2 avgust kuni O`FF anjumanlari zalida hakamlar va nazoratchilar ishtirokida O`zbekiston chempionati birinchi davrasi va O`zbekiston Birinchiligi birinchi bosqich o`yinlari yakuniga bag`ishlangan hisobot majlisi bo`lib o`tdi.
Majlisda O`zbekiston Professional futbol ligasi bosh direktori Farhod Magametov, Hakamlar va nazoratchilar boshqarmasi boshlig`i Noil Lutfullin, Hakamlar va nazoratchilar qo`mitasi raisi Rustam Akramov, Hakamlar va nazoratchilar boshqarmasi boshlig`i o`rinbosari Bobur Haydarov va Hakamlar va nazoratchilar qo`mitasi Ilmiy-metodik ta`minot bo`limi boshlig`i Anatoliy Kovalenko, shuningdek, O`zbekiston Chempionati va Birinchiligi o`yinlarida xizmat qiluvchi hakamlar va nazoratchilar ishtirok etishdi.
2013 yilning birinchi yarmi davomida attestatsiyadan o`tgan hakamlar va nazoratchilar tomonidan jami 578ta o`yin, jumladan, O`zbekiston Chempionati va Yoshlar Birinchiligida 182ta, O`zbekiston Kubogida 44ta, O`zbekiston Birinchiligi birinchi bosqichida 264ta, Ayollar o`rtasidagi chempionat birinchi bosqichida 64ta, Ayollar o`rtasidagi O`zbekiston Kubogi bahslarida 24ta o`yin boshqarildi. Musobaqalarga hakamlar va nazoratchilarni tayyorlash maqsadida 13-19 iyul kunlari qisqa muddatli hakamlar va nazoratchilarning mashg`ulot yig`inlari o`tkazildi. Unda jismoniy tayyorgarlik bo`yicha FIFA testi, futbol o`yini qoidalari bo`yicha nazariy imtihon va boshqalar bo`yicha sinovlar bo`lib o`tdi.
Tanqidiy ruhda o`tgan majlisda 2013 yilgi futbol mavsumining birinchi yarmi davomida yo`l qo`yilgan xato kamchiliklar, o`rni kelganda, misollari bilan qayd etildi. Ilmiy-metodik ta`minot bo`limi boshlig`i Anatoliy Kovalenkoning so`zlariga ko`ra, joriy yildan e`tiboran Oliy va Birinchi Liga o`yinlaridagi hakamlik tahlillari hakamlarning o`ziga ham taqdim etilmoqda. Kovalenkoning qo`shimcha qilishicha, Oliy Ligadagi hakamlik saviyasi nisbatan ijobiy, biroq Birinchi Ligada qilinishi kerak bo`lgan ishlar talaygina.
Majlisda hakamlik saviyasining oshishida nazoratchilarning o`rni katta ekanligi alohida ta`kidlandi. Nazoratchilar hakamlarning uchrashuvlardagi harakatlarini baholashda mas`uliyat his qilishlari va talabchanroq bo`lishlari kerak. Farhod Magametov, Rustam Akramov, Noil Lutfullin ham hakamlar va nazoratchilarga murojaatida mavsum birinchi yarmida yo`l qo`yilgan xatolardan to`g`ri xulosa chiqarib, ikkinchi davra o`yinlarini yanada yuqori saviyada o`tkazish kerakligini ta`kidlashdi.