«Nasaf» bosh murabbiyi Ro`ziqul Berdiev «Paxtakor»ga qarshi O`zbekiston Kubogi yarim final javob o`yinidan so`ng o`z fikrlari bilan o`rtoqlasharkan, jamoa muxlislariga qo`llab-quvvatlab turganliklari uchun minnatdorlik bildirdi.
«Bugungi o`yinimizda bizni Qashqadaryoning har bir burchagidan muxlislar kelib bizni qo`llab-quvvatlab, haqiqiy ma`noda 12-o`yinchimizga aylanishdi. Bizni qo`llab-quvvatlagan barcha o`z minatdorchiligimni bildiraman. Bugungi g`alaba barchamizniki. O`ylaymizki, bugun ishqibozlar stadionni xursand holda tark etishdi. Futbolchilarimiz ham o`zlarini har tomonlama ko`rsatishdi va muhim g`alabaga erishdik,- deya gap boshladi Ro`ziqul Sa`dullaevich.
«O`yinga keladigan bo`lsak, biz «Paxtakor»ning o`yinlarini chuqur taxlil qilgan edik. Har bir chiziqdagi o`yinchisini mukammal o`rgangan edik. «Paxtakor» kuchli tarkibga ega jamoa. Har qanday maydonda, har qanday raqibga qarshi o`z o`yinini ko`rsata oladi. Shu bois bugungi o`yindagi vazifalarmizdan biri- mehmonlarni o`z o`yinlarini namoyish etishga yo`l qo`ymaslik edi. Yigitlar talabimizni yaxshi bajarishdi. Maydonning har bir qarichida keskin kurash kechdi. Va shuni hisobiga biz haqli ravishda final yo`llanmasini qo`lga kiritdik, deb o`ylayman.
«Bu adashmasam to`rtinchi bor finalga chiqishimiz. Avvalgi finallarning barchasida mag`lub bo`lganmiz. Lekin bu gal shu qora an`anaga chek qo`yib, muxlislarni xursand etish niyatidamiz. Finalda «Bunyodkor»ga qarshi to`p tepamiz. Raqibimiz har tomonlama shakllangan, tarkib borasida yurtimizdagi eng etakchi jamoa hisoblanadi. Shunga qaramay o`yin bobida «Bunyodkor»ga raqobatlasha olamiz», - deya qo`shimcha qildi «Nasaf» bosh murabbiyi Ro`ziqul Berdiev.
Eslatib o`tamiz, «Nasaf» O`zbekiston Kubogi finalida Toshkentning «Bunyodkor» jamoasiga qarshi to`p suradi.
Xabar «Nasaf» FK matbuot xizmati yordamida tayyorlandi.