Toshkentning «Bunyodkor» klubi o`z tarixida to`rtinchi marta O`zbekiston Kubogi sohibiga aylandi.
25 sentyabr, chorshanba kuni Toshkentdagi «Paxtakor» markaziy stadionida Qarshining «Nasaf» va Toshkentning «Bunyodkor» jamoalari o`rtasida 2013 yilgi O`zbekiston Kubogi final uchrashuvi bo`lib o`tdi. Tengkurashlar ostida o`tgan qiziqarli bahs 2:1 hisobida «Bunyodkor» foydasiga hal bo`ldi.
Qarshining «Nasaf» jamoasi bungacha uch marta O`zbekiston Kubogi final uchrashuvlarida ishtirok etgan, biroq har safar maydonni boshi egik holda tark etgan edi. Jumladan, qarshiliklar 2003 va 2011 yilgi finallarda Toshkentning «Paxtakor» jamoasiga imkoniyatni boy berishgan bo`lsa, 2012 yilgi finalda aynan «Bunyodkor» «Nasaf» ustidan 3:0 hisobida g`alaba qozongan edi.
Qayd etish joiz, 2012 yilgi Kubokdagi g`alabagacha «Bunyodkor» 2008 va 2010 yilgi musobaqalarda ham g`oliblikni qo`lga kiritgan edi. Dastlab, Toshkentning «Paxtakor» jamoasi qo`shimcha vaqtlarda taslim etilgan bo`lsa, oradan ikki yil o`tib yagona gol «Sho`rtan»ni mag`lub etish uchun etarli bo`lgan edi. 2013 yilgi Kubok esa «Bunyodkor» sovrinlar muzeyidagi to`rtinchi kubokka aylandi.
Ta`kidlash joiz, har ikkala jamoa ham uchrashuvni hujumkor va ishonch bilan boshladi. Biroq bu hujumkorlik va ishonch birinchi bo`limda hisobni ochish uchun etarli bo`lmadi, garchi, bo`lim o`rtalarida «Nasaf» yarim himoyachisi Farrux Sayfiev tomonidan «Bunyodkor» darvozaboni Murod Zuhurov qo`riqlayotgan darvoza ustunini nishonga olganini va bunga javoban «Bunyodkor» yarim himoyachisi Lutfulla To`raev havodan kelayotgan to`pni to`xtatmasdan «Nasaf» darvozasiga yo`llaganiyu, uni «Nasaf» posboni Eldorbek Suyunov mahorat ko`rsatib qaytarganini qayd etish mumkin bo`lsa-da.
Ikkinchi bo`limda esa stadionga yig`ilgan 5 mingdan ortiq muxlis uchta gol guvohiga aylanishdi. Dastlab, bosh hakam Ravshan Ermatovning ikkinchi bo`lim boshlangani haqidagi hushtagidan olti daqiqa o`tib, burchakdan uzatilgan to`pni «Bunyodkor»ning ukrainalik hujumchisi Aleksandr Pishur boshi bilan «Nasaf» darvozasiga to`g`rilab qo`yib, hisobni ochdi.
Oradan 11 daqiqa o`tib «Paxtakor» stadioni larzaga keldi. O`tkazib yuborilgan goldan so`ng maydonda tashabbusni o`z qo`liga olgan Ro`ziqul Berdiev shogirdlari 63-daqiqada hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo`lishdi. Chap qanotda to`pni egallab Ilhom Yunusov markaz tomon harakatlanib, 23-25 metrlardan Murod Zuhurov darvozasini aniq nishonga oldi. Ushbu goldan so`ng «Nasaf» hisobni oshirish imkoniga ham ega bo`ldi, biroq yuzaga kelgan imkoniyatlardan foydalana olmadi.
O`yin taqdiri so`nggi daqiqalarda hal bo`ldi. 85-daqiqada «Bunyodkor» chap qanotdan hujum tashkil etdi. «Nasaf» jarima maydonchasiga yorib kirgan Jasur Hasanov to`pni markazga erlatib uzatdi. «Nasaf» himoyachilari ortidan chiqib kelgan Aleksandr Pishur esa dublni rasmiylashtirib, jamoasining O`zbekiston Kubogini o`zida saqlab qolishiga ulkan hissa qo`shdi. Bu Pishurning 2013 yilgi O`zbekiston Kubogi bahslaridagi beshinchi goli bo`ldi.
Uchrashuv yakuniga etganidan so`ng, 2013 yilgi O`zbekiston Kubogi g`olibini taqdirlash marosimi bo`lib o`tdi. Unda «Bunyodkor» futbol klubi bosh sovrinni O`zbekiston Futbol Federatsiyasi Prezidenti Mirabror Usmonov, O`zbekiston Professional Futbol Ligasi bosh direktori Farhod Magametov va O`zbekiston Futbol Federatsiyasi vitse-prezidenti Sardor Rahmatullaevdan qabul qilib oldi.
O`zbekiston Kubogi-2013, final
25 sentyabr, chorshanba
«Nasaf» (Qarshi) – «Bunyodkor» (Toshkent) 1:2 (0:0). 5228 tomoshabin.
Hakamlar: R. Ermatov (Toshkent), A. Rasulov (Toshkent), J. Saidov (Toshkent), H. Ro`ziev (Toshkent).
Nazoratchi: A. Abdullaev (Toshkent).
«Nasaf»: 25. E. Suyunov, 5. B. Qoraev, 9. I. Shomurodov, 14. L. Ubaydullaev (28. Sh. Muhammadiev, 59), 17. A. Gevorkyan, 20. E. Boydullaev, 23. Sh. A`zamov, 27. I. Yunusov, 32. H. Karimov, 34. F. Sayfiev, 41. A. Allaniyozov (15. Z. Abdullaev, 90).
Zaxirada qolganlar: 1. M. Naumov, 3. R. Berdimurodov, 29. U. Dadaboev, 77. S. Ne`matov, 88. S. Shodmonov.
«Bunyodkor»: 25. M. Zuhurov, 2. A. Shorahmedov, 4. X. Karimov, 6. A. G`ofurov, 8. J. Ibrohimov, 9. I. Taran (7. M. Blajich, 67), 11. A. Pishur, 13. L. To`raev (5. D. Jo`raev, 86), 16. A. Filiposyan, 19. J. Hasanov, 21. S. Rashidov (14. A. Rahmatullaev, 77).
Zaxirada qolganlar: 45. A. To`raev, 23. S. Jo`raev, 29. A. Berdiev, 33. O. Zoteev.
Gollar: I. Yunusov (63) – A. Pishur (52, 85).
Ogohlantirishlar: I. Yunusov (54), H. Karimov (57) – A. G`ofurov (38), J. Ibrohimov (49), X. Karimov (65).