Oliy Liga, 17-tur: «Paxtakor» Gulistonda irodali g`alabaga erishdi

26.08.2013

Oliy Liga, 17-tur: «Paxtakor» Gulistonda irodali g`alabaga erishdi

«Paxtakor» ikki to`p farqi bilan ortda qola turib, oxir-oqibat g`alaba qozonishga muvaffaq bo`ldi.

26 avgust, dushanba kuni Oliy Liga 17-tur uchrashuvlari doirasida Gulistonda mahalliy «Guliston» va Toshkentning «Paxtakor» jamoalari o`rtasidagi bahs bo`lib o`tdi. Qiziqarli va gollarga boy o`tgan o`yin 3:2 hisobida toshkentlik futbolchilar foydasiga hal bo`ldi.

Uchrashuvning birinchi bo`limida «Guliston» raqibiga hech qanday imkoniyat qoldirmadi va «Paxtakor» darvozasiga javobsiz ikkita gol urdi. Dastlab, 10-daqiqada Rabbim Hasanov hisobni ochgan bo`lsa, oradan 13 daqiqa o`tib gulistonliklar hujumchisi Mo`ydin Mamazulumov penaltidan hisobdagi farqni oshirdi. Biroq, taym oxirida Akbar Sattaev ikkinchi sariq kartochkani olib, maydonni erta tark etishga majbur bo`ldi.

Ikkinchi bo`limda, maydonda bir kishi ko`p bo`lib qolgan «Paxtakor» tashabbusni o`z qo`liga olib, hisobdagi ustunlikni ham o`z tomoniga og`dirishga muvaffaq bo`ldi. 63-daqiqada Dilshod Sharofutdinovning goli hisobni qisqartirgan bo`lsa, 74-daqiqada hujumchi Anvar Soliev tomonidan kiritilgan gol muvozanatni tikladi. O`yin asosiy vaqti yakunlanishiga 10 daqiqa qolganida esa Vladimir Kozak tomonidan kiritilgan gol «Paxtakor»ga qiyin va lekin muhim g`alabani keltirdi.

Oliy Liga 18-turida «Paxtakor» o`z maydonida Zarafshonning «Qizilqum» klubini qabul qiladi, «Guliston» esa Bekobodda «Metallurg» mehmoni bo`ladi. Har ikkala o`yin 14 sentyabr, shanba kuni o`tkaziladi.

Oliy Liga, 17-tur uchrashuvi
26 avgust, dushanba
«Guliston» (Guliston) – «Paxtakor» (Toshkent) – 2:3. 7651 tomoshabin.
Hakamlar:
A. Asimov (Toshkent), B. Norsafarov (Qarshi), T. Gaynulin (Toshkent), N. Boltaev (Navoiy)
Nazoratchi: A. Popov (Toshkent).
Komissar: A. Xudoydotov.
Gollar: R. Hasanov (10), M. Mamazulunov (23, penalti) – D. Sharofutdinov (63), A. Soliev (74), V. Kozak (80).
Ogohlantirishlar: A. Sattaev (11), R. Hasanov (45+2), S. Jo`raev (63), A. Shog`ulomov (90+2) – O. Qilichev (45+1), J. Oganesyan (45+2), D. Hoshimov (70), A. Maxstaliev (77), V. Kozak (84).
Chetlatish: A. Sattaev (ikkinchi ogohlantirish, 42).
Eng yaxshi o`yinchilar: M. Mamazulunov – D. Sharofutdinov.

 

cola
apex
mib
mib
mib
mib