Qarshining «Nasaf» jamoasi ikkinchi davra o`yinlarini ishonchli g`alaba bilan boshladi.
Oliy Liga 14-turida o`z maydonida «Guliston»ni qabul qilgan Qarshining «Nasaf» jamoasi 3:1 hisobida g`alaba qozondi. Maydon egalari gollariga Azamat Allaniyozov, Artur Gevorkyan va Zohid Abdullaev hisobiga yozilgan bo`lsa, mehmonlarning yagona javob goliga davralar oralig`ida «Paxtakor»dan «Guliston»ga qo`shilgan Sergey Rekun mualliflik qildi.
O`yin davomida «Guliston» «Paxtakor»dan ijaraga olgan boshqa bir o`yinchi – Tohirjon Shamshitdinov raqibiga nisbatan juda qo`pol o`yin namoyish etgani uchun uchrashuv bosh hakami Baxtiyor Namozov tomonidan maydondan chetlatildi.
Ushbu g`alaba «Nasaf» uchun Oliy Liga bahslaridagi ketma-ket oltinchi muvaffaqiyat bo`ldi. Oxirgi marta 8-turda «Paxtakor»ga 0:1 hisobida imkoniyatni boy bergan Ro`ziqul Berdiev shogirdlari keyingi olti o`yinda raqiblar darvozasiga jami 21ta gol urib, o`z darvozalaridan 5ta to`p olib chiqishdi.
Ketma-ket g`alabalar «Nasaf»ga musobaqa peshqadamlari – «Bunyodkor» va «Lokomotiv»ning oldinga o`tib ketishiga imkon bermayapti. Ayni vaqtda «Nasaf» 2-o`rindagi «Lokomotiv» bilan bir xil 32 ochko to`plagan va karvonboshi «Bunyodkor»dan 2 ochkoga ortda qolmoqda. 5 avgust kuni «Lokomotiv» va «Bunyodkor» o`rtasidagi o`yinda tomonlardan kamida bittasi ochko yo`qotishi hisobga olinsa, sovrinli o`rinlar uchun poygalar yanada qiziqarli tus olishi aniq.
10 avgust kuni bo`lib o`tadigan 15-turda «Nasaf» «Qizilqum» mehmoni bo`ladi, «Guliston» esa o`z uyida «So`g`diyona»ni qabul qiladi.
Oliy Liga-2013, 14-tur uchrashuvi
4 avgust, yakshanba
«Nasaf» (Qarshi) – «Guliston» (Guliston) 3:1 (0:0). 2152 tomoshabin.
Hakamlar: B. Namozov (Toshkent), R. Fozilov (Namangan), B. Bahromov (Toshkent), I. Ibrohimov (Nukus).
Nazoratchi: D. Roman (Toshkent).
«Nasaf»: 25. Eldorbek Suyunov, 4. Maqsud Karimov, 5. Botir Qoraev, 15. Zohid Abdullaev, (77. Suhrob Ne`matov, 83)17. Artur Gevorkyan (s), 20. Erkin Boydullaev, 27. Ilhom Yunusov, 28. Shuhrat Muhammadiev, 32. Hamza Karimov, 34. Farruh Sayfiev (88. Samandar Shodmonov, 75), 41. Azamat Allaniyazov (9. Ilhom Shomurodov, 63)
Zaxiradagilar: 1. Mixail Naumov, 3. Rahmatilla Berdimurodov, 14. Laziz Ubaydullaev, 33. Odil Hamrobekov,
«Guliston»: 24. Doniyorjon Usmonov, 3. Akbar Sattaev, 7. Rabbimjon Hasanov, 9. Xurshid Yuldashev (s) (77. Sergey Rekun, 72)18. Bobirjon Akbarov, 22. Tohirjon Shamshitdinov, 23. Sarvarjon Jo`raev, 25. Elyor Jahonov (13. Nodirbek Teshaboev, 60), 26. Mo`ydin Mamazulumov, 27. Konstantin Boev (21. Mirjalol Qurbonov, 38), 28. Ilyos Xayrov.
Zaxiradagilar: 1. Ilhom Jumanov, 4. Jasurbek Otaxonov, 10. Zafar Qorakulov, 19. Rustam Qodirov,
Gollar: A.Allaniyazov (54), Gevorkyan (78), Abdullaev (79) – Rekun (85).
Ogohlantirish: Muhammadiev (69).
Chetlatish: Tohir Shamshiddinov (33).
Uchrashuvdan so`ng
Ro`ziqul Berdiev, «Nasaf» bosh murabbiyi: «Raqib bugun asosiy e`tiborni himoyaga qaratgani bois gol urishimiz qiyinlashdi. Ikkinchi bo`limda esa baribir asosiy maqsadimizga erishib, muhim uch ochkoni qo`lga kiritdik. Oradagi tanaffus bois o`yinimizda biroz pasayish kuzatilayotgan bo`lishi mumkin. Umid qilamanki, keyingi o`yinlarda bu borada ham ijobiy o`zgarishlar bo`ladi».
Baxtiyor Ashurmatov, «Guliston» bosh murabbiyi: «Nasaf» jamoasi va muxlislarini g`alaba bilan tabriklayman. Raqib kuchli shu bois ularga qarshi ochiq futbol namoyish etish imkonsiz edi. Shunga qaramay shogirdlarim o`yinni uchdan iki qismini bir kishi kam bo`lib qolishlariga qaramay dongdor raqibga munosib qarshilik ko`rsatishdi deb hisoblayman. Ikkinchi davrada asosan o`z maydonimizdagi o`yinlarda g`alabaga erishib, muxlislarimizni xursand etishga harakat qilamiz».
Xabar «Nasaf» FK matbuot xizmati yordamida tayyorlandi.