Toshkentning «Bunyodkor» klubi ikki o`yin natijasiga ko`ra «Lokomotiv»ni 4:2 hisobida mag`lubiyatga uchratib, 2013 yilgi O`zbekiston Kubogi finali uchrashuvi yo`llanmasini qo`lga kiritdi.
Uchrashuvdan so`ng bo`lib o`tgan matbuot anjumanida «Bunyodkor» bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov shogirdlari «Lokomotiv»ni haqli ravishda mag`lub etishganini qayd etib o`tdi.
«Bugun ikki kuchli jamoa kurash olib bordi. Birinchi bo`limda bizda ham, «Lokomotiv»da ham yaxshi vaziyatlar yuzaga keldi. Tanaffusdan so`ng o`yinimiz yaxshilab, ikkita gol urdik va «Lokomotiv» ustidan haqli g`alaba qozondik. Hisob ko`rinishi bundan-da yirikroq tus olishi ham mumkin edi. Ammo qolgan imkoniyatlardan unumli foydalana olmadik», - dedi «Bunyodkor» bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov.
«O`ylashimcha, bugun darvozamizni qo`riqlagan Murod Zuxurov yaxshi harakat qildi. Terma jamoada Lobanov ham bor. Iordaniya bilan o`yin oldidan kim tayyor bo`lsa o`shani maydonga tushiraman. Finalda kimga qarshi to`p surishimizga kelsak, bashorat qilishni yoqtirmayman. Qarshidagi «Nasaf» va «Paxtakor» o`rtasidagi o`yin davomida har ikkala jamoada ham vaziyatlar bo`ladi. Kim o`z imkoniyatidan unumli foydalana olsa o`sha jamoa g`aaba qozonadi», - deya qo`shimcha qildi «Bunyodkor» bosh murabbiyi.
«Lokomotiv» katta murabbiyi Hakim Fuzaylov esa tarkibda bir qator etakchi futbolchilarning yo`qligi bu o`yinda sezilib qolganini ta`kidlab, «Bunyodkor»ni final yo`llanmasi bilan tabrikladi.
«Bu o`yin oldidan bizda yaxshiroq imkoniyat bor edi. Shunga qaramasdan qiyin uchrashuv bo`lishini bilardik. Chunki «Bunyodkor» bizning maydonimizda gol urishi kerak edi. Raqibimiz o`zidan talab qilingan vazifani bajara oldi. Biz esa yo`q. So`nggi o`yinlardagi asosiy futbolchilarimiz Farhod Tojiev va Sherzod Sharipovning yo`qligi bugun sezildi. «Bunyodkor»ni g`alaba bilan tabriklayman», - dedi Hakim Fuzaylov.
«Tojiev va Sharipovdan tashqari, Rahmatullaev, Mustafoev va Shadrinda jarohatlar bor. Sadriddin Abdullaev o`yinga to`liq tayyor emasdi. Shuning uchun ham uni zahirada qoldirgandim. Klub rahbariyati jamoa oldiga Chempionlar ligasiga chiqish vazifasini qo`ygan. Bu ishni chempionat orqali amalga oshirishga imkoniyatlarimiz bor», - deya qo`shimcha qildi «Lokomotiv» ustozi.
Eslatib o`tamiz, ikkinchi yarim final o`yini 22 avgust kuni Qarshida, «Nasaf» va «Paxtakor» jamoalari o`rtasida bo`lib o`tadi. Ushbu jamoalar o`rtasidagi dastlabki o`yin Toshkentda o`tkazilib, unda 0:0 hisobid qayd etilgan edi. 2013 yilgi O`zbekiston Kubogi final uchrashuvi 25 sentyabr, chorshanba kuni o`tkaziladi.