Jurnalistlar uchun may oyidagi eng muhim voqea – Qarshining «Nasaf» klubi o`z maydonida chempionat peshqadamlaridan biri, chempionlikka da`vogarlardan hisoblangan Toshkentning «Lokomotiv» jamoasini mag`lubiyatga uchratgani bo`ldi. Jurnalistlar o`rtasida o`tkazilgan so`rovnoma natijalariga ko`ra, «Nasaf» bosh murabbiyi Ro`ziqul Berdiev «Oyning eng yaxshi murabbiyi» deb topildi, futbolchilar orasida esa qarshiliklar sardori Artur Gevorkyanga teng keladigani topilmadi.
O`zbekiston chempionatining may oyidagi eng yaxshi futbolchisi va murabbiyini aniqlash bo`yicha OAV xodimlari, jurnalistlar o`rtasida 2 iyun, yakshanba kuni boshlangan so`rovnoma 7 iyun, juma kuni yakuniga etdi. So`rovnoma natijalariga ko`ra, jurnalistlar jami 13 nafar murabbiy va 22 nafar futbolchiga ovoz berishdi.
Jurnalistlar tomonidan O`zbekiston Birinchiligi klublarini boshqarayotgan Azamat Abduraimov («Andijon»), Aleksandr Xomyakov («Mash`al»), Tohir Kapadze («Qo`qon-1912»), Botir Koshkenboev («Surxon») kabi mutaxassislar «Oy murabbiyi», Jamshid Hasanov («Mash`al»), Qahramon Bahodirov («Registon») kabi futbolchilarning «Oy o`yinchisi» nomiga da`vogar sifatida ko`rsatilgani e`tiborga molik.
«Oy o`yinchisi» nomi uchun kurash asosan ikki futbolchi o`rtasida kechdi. Mart oyida tengsiz deb topilgan Farhod Tojiev may oyi davomida «Lokomotiv» raqiblari darvozasiga beshta gol urdi, bundan tashqari, jamoadoshining bir goliga hammualliflik qildi. Biroq jurnalistlar uchun may oyi davomida Tojievdan ikkita kam gol urgan, ayni vaqtda, o`sha uch goldan ikkitasini «Lokomotiv» darvozasiga kiritgan «Nasaf» yarim himoyachisi Artur Gevorkyanning sa`i-harakatlarini muhimroq deb bilishdi. «Nasaf»ning turkmanistonlik sardori «temiryo`lchilar» safidagi O`zbekiston milliy terma jamoasi hujumchisini 5 ballga ortda qoldirib, jami 43 ball to`pladi.
Ma`lumot o`rnida, Artur Gevorkyan 2013 yildan yangi tartibda o`tkazilayotgan so`rovnomalarda «Oyning eng yaxshi o`yinchisi» nomiga sazovor bo`lgan ilk legioner-o`yinchiga aylandi. Bu nomni qo`lga kiritish uchun o`tgan ikki oy davomida juda yaqin kelgan «Bunyodkor»ning ukrainalik hujumchisi Aleksandr Pishchur bu safar uchinchi o`rin bilan kifoyalangan bo`lsa, «Navbahor» hujumchisi Ro`zimboy Ahmedov va «Nasaf» yarim himoyachisi Shohruh Gadoev kuchli beshlikdan joy olgan.
«Oy murabbiyi» nomi uchun kurashda «Nasaf» bosh murabbiyi Ro`ziqul Berdievga teng keladigan mutaxassis topilmadi. Qashqadaryolik mutaxassis eng yaqin ta`qibchisi Mirjalol Qosimov («Bunyodkor»)ni 6 ballga ortda qoldirib, 40 ball to`plashga muvaffaq bo`ldi. Ta`kidlash joiz, «Bunyodkor» may oyida Oliy Liga doirasida 4ta o`yin o`tkazib, barchasida g`alaba qozondi, «Nasaf» esa 4ta o`yindan bittasida mag`lub bo`ldi. Biroq «Nasaf» «Lokomotiv» ustidan g`alaba qozonmaganida, «Bunyodkor»ning ketma-ket g`alabalari jamoaning chempionatdagi hozirgi peshqadamlikka ko`tarilishi uchun kamlik qilardi.
Qayd etish o`rinli, bungacha Mirjalol Qosimov ketma-ket ikki oy – mart va aprelda jurnalistlar o`rtasida o`tkazilgan so`rov natijalariga ko`ra «Oyning eng murabbiyi» deb topilgan edi.
«Oy murabbiyi» so`rovnomasida, shuningdek, «Lokomotiv» katta murabbiyi Hakim Fuzaylov, «Guliston» bosh murabbiyi Baxtiyor Ashurmatov va «Paxtakor» bosh murabbiyi Murod Ismoilov kuchli beshlikdan o`rin oldi.
Ma`lumot o`rnida, mart-noyabr oylarida o`tkaziladigan Oyning eng yaxshi futbolchisi va murabbiyi tanlovilarining natijalari umumlashtirib chiqiladi va natijalardan kelib chiqib, O`zPFLning 2013 yildagi eng yaxshi futbolchisi va murabbiyi nomi aniqlanadi.
«Oyning eng yaxshi o`yinchisi» so`rovnomasi may oyi kuchli beshligi:
1. Artur Gevorkyan («Nasaf») – 43 ball.
2. Farhod Tojiev («Lokomotiv») – 38 ball.
3. Aleksandr Pishchur («Bunyodkor») – 13 ball.
4. Ro`zimboy Ahmedov («Navbahor») – 10 ball.
5. Shohruh Gadoev («Nasaf») – 9 ball.
«Oyning eng yaxshi murabbiyi» so`rovnomasi may oyi kuchli beshligi:
1. Ro`ziqul Berdiev («Nasaf») – 40 ball.
2. Mirjalol Qosimov («Bunyodkor») – 34 ball.
3. Hakim Fuzaylov («Lokomotiv») – 22 ball.
4. Baxtiyor Ashurmatov («Guliston) – 17 ball.
5. Murod Ismoilov («Paxtakor») – 14 ball.
Qo`shimcha sifatida:
- Farhod Tojiev va Mirjalol Qosimov – mart oyi laureatlari
- Akmal Xolmatov va Mirjalol Qosimov – aprel oyi laureatlari