31 iyul kuni O`zbekiston Kubogi yarim finali doirasida «Bunyodkor» va «Lokomotiv» jamoalari o`rtasida dastlabki o`yin bo`lib o`tdi. «Jar» stadionida o`tkazilgan uchrashuvda 2:2 hisobida durang natija qayd etildi.
O`yindan so`ng o`z fikrlari bilan o`rtoqlashar ekan, «Lokomotiv» murabbiyi Hakim Fuzaylov muxlislarga yoqadigan uchrashuv bo`lganini qayd etib o`tdi. Qayd etish joiz, «Lokomotiv» birinchi bo`limda 2:0 hisobida oldinga o`tib olganiga qaramay, so`nggi 10 daqiqada o`z darvozasidan ikkita gol o`tkazib yubordi.
«Ikkala jamoani bugungi ob-havo qiynadi. Umuman olganda, shogirdlarim ko`rsatmalarimni bajarishdi. «Bunyodkor»ning qanot yarim himoyachilari anchayin tezkor o`yin namoyish etishadi. Biz shuni bartaraf etishimiz kerak edi. Buni birinchi bo`limda uddaladik. Biroq ikkinchi bo`limda o`yin sur`ati tamomila o`zgarib ketdi, - deydi Hakim Qayumovich.
«Ilhom Suyunov jamoamizga yaqindagina kelib qo`shildi. U avvalo ortiqcha vaznidan xolis bo`lishi kerak. Shundan so`ngi Suyunovni tarkibga qo`yish borasida o`ylab ko`raman. Zaxira o`rindig`imizda tajribali futbolchilar kam. Shu boisdan ham ikkinchi bo`limda o`yinimiz susaydi», - deya qo`shimcha qildi «Lokomotiv» ustozi.
«Bunyodkor» bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov esa «Lokomotiv»ga qarshi ushbu bahs muxlislarbop o`tganini qayd etib, tarkib tanlashda xatoga yo`l qo`yganini tan oldi.
«Juda qiziqarli va chiroyli o`yin guvohi bo`ldik. Bizda ham, «Lokomotiv»da ham ko`plab golli vaziyatlar yuzaga keldi. Qisqa qilib aytadigan bo`lsam, muxlislarbop o`yin bo`ldi. Avvalo «Bunyodkor» muxlislaridan uzr surayman. Tarkib tanlashda hato qildim. Futbolda «Sen urmasang, senga urishadi», degan naql bor. Nesterov birinchi bo`limda hato qilib, gol o`tkazib yubordi. Ikkinchi bo`limda esa Nagaevning yuz foizli imkoniyatini qaytarib, jamoani ruhlantira oldi. O`ylaymanki, ikkinchi davradagi birinchi o`yinimiz yomon chiqmadi. Hali ko`p ishlashimiz va jamoani kuchaytirish yo`lida ko`plab tayyorgarliklar olib borishimiz kerak», - deydi Mirjalol Qosimov.
Ha, O`zbekiston kubogi yarim finaliga etib kelgan jamoalar avgust oyida 6tadan o`yin o`tkazishadi. Biroq, o`ylashimcha bu jamoa futbolchilari bundan toliqib qolishmaydi. Boisi oraliq tanaffusda etarlicha dam olishib, ancha kuch yig`ib olishgan. Tarkibimizga kelsak, Xayrulla Karimov va Artyom Filiposyan kabi futbolchilar o`rnini bosa oladigan yosh himoyachilar albatta bor. Biroq bugun bizga ko`proq gol kerak edi. Shu boisdan ham oldingi chiziqda o`zgarishlarni amalga oshirgandim», - deya qo`shimcha qildi «Bunyodkor» bosh murabbiyi.
Eslatib o`tamiz, «Lokomotiv» va «Bunyodkor» o`rtasidagi O`zbekiston Kubogi yarim final javob uchrashuvi 21 avgust kuni «Lokomotiv» stadionida o`tkaziladi.