O`tgan turda Qarshida 1:2 hisobida «Nasaf»ga imkoniyatni boy bergan «Lokomotiv» bu safar o`z maydonida «Qizilqum» ustidan irodali g`alabaga erishdi.
31 may kuni Toshkentdagi «Lokomotiv» stadionida o`tkazilgan «Lokomotiv» - «Qizilqum» uchrashuvida maydon egalari 3:1 hisobida g`alaba qozonishdi.
«Lokomotiv»ning Toshkentda o`tgan ko`plab uchrashuvlarida an`ana bo`lib qolganidek, «temiryo`lchilar» birinchi o`z darvozalaridan to`p olib chiqishdi. 39-daqiqada Farrux Shotursunovning zarbasi yo`liga «Lokomotiv» posboni Pavel Bugalo to`g`anoq bo`la olmadi.
Biroq, o`yindagi keyingi barcha gollar «Qizilqum» darvozasidan joy oldi. Dastlab, birinchi bo`lim yakunlanishi arafasida Akmal Xolmatov hisobni tenglashtirgan bo`lsa, ikkinchi bo`lim boshida hujumchi Ivan Nagaev «Lokomotiv»ni hisobda oldinga olib chiqdi. Uchrashuv asosiy vaqti yakunlanishiga 10 daqiqa qolganida esa Akmal Xolmatov dublni rasmiylashtirdi.
Ushbu g`alabadan so`ng «Lokomotiv» ochkolari sonini 25taga etkazib, musobaqa jadvalida 2-o`rinda bormoqda. Toshkentlik «temiryo`lchilar» o`tgan tur musobaqa peshqadamligini o`z qo`liga olgan «Bunyodkor»dan 2 ochkoga ortda qolishmoqda. Mavsum autsayderi hisoblangan «Qizilqum» esa 10 uchrashuvda 3 ochko qo`lga kiritgani holda jadvalning eng so`nggi pog`onasini band etib turibdi.
Oliy Liga, 10-tur uchrashuvi
31 may, juma
«Lokomotiv» (Toshkent) – «Qizilqum» (Zarafshon) – 3:1. 2100 tomoshabin.
Hakamlar: M. Muhamedov (Toshkent), R. Serazetdinov (Toshkent), A. Usmonov (Toshkent), R. Tolibjonov (Farg`ona)
Nazoratchi: S. Najafaliev (Toshkent).
Komissar: V. Shtern.
«Lokomotiv»: 1.Pavel Bugalo, 7.Sadriddin Abdullaev (77. Sanjar Tursunov, 77), 8.Akmal Xolmatov, 10. Farhod Tojiev, 16.Jasur Hasanov, 17.Salim Mustafoev (22.Sherzod Sharipov, 67), 19.Islom Inomov, 20.Islom To`xtaxo`jaev, 23.Ivan Nagaev, 29.Viktor Karpenko (6.Dilshod Raxmatullaev, 58) 30.Dilshod Jabborov.
Zaxirada qolganlar: (12.Timur G`aniev, 9. Zayniddin Tojiev, 13. Rustam A`zamov, 18. Smolyachenko Pavel).
«Qizilqum»: 1.Erkin Jabborov, 2.Temur Yafarov, 5.Avaz Agaliev, 6.Farrux Haydarov, 7.Andrey Vlasichev, 8.Farrux Shotursunov, 9.Olim Novkarov (21.G`ulomhaydar G`ulomov, 75), 12.Temur Ayzatulov (23. Sarvar Xolmatov,88), 14.Fayzulla Qambarov, 19.Yannis Mandzukas (41.Aziz G`ulomxo`jaev, 72), 22.Alisher Samatov.
Zaxirada qolganlar: 92.Ravshan Mexmonov, 11.Navro`z Olimov, 15.Muqimjon Toshmatov, 20.Ilya Ilin, 23.
Gollar: A. Xolmatov (45+1, 79), I. Nagaev (49) – F. Shotursunov (39).
Ogohlantirishlar: S. Mustafoev (6), I. Inomov (90+1) – A. Samatov (32), A. Agaliev (67).
Eng yaxshi o`yinchilar: A. Xolmatov – F. Shotursunov.
Uchrashuvdan so`ng
Hakim Fuzaylov, «Lokomotiv» katta murabbiyi: «Uchrashuv boshlangan paytda havo harorati issiq edi. Bunday havoda o`ynash qiyin. Futbolchilarimizda mahorat yuqori ekani bilinib turdi. Lekin ular to`liq mahoratlarini ko`rsata olishmadi. Futbolchilarning yuqori mahorati evaziga g`alaba qozondik».
Rustam Zabirov, «Qizilqum» bosh murabbiyi: «Lokomotivga qarshi birinchi bo`limda ancha yaxshi o`ynadik. Agar qarshi hujumlarda yaratilgan vaziyatlardan foydalana olganimizda vaziyat umuman boshqacha bo`lar edi. Oxirigacha o`ynashga harakat qildik, ammo charchab qoldik»