Oliy Liga, 14-tur: «Lokomotiv» va «Bunyodkor» yana murosa ko`chasini tanlashdi

05.08.2013

Oliy Liga, 14-tur: «Lokomotiv» va «Bunyodkor» yana murosa ko`chasini tanlashdi

Ikkinchi davrani boshlab bergan Oliy Liga 14-tur uchrashuvlari yakuniga etdi. Turni 5 avgust kuni Toshkentdagi «Lokomotiv» stadionida o`tkazilgan «Lokomotiv» va «Bunyodkor» o`rtasidagi o`yin yakunlab berdi.

«Lokomotiv» va «Bunyodkor» o`rtasida so`nggi ikki oy ichida o`tkazilgan uchinchi o`yin ham durang natija bilan yakuniga etdi. Dastlab, O`zbekiston Oliy Ligasi 13-turi doirasida har ikkala jamoa «Jar»da 1:1 hisobida durang o`ynagan edi. Iyulning oxirgi kuni esa jamoalar yana bir bor «Jar»da to`qnash kelishdi – bu safar O`zbekiston Kubogi yarim final dastlabki o`yinlari doirasida o`tkazilgan bahsda 2:2 hisobi qayd etildi.

Hozircha so`nggi, 5 avgust, dushanba kuni o`tkazilgan bahs ham durang natija – 1:1 hisobida yakunlandi. Uchrashuvda hisob birinchi bo`lim yakunlanishi arafasida «Bunyodkor» hujumchisi Aleksandr Pishur tomonidan ochilgan bo`lsa, o`yin yakunlanishiga 12 daqiqa qolganida «Lokomotiv» vakili Dilshod Jabborov hisobni tenglashtirdi.

Durang natija har ikkala jamoaga ham musobaqa jadvalidagi mavqelarini saqlab qolish imkonini berdi. Peshqadam «Bunyodkor»ning ochkolari soni 35taga etgan bo`lsa, «Lokomotiv» undan ikki ochko kam jamg`argan. Ularni esa 14 uchrashuvdan so`ng 32 ochko to`plagan «Nasaf» izma-iz ta`qib etib kelmoqda.

15-turda «Lokomotiv» Olmaliqda mehmon bo`ladi, «Bunyodkor» esa o`z uyida «Paxtakor»ni qabul qiladi. Har ikkala o`yin 10 avgust kuni bo`lib o`tadi.

Oliy Liga-2013, 14-tur uchrashuvi
5 avgust, dushanba
«Lokomotiv» (Toshkent) – «Bunyodkor» (Toshkent) 1:1 (0:1). 3225 tomoshabin.
Hakamlar:
V. Kovalenko (Toshkent), M. Saidqosimov (Toshkent), F. Hasanov (Namangan), D. Pislegin (Toshkent).
Nazoratchi: V. Valitskiy (Toshkent).
«Lokomotiv»: 1. Pavel Bugalo, 2. Sardor Rahmonov (24. Ibrohim Rahimov, 38), 3. Evgeniy Gogol 7. Sadriddin Abdullaev (11.Aleksandr Shadrin, 70), 8. Akmal Xolmatov, 16. Jasur Hasanov (29. Viktor Karpenko, 69), 20. Islom To`xtaxo`jaev, 22. Sherzod Sharipov, 23. Ivan Nagaev, 30. Dilshod Jabborov, 99. Aleksandr Onika.
Zaxirada qolganlar: 31. Artur Parvanov, 6. Dilshod Rahmatullaev, 17. Salim Mustafoev, 55. Ilhom Suyunov.
«Bunyodkor»: 25.Ignatiy Nesterov, 2. Akmal Shorahmedov, 4. Xayrulla Karimov, 5. Dilshod Jo`raev, 6. Anvar G`ofurov, 8. Javlon Ibrohimov, 9. Igor Taran (13. Lutfulla To`raev, 68), 11. Aleksandr Pishur (14. Alibobo Raxmatullaev, 79), 16. Artyom Filiposyan, 19. Jasur Hasanov (21.Sardor Rashidov, 62), 33. Oleg Zoteev.
Zaxirada qolganlar: 25. Murod Zuhurov, 7. Marko Blajich, 23. Sahob Jo`raev, 29. Anvar Berdiev.
Gollar: D. Jabborov (78) – A. Pishur (41).
Ogohlantirishlar: J. Hasanov (3), Sh. Sharipov (64) – A. Filiposyan (88), J. Ibrohimov (90).

Uchrashuvdan so`ng
Hakim Fuzaylov, «Lokomotiv» katta murabbiyi:
«Bunyodkor bilan bahsda har qanday klubga qiyin bo`ladi. Birinchi bo`limda bizdan ko`ra raqib yaxshiroq o`yin ko`rsatdi. Ivan Nagaev bir necha imkoniyatlar bo`ldi. Asosiysi – vaziyatlarning yuzaga kelayotgani. Natija keyin keladi».

Mirjalol Qosimov, «Bunyodkor» bosh murabbiyi: «Biz ikki bo`limda ikki xil o`yin ko`rdik. Ko`plab vaziyatlar yaratdik. Shulardan faqat bittasidan foydalandik. Yoshlarimiz bugun yaxshi o`ynashdi. Ular bizning kelajagimiz».

Xabar «Lokomotiv» FK matbuot xizmati yordamida tayyorlandi.
 

cola
apex
mib
mib
mib
mib