Aleksandr Pishur va Amet Memet – sentyabr oyi laureatlari!

07.10.2013

Aleksandr Pishur va Amet Memet – sentyabr oyi laureatlari!

O`zbekiston chempionatining sentyabr oyidagi eng yaxshi o`yinchisi va murabbiyini aniqlash bo`yicha jurnalistlar o`rtasida o`tkazilgan so`rovnomada «Bunyodkor» ukrainalik hujumchisi Aleksandr Pishur va «Neftchi» maslahatchi murabbiyi Amet Memet g`olib chiqdi.

O`zbekiston chempionatining avguvst oyidagi eng yaxshi futbolchisi va murabbiyini aniqlash bo`yicha OAV xodimlari, jurnalistlar o`rtasida o`tkazilgan so`rovnoma 1-6 oktyabr kunlari bo`lib o`tdi. So`rovnomada jurnalistlar 12 nafar murabbiy va 14 nafar futbolchini g`oliblikka da`vogar sifatida ko`rsatishdi.

Murabbiy o`rtasidagi kurashda «Neftchi» maslahatchi murabbiyi Amet Memet, «Dinamo» ustozi Ravshan Haydarovni ikki ballga ortda qoldirib, sentyabr oyining eng yaxshi murabbiyi deb topildi. Ushbu mutaxassis qo`l ostida «Neftchi» sentyabr oyida uchta o`yin o`tkazdi va barchasida g`alaba qozondi. Jumladan, jamoa o`z maydonida «Olmaliq»ni 4:0, «Qizilqum»ni 2:0 hisobida mag`lub etgan bo`lsa, safarda «Guliston» ustidan 3:0 hisobida zafar quchdi. Jamoa barcha uchrashuvlarda o`z darvozasi dahlsizligini saqlab qola bildi.

Futbolchilar orasida esa «Bunyodkor» hujumchisi Aleksandr Pishur sentyabr oyining eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Sentyabr oyi davomida uchta o`yinda jami uchta gol urgan «Neftchi» hujumchisi Nosirbek Otaqo`ziev undan 5 ball kam jamg`ardi. Qayd etish joiz, Pishur bungacha mart va aprel oylari so`rovnomasida ikkinchi, may va avgust oyi so`rovnomalarida uchinchi, iyun oyi so`rovnomasida esa to`rtinchi bo`lgan edi.

Sentyabr oyi davomida «Bunyodkor» Oliy Liga doirasida uchta o`yin o`tkazdi. 19-turda o`z maydonida «Navbahor»ni 5:0 hisobida mag`lubiyatga uchratgan bo`lsa, 18-turda «Sho`rtan», 20-turda esa «Buxoro» bilan safarda 0:0 hisobida durang o`ynadi. Biroq Pishur o`zini Oliy Liga o`yinlarida emas, balki 25 sentyabr kuni bo`lib o`tgan O`zbekiston Kubogi finalida ko`rsatdi. Uning «Nasaf» darvozasiga yo`llagan ikki goli «Bunyodkor»ga ketma-ket ikkinchi, jamoa tarixidagi to`rtinchi kubokni keltirdi.

Ma`lumot o`rnida, mart-noyabr oylarida o`tkaziladigan Oyning eng yaxshi futbolchisi va murabbiyi tanlovilarining natijalari umumlashtirib chiqiladi va natijalardan kelib chiqib, O`zPFLning 2013 yildagi eng yaxshi futbolchisi va murabbiyi nomi aniqlanadi.

«Oyning eng yaxshi o`yinchisi» so`rovnomasi sentyabr oyi kuchli beshligi:
1. Aleksandr Pishur («Bunyodkor») – 20 ball.
2. Nosir Otaqo`ziev («Neftchi») – 15 ball.
3. Shahzodbek Nurmatov («Metallurg») – 14 ball.
4. Ilhom Yunusov («Nasaf») – 7 ball.
5. Andrey Melnichuk («Dinamo»), Farrux Shotursunov («Dinamo») – 6 ball.

«Oyning eng yaxshi murabbiyi» so`rovnomasi sentyabr oyi kuchli beshligi:
1. Amet Memet («Neftchi») – 21 ball.
2. Ravshan Haydarov («Dinamo») – 19 ball.
3. Murod Ismoilov («Paxtakor») – 11 ball.
4. Mirjalol Qosimov («Bunyodkor») – 10 ball.
5. Ro`ziqul Berdiev («Nasaf») – 6 ball.

Qo`shimcha sifatida:
- Farhod Tojiev va Mirjalol Qosimov – mart oyi laureatlari
- Akmal Xolmatov va Mirjalol Qosimov – aprel oyi laureatlari
- Artur Gevorkyan va Ro`ziqul Berdiev – may oyi laureatlari
- Artur Gevorkyan va Ro`ziqul Berdiev - iyun oyi laureatlari
- Akmal Xolmatov va Ro`ziqul Berdiev – iyul oyi laureatlari
- Artur Gevorkyan va Ro`ziqul Berdiev - avgust oyi laureatlari
 

cola
apex
mib
mib
mib
mib