bo`lib o`tadi. O`zbekistonning OChL-2014 saralash bosqichida ishtirok etadigan vakillari – 2013 yilgi O`zbekiston vitse-chempioni, Toshkentning «Lokomotiv» va Oliy Liga-2013da uchinchi o`rinni egallagan Qarshining «Nasaf» jamoasi aynan 2-bosqichda musobaqalarga kirishadi.

2-saralash bosqichida «Al-Suvayq» - «Al-Qodisiya» uchrashuvi g`olibi safarda BAAning «Baniyas» jamoasiga qarshi, «Shabob al-Urdun» – «Al-Hidd» uchrashuvi g`olibi safarda Qatar jamoasiga qarshi, «Al-Kuvayt» – «Ash-Shorta» uchrashuvi g`olibi safarda O`zbekiston vakiliga qarshi to`p suradi. 2-bosqichning yana bir uchrashuvida O`zbekiston ikkinchi vakili safarda Qatarning ikkinchi vakiliga qarshi to`p suradi.

3-saralash bosqichi bahslari 15 fevral kuni bo`lib o`tadi. Unda «Baniyas» – «Al-Suvayq»/«Al-Qodisiya» uchrashuvi g`olibi o`z maydonida Qatar – O`zbekiston klublari o`rtasidagi o`yin g`olibiga qarshi, Qatar klubi – «Shabob al-Urdun»/«Al-Hidd» juftligi g`olibi o`z maydonida O`zbekiston klubi – «Al-Kuvayt»/«Ash-Shorta» juftligi g`olibiga qarshi to`p suradi. Ushbu ikki o`yin natijasiga ko`ra, OChL guruh bosqichining ikki ishtirokchisi nomi ma`lum bo`ladi.

Saralash bosqichidagi uchrashuvlar g`olibi bitta o`yin natijasiga ko`ra aniqlanadi. Qatar va O`zbekiston klublari kimlarga raqib bo`lishi 10 dekabr kuni Kuala-Lumpurda o`tkaziladigan qur`adan so`ng ma`lum bo`ladi. Shuningdek, qur`ada 2013 yilgi O`zbekiston chempioni va Kubogi sohibi «Bunyodkor»ning OChL guruh bosqichidagi raqiblari nomi ham aniqlanadi.

cola
apex
mib
mib
mib
mib