Jizzaxning «So`g`diyona» va Toshkent viloyatining «Olmaliq» jamoalari ikkinchi davra startida haqiqiy «jang» namoyish etishdi.
4 avgust kuni Oliy Liga 14-tur uchrashuvlari doirasida Jizzaxning «So`g`diyona» jamoasi Zominda «Olmaliq»ni qabul qildi. Qiziqarli kurashlarga juda ham boy o`tgan bahs 2:2 hisobidagi durang natija bilan yakunlandi. O`yin davomida nafaqat darvozalarga ikkitadan gol kiritildi, ayni vaqtda, o`yinni boshqarib borgan toshkentlik Hasan Ro`ziev har ikkala jamoadan bir futbolchini maydondan chetlatdi.
Uchrashuvda hisob 13-daqiqada «So`g`diyona» vakili Bobur Qosimov tomonidan ochildi. Biroq oradan ikki daqiqa ham o`tmasdan «Olmaliq» himoyachisi Temur Kagirov hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo`ldi. 22-daqiqada esa Shahboz Erkinov «Olmaliq»ni hisobda oldinga olib chiqqan golni urdi. Biroq oradan besh daqiqa o`tar-o`tmas Suhrob Berdiev hisobni tenglashtirdi.
Shundan so`ng, 35-daqiqada ikkinchi marta hakam tomonidan ogohlantirilgan «Olmaliq» himoyachisi Temur Kagirov maydondan chetlatildi. Lekin, 75-daqiqagacha maydonda bir kishi ko`p bo`lib to`p surgan «So`g`diyona» ushbu ustunlikdan foydalana olmadi. Aynan shu daqiqada esa «So`g`diyona» vakili Orif Mamajonov ham, ikkinchi sariq kartochkadan so`ng, maydondan chetlatildi.
Ushbu durang natijadan so`ng «Olmaliq» ochkolari soni 20taga etgan bo`lsa, 12-o`rindagi «So`g`diyona» 14-ochkosini qo`lga kiritdi. 15-turda «So`g`diyona» qo`shni Sirdaryoga safar qilib, «Guliston» mehmoni bo`ladi. «Olmaliq» esa o`z uyida «Lokomotiv»ni qabul qiladi.
Oliy Liga-2013, 14-tur uchrashuvi
4 avgust, yakshanba
«So`g`diyona» (Jizzax) – «Olmaliq» (Olmaliq) 2:2 (2:2)
Hakamlar: H. Ro`ziev (Toshkent), R. Serazitdinov (Toshkent), A. Usmonov (Toshkent), I. Gormashov (Toshkent).
Nazoratchi: S. Ermatov (Toshkent).
Gollar: B. Qosimov (13), S. Berdiev (28) – T. Kagirov (15), Sh. Erkinov (22).