Toshkentning «Lokomotiv» va Farg`onaning «Neftchi» jamoalari o`rtasidagi uchrashuv Oliy Liga 23-tur bahslarini yakunlab berdi. Toshkentdagi «Lokomotiv» stadionida 24 oktyabr kuni o`tkazilgan uchrashuvda maydon egalari 3:1 hisobida g`alaba qozonishdi.
Stadionga tashrif buyurgan mingdan ortiq tomoshabin uchrashuvda kiritilgan to`rtta golning barchasiga ikkinchi bo`limda guvoh bo`lishdi. Dastlab, ikkinchi bo`limning qandaydir o`n daqiqasi oralig`ida «Lokomotiv» uchta gol urdi – 58-daqiqada Ivan Nagaev hisobni ochdi, 63-daqiqa Aleksandr Shadrin muvaffaqiyatni mustahkamladi, 68-daqiqada esa Islom To`xtaxo`jaev jamoasining uchinchi goliga mualliflik qildi.
Uchrashuv nazoratchisi tomonidan o`yinning «Neftchi» tarkibidagi eng yaxshi o`yinchisi deb topilgan hujumchi Nosir Otaqo`ziev esa 73-daqiqida jamoasining yagona javob goliga mualliflik qildi.
Ushbu g`alabadan so`ng ochkolari sonini 51taga etkazib olgan «Lokomotiv» musobaqa jadvalida yana ikkinchi o`ringa ko`tarilib oldi – 23-tur doirasida 23 oktyabr kuni o`tkazilgan uchrashuvlardan so`ng 2-o`ringa «Nasaf»ga ko`tarilib olgan edi. «Lokomotiv» ham, «Nasaf» ham musobaqada peshqadamlik qilayotgan «Bunyodkor»dan to`rt ochkoga ortda qolmoqda – Toshkent klubi musobaqa yakunlanishiga uch tur qolganida 55 ochko to`plagan.
Oliy Liga, 23-tur uchrashuvi
24 oktyabr, payshanba
«Lokomotiv» (Toshkent) – «Neftchi» (Farg`ona) – 3:1. 1101 tomoshabin.
Hakamlar: H. Ro`ziev (Toshkent), F. Hasanov (Namangan), V. Lushin (Guliston), D. Karimov (Toshkent)
Nazoratchi: A. Arutyunov (Toshkent).
Komissar: N. Lutfulin.
«Lokomotiv»: 12. Temur G`aniev, 4. Boburbek Yo`ldoshev, 6. Dilshod Rahmatullaev (11.A. Shadrin 56), 8. Akmal Xolmatov, 16. Jasur Hasanov, 17. Salim Mustafoev, 19. Islom Inomov (S), 20. Islom To`xtaxo`jaev, 23. Ivan Nagaev (33.I.Aliboev 73), 29. Viktor Karpenko (30.D.Jabborov 45), 99. Aleksandr Onika.
Zaxirada qolganlar: 31.A. Parvanov 3.E. Gogol, 15.S. Usmonxujaev 55.I. Suyunov.
«Neftchi»: 51. G`ayrat Hasanov, 3. Shukurali Po`latov, 5. Iqbol Boboxonov, 6. Baxtiyor Yoqubov (71.M.Kamolov 51), 11. Otabek Isroilov (19.Sh.Xakimov 59), 22. Iqbol Akromov (30.O.Zokirov 72) 27. G`ayrat Jumaev, 47. G`ulom O`runov, 49. Pavel Smolyachenko, 50. Nosir Otaqo`ziev, 52. Vyacheslav Ponamaryov
Zaxirada qolganlar: 42. X.Chilmatov, 25.U.Qodirov, 26.D.Tursunzoda, 43.A.Toirov.
Gollar: I. Nagaev (58), A. Shadrin (63), I. To`xtaxo`jaev (68) – N. Otaqo`ziev (73).
Ogohlantirishlar: D. Rahmatullaev (51), I. Aliboev (88) – G`. O`runov (36), G`. Jumaev (57), N. Otaqo`ziev (84).
Eng yaxshi o`yinchilar: I. Nagaev – N. Otaqo`ziev.
Uchrashuvdan so`ng
Ravshan Muqimov, «Lokomotiv» sport direktori: «G`alabadan xursandmiz. Terma jamoalar o`yinlari tufayli vujudga kelgan tanaffusdan unumli foydalandik. Zaxira o`rindig`imiz jarohatlar tufayli judayam tor».
Amet Mamet, «Neftchi» maslahatchi murabbiyi: «Birinchi taymda raqibga imkon bermadik. «Lokomotiv» ikkinchi bo`limda xujumni kuchaytirdi. Raqib tarkibida kuchli futbolchilar yig`ilgan. Ivan Nagaev bekorga terma jamoa futbolchisi emasligini isbotladi. Biz bugun ko`proq yoshlarga imkon berdik. Chunki ular bizning kelajagimiz».