Artur Gevorkyan va Ro`ziqul Berdiev – avgust oyi laureatlari!

08.09.2013

Artur Gevorkyan va Ro`ziqul Berdiev – avgust oyi laureatlari!

O`zbekiston Chempionatining avgust oyidagi eng yaxshi o`yinchisi va murabbiyini aniqlash bo`yicha o`tkazilgan so`rovnomada «Nasaf» vakillari – turkmanistonlik yarim himoyachi Artur Gevorkyan va jamoa bosh murabbiyi Ro`ziqul Berdiev g`olib chiqdi.

O`zbekiston chempionatining avgust oyidagi eng yaxshi futbolchisi va murabbiyini aniqlash bo`yicha OAV xodimlari, jurnalistlar o`rtasida 2 sentyabr, dushanba kuni boshlangan so`rovnoma 7 sentyabr, shanba kuni yakuniga etdi. So`rovnoma natijalariga ko`ra, jurnalistlar jami 12 nafar murabbiy va 17 nafar futbolchiga ovoz berishdi.

Avgust oyi davomida Qarshining «Nasaf» jamoasi Oliy Liga bahslari doirasida to`rtta o`yin o`tkazdi, shuningdek, O`zbekiston Kubogi yarim finali javob uchrashuvi doirasida o`z maydonida «Paxtakor»ni qabul qildi. E`tiborli tomoni, ushbu uchrashuvlarning barchasida Ro`ziqul Berdiev shogirdlarining qo`li baland keldi. O`tkazilgan beshta o`yinda «Nasaf» raqiblari darvozasiga jami 13ta gol urib, o`z darvozasidan to`rtta to`p olib chiqdi. Ushbu g`alabalar samarasi o`laroq, Ro`ziqul Berdiev jamoasi ketma-ket uchinchi mavsum O`zbekiston Kubogi finaliga yo`l oldi, shuningdek, Oliy Liga musobaqa jadvalida «Bunyodkor» bilan birga qo`shpeshqadamlikni yuzaga keltirdi.

E`tiborli tomoni, o`tkazilgan beshta o`yinning barchasida «Nasaf» etakchisi Artur Gevorkyan o`yinlarning haqiqiy qahramoniga aylandi. Jumladan, Oliy Liga doirasidagi «Guliston» (3:1) va «So`g`diyona»ga (4:2) qarshi o`yinlarda Gevorkyan jami 3ta gol urdi; «Qizilqum» (0:1) va «Dinamo»ga (1:3) qarshi safar o`yinlarida esa jamoasining barcha gollariga hammualliflik qildi. Shuningdek, O`zbekiston Kubogi yarim final javob o`yini doirasida «Paxtakor»ga qarshi kechgan murakkab bahsda aynan Gevorkyan tomonidan aniq amalga oshirilgan ikki penalti «Nasaf»ga muvaffaqiyat keltirdi. Shunday qilib, Gevorkyan avgust oyi davomida jamoasining 13 golidan 5tasiga mualliflik qilib, yana shuncha goliga hammualliflik qildi.

Oy murabbiyi va futbolchisini aniqlash bo`yicha o`tkazilgan so`rovnomada Ro`ziqul Berdiev ham, Artur Gevorkyan o`z raqobatchilarini katta farq bilan ortda qoldirishga muvaffaq bo`ldi – «Nasaf» ustozi so`rovnomada ikkinchi bo`lgan «Olmaliq» bosh murabbiyi Igor Shkvirindan 9 ballga o`zib ketgan bo`lsa, avgust oyida «Olmaliq» jamoasi qahramonlaridan biri bo`lgan hujumchi Zafar Polvonov Gevorkyandan naq 13 ball kam to`pladi. E`tiborli tomoni, «Nasaf» bosh murabbiyi ketma-ket to`rtinchi marotaba «Oy murabbiyi» deb topilmoqda, Artur Gevorkyan esa bungacha may va iyun oylarida tengsiz deb topilgandi.

Ma`lumot o`rnida, mart-noyabr oylarida o`tkaziladigan Oyning eng yaxshi futbolchisi va murabbiyi tanlovilarining natijalari umumlashtirib chiqiladi va natijalardan kelib chiqib, O`zPFLning 2013 yildagi eng yaxshi futbolchisi va murabbiyi nomi aniqlanadi.

«Oyning eng yaxshi o`yinchisi» so`rovnomasi avgust oyi kuchli beshligi:
1. Artur Gevorkyan («Nasaf») – 32 ball.
2. Zafar Polvonov («Olmaliq») – 19 ball.
3. Aleksandr Pishur («Bunyodkor») – 14 ball.
4. Ilhom Yunusov («Nasaf») – 13 ball.
5. Jamshid Iskanderov («Paxtakor») – 8 ball.

«Oyning eng yaxshi murabbiyi» so`rovnomasi iyul avgust kuchli beshligi:
1. Ro`ziqul Berdiev («Nasaf») – 35 ball.
2. Igor Shkvirin («Olmaliq») – 26 ball.
3. Mirjalol Qosimov («Bunyodkor») – 22 ball.
4. Amet Memet («Neftchi») – 10 ball.
5. Murod Ismoilov («Paxtakor») – 7 ball.

Qo`shimcha sifatida:
- Farhod Tojiev va Mirjalol Qosimov – mart oyi laureatlari
-
Akmal Xolmatov va Mirjalol Qosimov – aprel oyi laureatlari
-
Artur Gevorkyan va Ro`ziqul Berdiev – may oyi laureatlari
-
Artur Gevorkyan va Ro`ziqul Berdiev - iyun oyi laureatlari
-
Akmal Xolmatov va Ro`ziqul Berdiev – iyul oyi laureatlari

cola
apex
mib
mib
mib
mib