16 avgust, shanba kuni Toshkentning «Paxtakor» jamoasi «Paxtakor» markaziy stadionida Olmaliqning «Olmaliq» jamoasini qabul qildi.
17-tur uchrashuvlari doirasida o`tkazilgan bahsda kutilmagan natija qayd etildi. O`zbekistonning amaldagi chempioni hisoblangan «Paxtakor» o`z maydonida «Olmaliq»ga 1:2 hisobida imkoniyatni boy berdi.
«Olmaliq» hujumchisi Zafar Polvonov o`yin qahramoniga aylandi. Polvonovning 5 va 70-daqiqalarda «Paxtakor» darvozasiga urgan gollari amalda o`yin taqdirini hal qildi. 80-daqiqada «Paxtakor» hujumchisi Anvarjon Soliev tomonidan urilgan gol «Paxtakor» ishqibozlarida o`yinni qutqarib qolishga qandaydir umid uyg`otgan edi, biroq keyingi daqiqalarda, bir kishi kam bo`lib harakat qilganiga qaramay, «Olmaliq» raqibiga hech qanday imkon bermadi.
17-turda «Olmaliq» o`z maydonida «Metallurg»ni qabul qiladi – o`yin 25 avgust, yakshanba kuni o`tkaziladi. 26 avgust kuni esa «Paxtakor» «Guliston» mehmoni bo`ladi.
Oliy Liga, 16-tur uchrashuvi
17 avgust, shanba
«Paxtakor» (Toshkent) – «Olmaliq» (Olmaliq) – 1:2. 2150 tomoshabin.
Hakamlar: R. Ermatov (Toshkent), A. Rasulov (Toshkent), J. Saidov (Toshkent), I. Xudoydotov (Toshkent)
Nazoratchi: I. Sharipov (Buxoro).
«Paxtakor»: Lobanov, Merzlyakov (Abduxoliqov, 72), Kozak, Miladinovich, Hoshimov, Ismatullaev, Maxaradze, Qilichev (Soliev, 54), Maxstaliev (Karimov, 32), Iskandarov, Sergeev.
«Olmaliq»: Shomurodov, Jo`raboev, Petkovich, Stanoevich, Kvesieshvili, Turopov (Isroilov, 73 ), Abibullaev (Kagirov, 89), Abdurahmonov, Shoahmedov, Pirimov (Jo`raev, 80), Polvonov.
Gollar: A. Soliev (80) – Z. Polvonov (5, 70).
Ogohlantirishlar: Sh. Karimov (38) – D. Abdurahmonov (34), O. Jo`rabaev (90), M. Shomurodov (90+4).
Chetlatish: D. Abdurahmonov (56, ikkinchi ogohlantirish).
Eng yaxshi o`yinchilar: J. Iskandarov – Z. Polvonov.
Uchrashuvdan so`ng
Murod Ismoilov, «Paxtakor» bosh murabbiyi: «Bugungi mag`lubiyatda barcha aybni o`z bo`ynimga olaman. Jamoani «Bunyodkor» bilan uchrashuvdan keyin etarlicha tayyorlay olmadim, shekilli. Yigitlarga o`sha bahsdan keyin ishlashda davom etish zarurligini tushuntirgandim. Afsuski, buning uddasidan chiqmabman. Agar rahbariyat ushbu mag`lubiyat uchun menga qandaydir intizomiy chora ko`rmoqchi bo`lsa, bunga tayyorman. «Olmaliq» jamoasini esa haqli g`alaba bilan tabriklayman. Ular bugun chiroyli o`yin namoyish qilishdi».
Igor Shkvirin, «Olmaliq» bosh murabbiyi: «Paxtakor»ga qarshi o`yindan ko`nglim to`ldi. Birinchi marta bu raqibni safarda mag`lubiyatga uchratdik. Bu juda yoqimli, albatta. Yigitlar berilgan ko`rsatmalarni bajarishga intilishdi. Kerak bo`lmagan qizil kartochkadan keyin ahvolimiz og`irlashdi, lekin futbolchilar o`zlarini ko`rsatishdi. Qarshi hujumlarda mezbonlarga muammo tug`dirdik. Lekin barcha o`yinlarda shunday harakat qilishga futbolchilarning ruhiy holati etmayapti. «Paxtakor»da ham asosiy muammo shu bilan bog`liq. Lekin ikki yildan so`ng ular juda yaxshi jamoaga aylanishadi».
Xabar «Paxtakor» FK matbuot xizmati yordamida tayyorlandi.