Mirjalol Qosimov: «Kubokni o`zimizda saqlab qolganimizdan xursandman»

25.09.2013

Mirjalol Qosimov: «Kubokni o`zimizda saqlab qolganimizdan xursandman»

Osiyo Chempionlar Ligasi guruh bosqichi yo`llanmasi qo`lga kiritib bo`linganiga qaramay, «Bunyodkor» Oliy Ligada bosh sovrin uchun kurashni to`xtatmaydi. Bu haqda jamoa bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov 2013 yilgi O`zbekiston Kubogi final uchrashuvidan so`ng aytib o`tdi.

25 sentyabr, chorshanba kuni Toshkentdagi «Paxtakor» markaziy stadionida Qarshining «Nasaf» va Toshkentning «Bunyodkor» jamoalari o`rtasida 2013 yilgi O`zbekiston Kubogi final uchrashuvi bo`lib o`tdi. Qiziqarli kechgan bahs 2:1 hisobida «Bunyodkor» g`alabasi bilan yakuniga etdi. Shunday qilib, Toshkent klubi o`z tarixidagi to`rtinchi Kubokni qo`lga kiritdi.

«Qiziqarli va og`ir kechgan bugungi o`yin Kubok finaliga mos va xos o`yin bo`ldi, deb o`ylayman. «Nasaf» o`z tarixidagi to`rtinchi final o`yiniga kuchli tayyorgarlik ko`rgani ko`rinib turgandi. «Bunyodkor» biroz hayajonlandi, shunga qaramay, yaxshi harakat qildi. Final biz uchun qiyin kechganiga qaramay, Kubokni o`zimizda saqlab qolganimizdan xursandman», - dedi «Bunyodkor» bosh murabbiyi.

«Oldinda bizni milliy chempionat o`yinlari kutib turibdi. Umid qilamanki, Kubokdagi muvaffaqiyat yigitlar ruhiyatiga ijobiy ta`sir qilib, ularni yangi g`alabalar sari etaklaydi. «Bunyodkor» bugungi g`alabadan so`ng asosiy vazifalaridan biri – Osiyo Chempionlar Ligasi guruh bosqichi yo`llanmasini qo`lga kiritishni uddalab bo`ldi. Biroq hali kurash to`xtagani yo`q, biz esa hech bir o`yinda shunchaki charchash uchun maydonga chiqmaymiz», - dedi «Bunyodkor» ustozi.

«Zaxiradan maydonga tushayotgan o`yinchi o`yinni kuchaytirishi kerak. Marko Blajich ham, Alibobo Rahmatullaev ham yomon harakat qilgani yo`q, deb o`ylayman. Zaxira o`yinchilari tushganidan keyin «Bunyodkor» o`yini sifati pasaymadi. Agar pasayganida edi, ular jiddiy xato qilishganida edi, bu mening xatoim bo`lardi», - deya qo`shimcha qildi Mirjalol Qosimov. 

cola
apex
mib
mib
mib
mib