Oliy Liga, 17-tur: «Navbahor» va «Dinamo» o`zaro durang o`ynadi

25.08.2013

Oliy Liga, 17-tur: «Navbahor» va «Dinamo» o`zaro durang o`ynadi

O`zbekiston Oliy Ligasi 17-tur uchrashuvlari start oldi.

Turni Namanganning «Navbahor» va Samarqandning «Dinamo» jamoalari o`rtasidagi o`yin ochib berdi. Kosonsoyda kechgan bahs 1:1 hisobidagi durang natija bilan yakuniga etdi.

Urashuvda hisob 7-daqiqada, «Navbahor» sardori Leonid Koshelev tomonidan ochildi. Biroq namanganlik futbolchilar o`tgan turda «Sho`rtan» ustidan erishilgan g`alabadan so`ng, g`alabali seriyani ikki o`yinga etkazib imkonini qo`ldan chiqarishdi. Uchrashuvning 71-daqiqasida «Dinamo»ning tezkor vakillaridan biri Azamat Bobojonov «Navbahor» darvozaboni Pavel Leusni dog`da qoldirib, jamoasiga bir ochko taqdim etgan gol muallifiga aylandi.

Qayd etish joiz, «Navbahor» o`z maydonida o`tgan bundan avvalgi o`yinda – «Neftchi»ga qarshi bahsda ham 1:1 hisobida durang o`ynagan edi. E`tiborli tomoni, Ravshan Haydarov qo`l ostidagi «Dinamo» ketma-ket uchinchi safar o`yinida 1:1 hisobida durang natija qayd etmoqda. Bungacha samarqandliklar «Qizilqum» va «Sho`rtan»ga mehmon borishganida ham bir gol o`tkazib yuborib, raqib darvozasiga faqat bir gol urishga muvaffaq bo`lishgan edi.

Oliy Liga 18-tur uchrashuvlari 13-14 sentyabr kunlari o`tkaziladi. «Dinamo» tur doirasida o`z maydonida Jizzaxning «So`g`diyona» jamoasini qabul qiladi, «Navbahor» esa «Buxoro»ni mehmon qiladi. Har ikkala o`yin ham 14 sentyabr, shanba kuni o`tkaziladi.

Oliy Liga, 17-tur uchrashuvi
25 avgust, yakshanba
«Navbahor» (Toshkent) – «Dinamo» (Samarqand) 1:1. 1483 tomoshabin.
Hakamlar:
V. Tseytlin (Toshkent), R. Serazetdinov (Toshkent), A. Usmonov (Toshkent), T. To`xtasinov (Andijon)
Nazoratchi: G`. Karimov (Toshkent).
«Navbahor»: 78. Pavel Leus, 6. Leonid Koshelev, 10. Akram Bahriddinov (9. Ilhom Boydedaev, 73), 13. Temur Sultonov, 20. G`ayrat Jo`raev, 26. Qahramon Muhammadjonov (8. Azim Ahmedov, 46), 31. Rustam A`zamov, 32. Jahongir Mehmonov, 45. Aleksandr Lupashko (22. Ro`zimboy Ahmedov, 58), 47. Temur Yafarov, 99. Ayubxon Gapparov.
Zaxirada qolganlar: 12. Islom Jo`raev, 17. Sohib Abdullaev, 21. A`zam Aliev, 44. Oyatullo Muhiddinov.
«Dinamo»: 1. Igor Mixaylov, 4. Oybek Nurboev, 6. Akmal Bozorov, 10. To`lqin Mirzaev (17. Abdulla Nabiev, 58), 12. San`at Shixov, 16. Akmal Xolmurodov, 18. Siroj Sayfiev, 21. Azamat Bobojonov (48. Ildar Mamatkazin, 86), 26. Komil Sharofiddinov (40. Ildar Magdeev, 46), 55. Avaz Agaliev, 72. Alisher Samatov.
Zaxirada qolganlar: 30. Umid Nizomov, 22. Firdavs Abdusalimov, 70. Farruh Shotursunov, 77. Omad Toyloqov.
Gollar: L.Koshelev (7) – A.Bobojonov (75).
Ogohlantirishlar: Q.Muhammadjonov (31), R. A`zamov (36), A.Ahmedov (49) – K.Sharofiddinov (18), I.Magdeev (79), A.Bobojonov (85).

Uchrashuvdan so`ng
Mustafo Bayramov, «Navbahor» bosh murabbiyi:
«G`uzordagi g`alabadan keyin futbolchilarimizning kayfiyati yaxshi edi. Aynan shu sababdan barchaning xayolida navbatdagi uch ochkoni olish edi. Uchrashuvni yaxshi boshlagandik. Buning samarasi o`laroq, debyutda hisobni ochishga ham erishgandik. Goldan keyin Ayubxon Gapparovning o`zida hisobni oshirish uchun yaxshigina imkoniyatlar bo`lgandi. 1:0 hisobidan keyin futbolchilarimizda qandaydir xotirjamlik ko`zga tashlandi. Tanaffusdan keyin esa nimagadir futbolchilarimiz markazdagi ustunlikni raqibga berib qo`yishdi. Darvozamizga kiritilgan gol ham tushunarsiz holatda ro`y berdi. Futbolda shunaqasi ham bo`lib turar ekan, nima ham qila olardik. Uyda yana ikki ochkoni boy berdik. Xatolarimiz ustida ish olib boramiz».

Ravshan Haydarov, «Dinamo» bosh murabbiyi: «Nazarimda, ikkinchi davrada hech qaysi o`yin oson bo`lmaydi. Har bir uchrashuv keskin va murosasiz ruhda o`tadi. Bugungi bahs ham bundan mustasno bo`lmadi. Har ikki jamoada ham ochkolar soni u qadar ko`p bo`lmaganligi bois, tomonlarni maydonga faqat g`alabani ko`zlab tushishga undamoqda. Shu sababdan mezbonlar ham biz ham uch ochkoni maqsad qilgandik. Afsuski, ikki o`yindan beri futbolchilarimiz debyutda gol o`tkazib yuborishmoqda. Aynan shu jihat bizni o`ylantirib, bezovta qilmoqda. Tezkor gol o`tkazib yuborilganidan keyin futbolchilarimiz vaziyatni tenglashtirib, o`z o`yinlarini ko`rsatishmoqda. O`ylashimcha, bugun jamoamiz ko`p hollarda tashabbusga erishdi. Albatta, «Navbahor» jamoasida ham qarshi hujumlarda gol urish uchun imkoniyatlar bo`lgandi. Biroq, darvozabonimiz mahoratini namoyish etib, jamoamiz foydasiga harakat qildi. Ikkinchi bo`limda ustunlikni qo`lga olishimiz natijasida hisobni tenglashtirishni uddasidan chiqdik. Umuman olganda o`yin duranga mos tarzda o`tdi».

Xabar "Navbahor" FK matbuot xizmati yordamida tayyorlandi.

cola
apex
mib
mib
mib
mib