Toshkentning «Bunyodkor» klubi O`zbekiston Kubogi finalida o`yin asosiy vaqtida g`alaba qozonishga harakat qiladi. Bu haqda jamoa bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov final arafasida tashkil etilgan matbuot anjumanida ma`lum qildi.
25 sentyabr, chorshanba kuni Toshkentdagi «Paxtakor» markaziy stadionida 2013 yilgi O`zbekiston Kubogi final uchrashuvi bo`lib o`tadi. Qur`a natijasiga ko`ra, ketma-ket uchinchi yil O`zbekiston Kubogi finaliga yo`llanma olgan «Nasaf» final mezboni hisoblanadi. «Bunyodkor» esa o`z tarixidagi to`rtinchi kubok yo`lida maydonga tushadi.
«Kubok sohibi Osiyo Chempionlar ligasida guruh bosqichida ishtirok etish huquqini qo`lga kiritadi. Shunday ekan, bizni qiziqarli, jangovar o`yin kutib turibdi», - dedi Mirjalol Qosimov.
«Bunyodkor» tashkil etilganidan beri sovrinlar uchun kurashadi, sovrinli o`rinlarni qo`lga kiritib keladi. Bo`lajak final o`yinida ham faqat g`alaba uchun maydonga tushamiz. Undagi muvaffaqiyat jamoaning kelasi mavsumdagi rejalari uchun ijobiy dalda bo`lishi mumkin», - dedi Qosimov.
«Nasaf»ning «Lokomotiv» va «Paxtakor»ga qarshi o`yinlarini kuzatdik. Aytishim mumkinki, Artur Gevorkyan «Paxtakor»ga qarshi kubok o`yinida ancha kuchli o`yin ko`rsatgan edi va, fikrimcha, u bundan ham kuchli o`yin ko`rsata oladi. Final o`yinida biz Artur Gevorkyanni qurolsizlantirishga harakat qilamiz. Umuman, chempionatning hozirgi vaqtda o`yini eng yaxshi shakllangan jamoasi bo`lib turgan «Nasaf» ertangi o`yinda faqat g`alaba uchun kurashishi aniq», - deya qo`shimcha qildi «Bunyodkor» ustozi.
«Darvozabonimiz Nesterovdan boshqa barcha futbolchilar final o`yiniga tayyor, hech kimda jarohatlar yo`q. Yaxshi niyat – yarim davlat, deydilar. Sovrin taqdirini imkon qadar 90 daqiqa ichida hal qilishga intilamiz, biroq, mobodo masala penaltilar seriyasigacha etib boradigan bo`lsa, bunga ham tayyormiz – mashg`ulotlarda penaltilar ustida ham ishlayapmiz», - dedi «Bunyodkor» bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov.