30 noyabr kuni «Bunyodkor» stadioni restoranida 2013 yilgi O`zbekiston chempionini – «Bunyodkor» futbol klubini taqdirlash marosimi bo`lib o`tdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar bermoqda.
«Bunyodkor» futbol klubini 2013 yil mavsumida qo`lga kiritgan mukofotlar – chempionlik oltin medallari, O`zbekiston kubogi, yoshlar ligasi g`oliblarining sovrinlari bilan taqdirlash marosimida O`FF Prezidenti Mirabror Usmonov, federatsiya birinchi vitse-prezidenti Sardor Rahmatullaev, O`zPFL Bosh direktori Farhod Magametov ishtirok etdi.
Tadbirda klub bosh homiysining tabrigi ham o`qib eshittirildi va, ayni vaqtda, jamoaning kelasi yil uchun asosiy vazifalari ham e`lon qilindi.
«Kelgusi mavsumda erishilgan marralardan chekinmay, Osiyo Chempionlar Ligasi kubogini qo`lga kiritishga, shu orqali, klublar o`rtasida jahon chempionatida qatnashishga intilish vaqti etdi deb ishonamiz», - deyiladi «O`zbekneftgaz» MXK raisi Shokir Fayzullaevning klubga yo`llagan tabriknomasida.