14 iyun, juma kuni O`zbekiston Kubogi chorak final bosqichi o`yinlari start oldi. Bosqichni «Neftchi» va «Nasaf» jamoalari o`rtasidagi uchrashuv ochib berdi.
2013 yilgi O`zbekiston Kubogi chorak final dastlabki o`yinlari doirasida Farg`onada bo`lib o`tgan «Neftchi»ga qarshi o`yinda «Nasaf» futbolchilari raqiblari darvozasiga javobsiz ikkita gol urishdi.
Dastlab, uchrashuvning 4-daqiqasida «Nasaf» hujumchisi Zohid Abdullaev hisobni ochgan bo`lsa, 77-daqiqada Suhrob Ne`matov tomonidan urilgan gol o`yin taqdirini amalda hal qildi.
«Nasaf» va «Neftchi» o`rtasidagi O`zbekiston Kubogi chorak final javob uchrashuvi 24 iyun kuni bo`lib o`tadi.
O`zbekiston Kubogi chorak finali doirasidagi boshqa juftliklarning dastlabki o`yinlari 24-25 iyun kunlari, javob o`yinlari esa 8 iyul kuni o`tkaziladi.
O`zbekiston Kubogi-2013
Chorak final, dastlabki uchrashuv
14 iyun, juma
«Neftchi» (Farg`ona) – «Nasaf» (Qarshi) – 0:2. 1245 tomoshabin.
Hakamlar: R. Bobomuradov (Navoiy), R. Samandarov (Navoiy), O. Jumaev (Navoiy), T. To`xtasinov (Andijon)
Nazoratchi: F. Abdullaev (Toshkent).
Gollar: Z. Abdullaev (4), S. Ne`matov (77).
Ogohlantirishlar: I. Boboxonov (10), Sh. Po`latov (15), M. Nizomitdinov (15), S. Asqaraliev (53) – A. Gevorkyan (19), E. Boydullaev (59), Sh. Muhammadiev (68).
Uchrashuvdan so`ng
Ro`ziqul Berdiev, «Nasaf» bosh murabbiyi: «Bugungi o`yin biz uchun og`ir kechdi. Farg`onaga g`alaba qozonish uchun tashrif buyurgandik. Shorgirdlarim vazifani uddalashdi. Mazkur g`alabdan keyin yarim finalga ancha yaqinlashdik. Shuni unutmaslik lozimki, hozir «Neftchi» o`zgarishlarni boshidan o`tkazmoqda. Jamoa o`ziga kelib olishi uchun biroz vaqt kerak».
Shamil Iseev, «Neftchi» katta murabbiyi: «Bugungi o`yinida omadimiz kelmadi. Uchrashuv boshida o`tkazib yuborgan gol o`z ta`sirini o`tkazdi. Jamoada ish boshlaganimga ko`p vaqt bo`lgani yo`q. Sekin-asta muhitga moslashib, kimning qanday o`ynashini bilib boryapman. Umid qilamanki, yaqin orada barchasi iziga tushadi. Hakamlarni muhokama qilish menga xos xususiyat emas. Ular ishiga baho beradigan insonlar bor. Futbolda har doim imkoniyat mavjud. Hamma g`alaba qozonishni istaydi. Yuqorida aytganimdek, oldinda qiladigan ishlarimiz ko`p».
Xabar «Neftchi» FK matbuot xizmati yordamida tayyorlandi.