Artur Gevorkyan va Ro`ziqul Berdiev – oktyabr oyi laureatlari!

07.11.2013

Artur Gevorkyan va Ro`ziqul Berdiev – oktyabr oyi laureatlari!

Bir oylik tanaffusdan so`ng «Nasaf» bosh murabbiyi Ro`ziqul Berdiev va jamoa etakchilaridan biri – Artur Gevorkyan oyning eng yaxshilari deya topildi.

O`zbekiston chempionatining oktyabr oyidagi eng yaxshi futbolchisi va murabbiyini aniqlash bo`yicha OAV xodimlari, jurnalistlar o`rtasida 1 noyabr, juma kuni boshlangan so`rovnoma 6 noyabr, chorshanba kuni yakuniga etdi. So`rovnoma natijalariga ko`ra, jurnalistlar Oliy va Birinchi Liga jamoalarida ishlayotgan jami sakkiz nafar murabbiy, shuningdek, Oliy Liga klublarida to`p surayotgan 17 nafar futbolchiga ovoz berishdi. So`rovnomada O`zbekiston Oliy Ligasi, O`zbekiston Birinchiligi va O`zPFL tasarrufidagi boshqa musobaqalarda ishtirok etayotgan jamoalarning vakillariga ovoz berish mumkinligi avvaldan qayd etilgan edi.

Sentyabr oyi «Nasaf» uchun nisbatan og`ir keldi – jamoa Oliy Ligada asosiy raqiblariga qarshi o`yinlarda ochko yo`qotdi, bundan tashqari, O`zbekiston Kubogi finalida «Bunyodkor»ga imkoniyatni boy berdi. Biroq oktyabrni Ro`ziqul Berdiev shogirdlari yana ko`tarinki kayfiyatda o`tkazishdi. Sentyabr oyining eng yaxshi murabbiyi – Amet Memet qo`l ostidagi «Neftchi»ni 2:0 hisobida mag`lub etish bilan start olgan oy davomida «Sho`rtan» (4:1), «Navbahor» (5:0) va «Buxoro»ga (5:1) qarshi o`yinlarda jami 16ta gol urildi va bor-yo`g`i ikkita gol o`tkazib yuborildi. Uchrashuvlarning uchtasida yirik hisob qayd etilgani ham alohida e`tiborga molik.

Oy davomida Artur Gevorkyan ham o`ziga xos faollik va sermahsullik ko`rsatdi. Futbolchi «Sho`rtan» va «Navbahor» darvozasiga ikkitadan gol urgan bo`lsa, «Buxoro»ga qarshi o`yinda bitta gol urishdan tashqari, jamoadoshlarining ikkita goliga hammualliflik qildi. Qayd etish joiz, «Buxoro»ga qarshi 24-tur uchrashuvida urilgan gol Artur Gevorkyanning mavsumdagi 15-goli bo`ldi. Oxir-oqibat, «Nasaf»ning oktyabr oyidagi faolligi jamoa bosh murabbiyi Ro`ziqul Berdievni oy murabbiyiga aylantirgan bo`lsa, Artur Gevorkyanni oy o`yinchisi deya tan olinishini ta`minladi.

Qayd etish joiz, Ro`ziqul Berdiev bungacha may-avgust oylari davomida to`rt marta oy murabbiyi, Artur Gevorkyan esa esa may, iyun va avgust oylarida, jami uch marta oy o`yinchisi deya topilgandi. Shunday qilib, mart-noyabr oylari – to`qqiz oy davomida o`tkaziladigan «Oyning eng yaxshi futbolchisi va murabbiyi» so`rovnomaning hozircha to`rttasida Artur Gevorkyan, beshtasida esa Ro`ziqul Berdiev o`z yo`nalishida tengsiz deb topildi.

Oktyabr oyi so`rovnomasida murabbiylar orasida kuchli beshlikdan Davron Fayziev («So`g`diyona»), Mirjalol Qosimov («Bunyodkor»), Murod Ismoilov («Paxtakor») va Hakim Fuzaylov («Lokomotiv») o`rin olgan bo`lsa, futbolchilar kuchli beshligiga Azamat Allaniyozov («Nasaf»), Ilhom Yunusov («Nasaf»), Aleksandr Pishur («Bunyodkor»), Islom To`xtaxo`jaev («Paxtakor»), Zafar Polvonov («Olmaliq») kirgan.

Ma`lumot o`rnida, mart-noyabr oylarida o`tkaziladigan Oyning eng yaxshi futbolchisi va murabbiyi tanlovilarining natijalari umumlashtirib chiqiladi va natijalardan kelib chiqib, O`zPFLning 2013 yildagi eng yaxshi futbolchisi va murabbiyi nomi aniqlanadi.

«Oyning eng yaxshi o`yinchisi» so`rovnomasi avgust oyi kuchli beshligi:
1. Artur Gevorkyan («Nasaf») – 30 ball.
2. Azamat Allaniyozov («Nasaf») – 11 ball.
3. Ilhom Yunusov («Nasaf»), Aleksandr Pishur («Bunyodkor») – 10 ball.
4. Islom To`xtaxo`jaev («Lokomotiv») – 8 ball.
5. Zafar Polvonov («Olmaliq») – 7 ball.

«Oyning eng yaxshi murabbiyi» so`rovnomasi iyul avgust kuchli beshligi:
1. Ro`ziqul Berdiev («Nasaf») – 30 ball.
2. Davron Fayziev («So`g`diyona») – 18 ball.
3. Mirjalol Qosimov («Bunyodkor») – 14 ball.
4. Murod Ismoilov («Paxtakor») – 13 ball.
5. Hakim Fuzaylov («Lokomotiv») – 8 ball.

Qo`shimcha sifatida:
- Farhod Tojiev va Mirjalol Qosimov – mart oyi laureatlari
-
Akmal Xolmatov va Mirjalol Qosimov – aprel oyi laureatlari
-
Artur Gevorkyan va Ro`ziqul Berdiev – may oyi laureatlari
-
Artur Gevorkyan va Ro`ziqul Berdiev - iyun oyi laureatlari
-
Akmal Xolmatov va Ro`ziqul Berdiev – iyul oyi laureatlari
-
Artur Gevorkyan va Ro`ziqul Berdiev - avgust oyi laureatlari
-
Aleksandr Pishur va Amet Memet – sentyabr oyi laureatlari

cola
apex
mib
mib
mib
mib