Oliy Liga, 14-tur: «Neftchi» ikkinchi davrani g`alaba bilan boshladi

04.08.2013

Oliy Liga, 14-tur: «Neftchi» ikkinchi davrani g`alaba bilan boshladi

Farg`onaning «Neftchi» jamoasi Oliy Liga-2013 ikkinchi davra o`yinlarini g`alaba bilan boshladi.

4 avgust kuni Oliy Liga-2013 ikkinchi davra o`yinlari start oldi. 14-turdan o`rin olgan «Neftchi» va «Sho`rtan» jamoalari o`rtasidagi o`yinda farg`onaliklar 2:0 hisobida g`alaba qozonishdi. Maslahatchi murabbiy Amet Memet qo`l ostida to`p surayotgan jamoaning har ikkala goli yosh hujumchi Otabek Isroilov hisobiga yozildi.

Dastlab, Isroilov 79-daqiqada «Neftchi»ning ajoyib hujumini golga aylantirib, hisobni ochdi. Uchrashuv yakunlanishiga uch daqiqadan kamroq vaqt qolganida esa u dublni rasmiylashtirib, jamoasining 12-turdan so`ng boshlangan an`anasini saqlab qoldi: «Neftchi» 29 iyun kuni «Navbahor»ga qarshi o`tkazilgan o`yindan beri (2:0) faqat ikki to`p farqi bilan g`alaba qozonmoqda; farg`onalik birinchi davraning so`nggi o`yinida ham «Sho`rtan»ni 2:0 hisobida taslim etishgan edi.

Qayd etish joiz, «Sho`rtan»ga qarshi o`yinda «Neftchi» safida Zayniddin Tojiev, Vyacheslav Ponomaryov, Mirzakamol Kamolov kabi futbolchilar debyut qilishdi.

Ushbu g`alabadan so`ng «Neftchi» ochkolari soni 16taga etdi. «Sho`rtan» esa 10 ochko bilan musobaqa jadvalida 13-o`rinni egallab turibdi. 10 avgust kuni bo`lib o`tadigan 15-turda «Neftchi» «Navbahor» mehmoni bo`lsa, «Sho`rtan» G`uzorda «Dinamo»ni qabul qiladi.

Oliy Liga-2013, 14-tur uchrashuvi
4 avgust, yakshanba
«Neftchi» (Farg`ona) – «Sho`rtan» (G`uzor) 2:0 (0:0).
Gollar:
Otabek Isroilov (79, 87).

Zoir To`raqulov, «Sho`rtan» bosh murabbiyi: «Bugungi o`yin og`ir bo`ldi. Shogirdlarim mezbonlarga etarlicha qarshilik ko`rsatishdi. Lekin baribir mahorat bobida «Neftchi» ustunlik qildi. Birinchi davradan keyin «Sho`rtan»ni bir qator etakchi futbolchilar tark etishdi. Ularning o`rnini to`ldirish oson emas. O`yindan qoniqdim, natijadan esa...».

Amet Memet, «Neftchi» maslahatchi murabbiyi: «O`yin ancha og`ir kechdi. Bugun «Neftchi» muxlislarni xurasand etishni maqsad qilgandik. Buning uddasidan chiqdik degan umiddaman. G`alaba qozonish hamisha yoqimli. Aksiga olib gol urishimiz qiyin bo`ldi. Ikkinchi davrada jamoamiz safini kuchaytira oldik, deb o`ylayman. Xabaringiz bor, ikkinchi davraga tayyorgarlikni Toshkentda olib borgandik. Lekin hali ham qiladigan ishlarimiz ko`p ekanligi oydinlashdi. Demak, mehnat qilishni davom ettiramiz».

Xabar «Neftchi» FK matbuot xizmati yordamida tayyorlandi.

cola
apex
mib
mib
mib
mib