Ikkinchi davraning ilk o`yinida Samarqandning «Dinamo» klubi «Qizilqum»ni qabul qildi.
4 avgust kuni Samarqandda Oliy Liga 14-tur uchrashuvlari doirasida «Dinamo» – «Qizilqum» o`yini bo`lib o`tdi. Bahs 1:0 hisobida maydon egalari foydasiga hal bo`ldi. Uchrashuvdagi yagona gol «Dinamo» hujumchisi To`lqin Mirzaev hisobiga yozildi.
Ushbu g`alabadan so`ng ochkolari sonini 14taga etkazib olgan «Dinamo» so`nggi uch turdan beri mag`lubiyat nimaligini bilmayotganini qayd etish joiz. Jamoa so`nggi marta 11-turda, Qarshida «Nasaf»ga qarshi o`yinda 2:3 hisobida imkoniyatni boy bergandi. 12-turda «Sho`rtan» 2:1 hisobida mag`lub etilgan bo`lsa, birinchi davraning so`nggi o`yinida «Qizilqum» bilan 1:1 hisobida durang natija qayd etilgandi.
Mavsumning eng omadsiz jamoasi bo`lib turgan «Qizilqum» esa aynan 11-turda oxirgi marta g`alaba qozongan edi. Zarafshonliklar, «Dinamo»ga qarshi uchrashuvlarni hisobga olmasa, Qarshida «Nasaf» tomonidan tor-mor etilgan edi (1:7).
15-turda «Dinamo» G`uzorda «Sho`rtan» mehmoni bo`ladi, «Qizilqum» esa «Nasaf»ni qabul qiladi. O`yinlar 10 avgust, shanba kuni o`tkaziladi.
Oliy Liga-2013, 14-tur uchrashuvi
4 avgust, yakshanba
«Dinamo» (Samarqand) – «Qizilqum» (Zarafshon) 1:0 (1:0). 7820 tomoshabin.
Hakamlar: R. Ermatov (Toshkent), A. Rasulov (Toshkent), J. Saidov (Toshkent), R. Toshmuhamedov (Nukus).
Nazoratchi: B. Galeev (Urganch).
Gol: To`lqin Mirzaev (41).
«Dinamo»: 27. Andrey Melnichuk, 4. Oybek Nurboev, 6. Akmal Bozorov, 10. To`lqin Mirzaev, 12. San`at Shixov (25.Nodir Sanaqulov, 90), 16. Akmal Xolmurodov, 17. Abdullo Nabiev (70. Farrux Shotursunov, 60), 21. Azamat Bobojonov, 40. Eldor Magdeev, 55. Avaz Agaliev, 77.Omadjon Tayloqov (94.Azamat Abdullaev, 79).
Zaxirada qolganlar: 1. Igor Mixaylov, 15. Islom Hamidov, 23. Temur Sharipov, 72. Alisher Samatov.
«Qizilqum»: 55. Artyom Makosin, 23. Sarvarjon Xolmatov (47. Jamshid Shohnazarov, 66), 43. Akmal Xoliqov, 44. Alisher Xoliqov, 50. Eldor Boymatov, 52. Jalil Kimsanov, 54. Asqarjon Muhiddinov, 57. Isroil Ergashev, 58. Akmal Rustamov (14. Fayzulla Qambarov, 46), 77. Azizbek Usmonov (53. Xurshid Yo`ldoshev, 46), 87. Ruslan Sanaev.
Zaxirada qolganlar: 1. Erkin Jabborov, 11. Navro`zbek Alimov, Sherzod Fayzullaev, 51. Boburjon Iskandarov.
Ogohlantirishlar: Sarvarjon Xolmatov (53), Eldor Boymatov (61) - Azamat Abdullaev (84).
Uchrashuvdan so`ng
Yuriy Lukin, «Qizilqum» klubi bosh murabbiyi vazifasini bajaruvchi: «Bugun jamoamizda o`yin amaliyoti etishmagani bilan birga, omad ham biz tomonda bo`lmadi. Bir qator vaziyatlarda raqib jamoa posboni golli vaziyatlarni bartaraf etdi. Jamoamiz tarkibi deyarli yangi, yigitlarga o`yin amaliyoti kerak. Maqsadimiz «Qizilqum»ni Oliy ligada saqlab qolish».
Ravshan Haydarov, «Dinamo» bosh murabbiyi: «O`yin og`ir bo`lishini kutgandik. Yangilangan tarkib bilan maydonga tushgan har ikki jamoa ham g`alaba uchun o`ynadi. Futbolchilar hali bir birini yaxshi tushinib olmaganligi uchun ehtiyotkor o`ynash kerakligini uqtirgandim. Shu bois, jamoa futbolchilari asosan o`z qanotlari uchun javob berishdi. Asosiysi natija va biz bunga erishdik. Natijadan xursandman».
Xabar «Dinamo» FK matbuot xizmati yordamida tayyorlandi.