Jurnalistlar o`rtasida o`tkazilgan «Iyul oyinining eng yaxshi o`yinchisi va murabbiyi» so`rovnomasida Toshkentning «Lokomotiv» jamoasi yarim himoyachisi Akmal Xolmatov va Qarshining «Nasaf» jamoasi bosh murabbiyi Ro`ziqul Berdiev g`olib chiqdi.
O`zbekiston chempionatining may oyidagi eng yaxshi futbolchisi va murabbiyini aniqlash bo`yicha OAV xodimlari, jurnalistlar o`rtasida 1 avgust, payshanba kuni boshlangan so`rovnoma 7 avgust, chorshanba kuni yakuniga etdi. So`rovnoma natijalariga ko`ra, jurnalistlar jami 10 nafar murabbiy va 14 nafar futbolchiga ovoz berishdi.
«Oy o`yinchisi» nomi uchun kurashda «Lokomotiv» yarim himoyachisi Akmal Xolmatovga teng keladigan futbolchiga topilmadi. Iyul oyida, jumladan, «Bunyodkor»ga qarshi O`zbekiston Kubogi yarim final dastlabki o`yinida chiroyli gol urishga muvaffaq bo`lgan Xolmatov asosiy ta`qibchilari – «Bunyodkor» yarim himoyachisi Oleg Zoteev va «Olmaliq» hujumchisi Zafar Polvonovni 6 ochko farq bilan ortda qoldirdi.
Qayd etish joiz, Xolmatov birinchi marta oyning eng yaxshi o`yinchisi bo`layotgani yo`q. Ayni vaqtda «Lokomotiv» tarkibidagi ishonchli ham chiroyli o`yini bilan ajralib turgan tajribali futbolchi aprel oyi yakunlari bo`yicha o`tkazilgan so`rovnomada ham tengsiz bo`lgandi.
«Oy murabbiyi» nomi uchun kurash nisbatan keskinroq kechdi va bunda «Nasaf» bosh murabbiyi Ro`ziqul Berdiev «Lokomotiv» ustozi Hakim Fuzaylovdan bir ochkoga o`zib ketib, ketma-ket uchinchi marta oyning eng yaxshi murabbiyi deb topildi. Ta`kidlash joiz, so`nggi o`yinlarda mag`lubiyat nimaligini bilmay kelayotgan Berdiev shogirdlari Oliy Liga peshqadamlari – «Bunyodkor» va «Lokomotiv»ga deyarli etib olib, chempionlik intrigasini yanada kuchaytirishdi.
Oy murabbiyini aniqlash yuzasidan o`tkazilgan so`rovnomada «Olmaliq» bosh murabbiyi Igor Shkvirin uchinchi bo`ldi. Kuchli beshlikda «Buxoro» ustozi Tachmurad Agamuradov hamda mart va aprel oylarida oyning eng yaxshi murabbiyi deb topilgan «Bunyodkor» bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov ham o`rin olgan.
Ma`lumot o`rnida, mart-noyabr oylarida o`tkaziladigan Oyning eng yaxshi futbolchisi va murabbiyi tanlovilarining natijalari umumlashtirib chiqiladi va natijalardan kelib chiqib, O`zPFLning 2013 yildagi eng yaxshi futbolchisi va murabbiyi nomi aniqlanadi.
«Oyning eng yaxshi o`yinchisi» so`rovnomasi iyul oyi kuchli beshligi:
1. Akmal Xolmatov («Lokomotiv») – 20 ball.
2. Oleg Zoteev («Bunyodkor») – 14 ball.
3. Zafar Polvonov («Olmaliq») – 14 ball.
4. Sardor Mirzaev («Neftchi») – 12 ball.
5. Artur Gevorkyan («Nasaf»), Abdurazzoq Jo`raev («Navbahor») – 7 ball.
«Oyning eng yaxshi murabbiyi» so`rovnomasi iyul oyi beshligi:
1. Ro`ziqul Berdiev («Nasaf») – 25 ball.
2. Hakim Fuzaylov («Lokomotiv») – 24 ball.
3. Igor Shkvirin («Olmaliq») – 13 ball.
4. Tachmurad Agamuradov («Buxoro») – 11 ball.
5. Mirjalol Qosimov («Bunyodkor») – 7 ball.
Qo`shimcha sifatida:
- Farhod Tojiev va Mirjalol Qosimov – mart oyi laureatlari
- Akmal Xolmatov va Mirjalol Qosimov – aprel oyi laureatlari
- Artur Gevorkyan va Ro`ziqul Berdiev – may oyi laureatlari
- Artur Gevorkyan va Ro`ziqul Berdiev - iyun oyi laureatlari