Oliy Liga, 14-tur: «Paxtakor» Buxorodagi mag`lubiyat alamini oldi

04.08.2013

Oliy Liga, 14-tur: «Paxtakor» Buxorodagi mag`lubiyat alamini oldi

O`zbekistonning amaldagi chempioni – «Paxtakor» birinchi davraning so`nggi o`yinida «Buxoro»ga 0:1 hisobida imkoniyatni boy bergandi.

4 avgust kuni «Paxtakor» markaziy stadionida «Paxtakor» «Buxoro»ni qabul qildi. Ushbu bahsda Murod Ismoilov shogirdlari raqib ustidan 2:1 hisobida g`alaba qozonib, 13-turdagi mag`lubiyat uchun o`ziga xos javob berishdi.

«Paxtakor» – «Buxoro» o`yinida hisob 20-daqiqada ochildi. Jarima maydonchasi ichida «Paxtakor» hujumchisi Igor Sergeevga nisbatan qo`pollik qilgani uchun, «Buxoro» darvozaboni Botir Nosirov maydondan chetlatildi, qo`shimchasiga, mehmonlar darvozasiga penalti belgilandi. Penaltidan esa Kaxi Maxaradze adashmadi.

Ikkinchi bo`limda esa deyarli xuddi shunday holat «Paxtakor» darvozasi oldida sodir bo`ldi. Noaya Shibamuraga nisbatan qo`pollik qilgan mezbonlar darvozaboni Aleksandr Lobanov uchrashuv bosh hakami Olim Tolibjonov tomonidan ogohlantirildi, uning darvozasiga esa penalti belgilandi. Penaltidan Bahodir Pardaev aniq foydalanib, hisobni tenglashtirdi.

Biroq buxoroliklar o`zlari uchun ko`ngilli hisobni o`yin oxirigacha saqlab qola olishmadi. 66-daqiqada Vladimir Kozak tomonidan amalga oshirilgan jarima zarbasini zaxiradan maydonga tushgan «Buxoro» darvozaboni Maqsud Shabanov qaytardi, lekin ushlab qola olmadi; qaytgan to`pga hammadan birinchi etib kelgan Igor Sergeev esa «Paxtakor» uchun muhim ahamiyatga ega bo`lgan g`alaba to`pi muallifiga aylandi.

Ushbu g`alabadan so`ng «Paxtakor» musobaqa jadvalida 4-o`rinin o`zida saqlab qoldi. 15-turda toshkentliklar «Toshkent derbisi» doirasida «Bunyodkor» mehmoni bo`lishadi, «Buxoro» esa o`z uyida «Metallurg»ni qabul qiladi. Har ikkala o`yin 10 avgust kuni bo`ladi.

Oliy Liga-2013, 14-tur uchrashuvi
4 avgust, yakshanba
«Paxtakor» (Toshkent) – «Buxoro» (Buxoro) 2:1 (1:0)
Hakamlar:
O. Tolibjonov (Toshkent), M. Majidov (Namangan), R. G`opurov (Namangan), Sh. Hakimov (Andijon).
Nazoratchi: I. Nexochin (Namangan).
«Paxtakor»: Lobanov, Merzlyakov, Kozak, Miladinovich, Ismatullaev (Iskanderov, 15), Maxaradze, Sharofetdinov (Qilichev, 66), Oganesyan (Soliev, 55), Maxsitaliev, Karimov, Sergeev.
«Buxoro»: Nosirov, Shibamura, Oniya, Nikolaev, Mahmudov (Shodiev, 52), Sanoev, Narzullaev (Hojiakbarov, 81), Rijko, Ilin, Valijonov (Shabanov, 19), Pardaev.
Gollar: Maxaradze (20, penalti), Sergeev (65) – Pardaev (59, penalti).
Ogohlantirishlar: Karimov (56), Lobanov (58) – Valijonov (10).
Chetlatish: Nosirov (16).

Uchrashuvdan so`ng
Murod Ismoilov, «Paxtakor» bosh murabbiyi:
«Uchrashuv oson kechmadi. Buxoroliklarning himoyaga e`tibor qaratishlarini bilardik va mashg`ulotlarda shunga yarasha shug`ullandik. Biroq futbolchilar vaziyatlardan foydalanishda hamon muammolarga duch kelishyapti. Ularga qanchalik tushuntirmaylik, ishlamaylik, baribir foydasi sezilmayapti. Ehtimol, o`yin chog`ida ularda ruhiy bosim ko`payib ketayotgan bo`lishi mumkin. Bugun ham shunday bo`ldi. Yaxshiyamki, ikkinchi to`pni kiritdik. Bu kamchilikni tuzatish uchun ishlashda davom etamiz».

Tachmurod Agamurodov, «Buxoro» bosh murabbiyi: «Paxtakor»ga qarshi o`ynash hamisha og`ir, agar o`nta qolsangiz bu yanada qiyinlashadi. Shunga qaramay, bugungi shijoatlari uchun shogirdlarimga minnatdorchilik bildiraman. Ular oxirigacha harakat qilishdi. Bir o`yinchi kam bo`lgan holda hisobni tenglashtirishga erishdik. Darvozabon va himoyachilarning xatolari qimmatga tushdi. Yangi futbolchilarning harakatlari menga yoqdi. Pardaev, Ilin va Rijko yaxshi o`yin namoyish etishdi».

Xabar «Paxtakor» FK matbuot xizmati yordamida tayyorlandi.

cola
apex
mib
mib
mib
mib