13 sentyabr kuni Oliy Liga 18-tur bahslariga start berildi. Turning markaziy uchrashuvida Toshkentning «Lokomotiv» klubi Qarshining «Nasaf» klubini qabul qilib, 2:0 hisobida g`alaba qozondi.
O`yinning dastlabki bo`limida hisob ochilmadi. Ikkinchi bo`limning 63-daqiqasida mezbonlar himoyachisi Evgeniy Gogol burchakdan uzatib berilgan to`pni «Nasaf» darvozasiga aniq yo`llab hisobni ochdi. 83-daqiqada esa, zahiradan maydonga tushgan «temiryo`lchilar» hujumchisi Ivan Nagaevning uzoq masofadan yo`llagan aniq zarbasidan so`ng hisob 2:0 ko`rinishiga keldi. O`yinning qolgan daqiqalarida jamoalar darvozani nishonga ola bilmadilar va shu tariqa turning markaziy bahsi «Lokomotiv»ning g`alabasi bilan yakunlandi.
Muhim uch ochkoni qo`lga kiritgan toshkentliklar turnir jadvali peshqadamiga aylanishdi. Chempionat hisoblangan «Bunyodkor» 14 sentyabr kuni safarda «Sho`rtan»ni mag`lubiyatga uchrata olsa, yana turnir jadvali peshqadamiga aylanadi.
18-turning qolgan o`yinlari 14 sentyabr kuni bo`lib o`tadi.
Oliy Liga, 18-tur uchrashuvi
13 sentyabr, juma
«Lokomotiv» (Toshkent) – «Nasaf» (Qarshi) – 2:0. 5125 tomoshabin.
Hakamlar: H. Ro`ziev (Toshkent), R. Serazetdinov (Toshkent), A. Usmonov (Toshkent), A. Ergashev (Toshkent)
Nazoratchi: I. Nexochin (Namangan).
«Lokomotiv»: 12. Temur G`aniev, 3. Evgeniy Gogol, 7. Sadriddin Abdullaev, 8. Akmal Xolmatov (Jasur Hasanov, 55), 11. Aleksandr Shadrin, 17. Salim Mustafoev, 19. Islom Inomov (Ilhom Suyunov, 15), 20. Islom To`xtaxo`jaev, 29. Viktor Karpenko, 30. Dilshod Jabborov, 99. Aleksandr Onika (Ivan Nagaev, 57).
Zaxirada qolganlar: Artur Parvanov, Dilshod Rahmatullaev, Sobir Usmonxo`jaev, Quvondiq Ro`ziev.
«Nasaf»: 25. Eldorbek Suyunov, 4. Maqsud Karimov, 5. Botir Qoraev, 9. Ilhom Shomurodov (77. Suhrob Ne`matov, 57), 14.Laziz Ubaydullaev, 17. Artur Gevorkyan, 20. Erkin Boydullaev, 27. Ilhom Yunusov, 32. Hamza Karimov (23. Sherzod A`zamov, 81), 34. Farrux Sayfiev (29.Ulug`bek Dadaboev, 87), 41. Azamat Allaniyozov.
Zaxirada qolganlar: Mixail Naumov, Rahmatullo Berdimurodov, Zohid Abdullaev, Samandar Shodmonov.
Gollar: E. Gogol (61), I. Nagaev (84).
4-daqiqada A. Xolmatov («Lokomoiv») penaltidan foydalana olmadi.
Ogohlantirishlar: A. Onika (22), A. Xolmatov (52), T. G`aniev (65) – H. Karimov (4).
Eng yaxshi o`yinchilar: V. Karpenko – A. Gevorkyan.
Uchrashuvdan so`ng
Hakim Fuzaylov, «Lokomotiv» katta murabbiyi: « G`alabadan xursandman. O`yin murosasiz kechdi, ammo bizga omad kulib boqdi. Chunki darvozamiz oldida bir qator xavfli vaziyatlar yuzaga keldi. Asosiy raqibdan uch ochko olish yoqimli. Bu g`alaba bizning chempionlik poygasidagi imkoniyatimizni yaxshiladi».
Ro`ziqul Berdiev, «Nasaf» bosh murabbiyi: «Maydonda ikkita etakchi jamoa o`ynadi. Ikkala jamoaning ham maqsadi o`yin shiddatidan ko`rinib turdi. Jamoamizda jarohat olgan Gadoev va Muxammadievlarning o`rni bilindi. Qolaversa, Shomurodov ham jarohat olib maydonni tark etdi. U jamoamizning asosiy o`yinchilaridan biri».
Xabar «Lokomotiv» FK matbuot xizmati yordamida tayyorlandi.