Oliy Liga 15-tur uchrashuvlaridan so`ng «Buxoro» ochkolari sonini 22taga etkazib, 6-o`ringa chiqib oldi.
10 avgust kuni «Buxoro» Oliy Liga 15-tur uchrashuvlari doirasida o`z maydonida Bekobodning «Metallurg» jamoasini qabul qildi. Ushbu uchrashuv arafasida «Metallurg» 25 ochko bilan beshinchi, «Buxoro» esa 19 ochko bilan ettinchi pog`onani band etib turdi.
«Buxoro» – «Metallurg» o`yinida hisob 31-daqiqada bekobodliklar vakili Sardor Rasulov tomonidan ochildi. Ushbu gol Rustam Mirsodiqov shogirdlariga birinchi bo`limni g`olib sifatida yakunlash imkonini berdi. Biroq mehmonlar g`alabali hisobni o`yin oxirigacha saqlab qola olishmadi.
Davralar oralig`idagi tanaffusda «Bunyodkor»dan kelib qo`shilgan hujumchi Bahodir Pardaev «Paxtakor»ga qarshi 14-uchrashuvda «Buxoro» safidagi dastlabki golini urishga muvaffaq bo`lgandi. «Metallurg»ga qarshi o`yinda esa u dublni rasmiylashtirdi. Uning 65- va 88-daqiqadagi gollari orasida buxoroliklarning etakchi himoyachisi Aleksey Nikolaev ham o`z hisobiga bitta gol yozib qo`yishga muvaffaq bo`ldi.
3:1 hisobidagi g`alabadan so`ng «Buxoro» to`plagan ochkolar soni 22taga etdi va endi Tachmurad Agamuradov shogirdlari 5-o`rindagi «Metallurg»dan atigi ikki ochkoga ortda qolishmoqda. Qayd etish joiz, «Olmaliq» va «Lokomotiv» jamoalari o`rtasidagi o`yinda maydon egalarining mag`lubiyati (1:2) ham buxoroliklarga qo`l keldi.
16-turda Buxoro Farg`onaga safar qilib, «Neftchi» mehmoni bo`ladi. «Metallurg» esa Bekobodda «Bunyodkor»ni qabul qiladi. Qiziqarli kechishi kutilayotgan har ikkala o`yin 17 avgust, shanba kuni o`tkaziladi.