2013 yilgi O`zbekiston Kubogi dastlabki finalchisi nomi ma`lum bo`ldi. «Lokomotiv» va «Bunyodkor» o`rtasida bo`lib o`tgan yarim final javob o`yinida omad Mirjalol Qosimov shogirdlariga kulib boqdi.
21 avgust kuni Toshkentdagi «Lokomotiv» stadionida O`zbekiston Kubogi-2013 yarim final javob o`yinlari doirasida Toshkentning ikki klubi – «Lokomotiv» hamda «Bunyodkor» o`zaro to`qnashdi. 31 iyul kuni «Jar» stadionida bo`lib o`tgan dastlabki o`yinda 2:2 hisobi qayd etilgan va «Bunyodkor»ni o`z maydonida qabul qilgan «Lokomotiv» uchun o`z tarixida ilk bor final yo`llanmasini qo`lga kiritishi uchun yo g`alaba qozonishi, yo 0:0 yoki 1:1 hisobida durang o`ynashi talab etilar edi.
Biroq tajriba bobida «Lokomotiv»dan ustunroq bo`lgan «Bunyodkor», dastlabki o`yinda so`nggi daqiqalarda kiritilgan ikki gol evaziga mag`lubiyatdan qutilib qolgan bo`lsa, javob o`yinida ukrainalik hujumchi Aleksandr Pishur tomonidan urilgan ikki muhim gol evaziga 2013 yilgi O`zbekiston Kubogi final uchrashuvi yo`llanmasini qo`lga kiritdi. Kubokning amaldagi sohibi hisoblangan Mirjalol Qosimov jamoa 25 sentyabr kuni bo`lib o`tadigan final o`yinida o`ziga kim raqib bo`lishini 22 avgust, payshanba kuni, Qarshida bo`lib o`tadigan «Nasaf» – «Paxtakor» o`yinidan so`ng bilib oladi.
Eslatib o`tamiz, «Nasaf» va «Paxtakor» o`rtasidagi dastlabki o`yinda hisob ochilmagan. Qarshi shahrida bo`lib o`tadigan javob o`yini 19:30da boshlanadi.
O`zbekiston Kubogi-2013
Yarim final, javob uchrashuvi
21 avgust, chorshanba
«Lokomotiv» (Toshkent) – «Bunyodkor» (Toshkent) – 0:2. 1955 tomoshanib.
Hakamlar: V. Tseytlin (Toshkent), A. Tsapenko (Toshkent viloyati), H. Shodmonov (Buxoro), H. Ro`ziev (Toshkent)
Nazoratchi: A. Abdullaev (Toshkent).
Gollar: A. Pishur (54, 65).
Ogohlantirishlar: A. Onika (19), I. To`xtaxo`jaev (90+2) – A. Filiposyan (20), A. Pishur (48).
Dastlabki uchrashuv – 2:2.