2013 yilgi mavsum birinchi yarmi yakunlariga ko`ra bir qator hakamlar va nazoratchilar chetlatildi va ogohlantirildi.
O`zbekiston Kubogi doirasidagi «Mash`al» – «Navbahor» o`yinida qoniqarsiz baho olgani uchun hakam yordamchisi Bahodir Bahromov (Toshkent shahri), O`zbekiston Birinchiligidagi «Lokomotiv-BFK» – «Istiqlol» o`yinida qoniqarsiz baho olgani uchun hakam yordamchisi Elyor Tursunov (Namangan viloyati), Ayollar o`rtasidagi O`zbekiston chempionati doirasidagi «Lochin» – «Surxon» o`yinida qoniqarsiz harakatlari uchun FIFA hakami Anna Sidorova (Toshkent), O`zbekiston Kubogi doirasidagi «Paxtakor» – «Nasaf» o`yinida qoniqarsiz baho olgani uchun FIFA hakami yordamchisi Rafael Ilyosov (Toshkent) o`yinlarni boshqarishdan chetlatilgan.
O`zbekiston Birinchiligi doirasidagi «Zomin» – «Surxon» o`yinidagi harakatlari uchun Ishoq Ibrohimov (Qoraqalpog`iston), «Qo`qon-1912» – «Kosonsoy» o`yinidagi harakatlari uchun bosh hakam yordamchisi Oybek Umarov (Toshkent viloyati), «Xorazm» – «Orol» o`yinidagi harakatlari uchun bosh hakam yordamchisi Atham Sunnatov (Sirdaryo viloyati) ogohlantirilgan.
Shuningdek, maydondagi hakamlar va zaxira hakamlariga asossiz ravishda yuqori baholar qo`ygani uchun O`zbekiston Birinchiligi nazoratchilari – Toir Toshmuhamedov va Rahmatullo Qoratoev ham o`yinlardan chetlatilgan, Igor Nexochin (Namangan viloyati), Rifkat Ishmurzin, Rahim Mo`minov, Ro`zim Davletmurotov, Oleg Rubakov (barchasi – Toshkent shahridan), Vladimir Beglaryan (Qoraqalpog`iston) ogohlantirilgan.
2013 yilning birinchi yarmi davomida attestatsiyadan o`tgan hakamlar va nazoratchilar tomonidan jami 578ta o`yin, jumladan, O`zbekiston Chempionati va Yoshlar Birinchiligida 182ta, O`zbekiston Kubogida 44ta, O`zbekiston Birinchiligi birinchi bosqichida 264ta, Ayollar o`rtasidagi chempionat birinchi bosqichida 64ta, Ayollar o`rtasidagi O`zbekiston Kubogi bahslarida 24ta o`yin boshqarildi.