Chempionatning birinchi davra o`yinlari yakuniga etgach, Oliy Liganing bir qator klublari qisqa muddatli ta`tilga chiqishdi.
Jumladan, Toshkentning «Paxatkor» klubi futbolchilar Gulistonga qarshi O`zbekiston Kubogi uchrashuvidan keyin 14 iyul kunigacha ta`tilga chiqishdi. Mamlakatning amaldagi chempionlari 14 iyulda jamoaning Qibraydagi bazasida ikkinchi davra o`yinlari uchun tayyorgarlikni boshlaydi. Klub rasmiy saytida xabar berilishicha «Paxtakor» 17 iyul kuni Farg`onaning «Neftchi», 23 iyul kuni esa Samarqandning «Dinamo» klubi bilan nazorat uchrashuvlarida maydonga tushadi.
Namanganning «Navbahor» klubi esa 12 iyulgacha qisqa muddatli tanaffusga chiqishdi. Ayni damda klubni bir qator futbolchilar tark etishga tayyorgarlik ko`rmoqda. Namangan klubi rasmiy saytida berilgan ma`lumotlarga ko`ra jamoa sardori Abdumajid Toirov «Navbahor»ni tark etgan. Jamoa ikkinchi davraga tayyorgarlikni 12 iyuldan boshlashni rejalashtirgan. O`quv-yig`in mashg`ulotlarning dastlabki qismi Namanganda tashkil etiladi. Mashg`ulotlarning ikkinchi qismini Toshkentda o`tkazish ko`zda tutilgan.
Oliy Liga birinchi davra peshqadami - «Bunyodkor» ham 14 iyul sanasigacha ta`tilga chiqdi. Farg`onaning «Neftchi» klubi esa 12 iyul kuni qisqa muddatlik tanaffusdan so`ng Toshkentda yig`in boshlaydilar.