14 may kuni Osiyo Chempionlar ligasi nimchorak final dastlabki o`yinlari bo`lib o`tadi. Ushbu bosqich doirasida amaldagi O`zbekiston Kubogi sohibi, Toshkentning «Bunyodkor» klubi safarda Tailand Kubogi sohibi «Buriram Yunayted»ga qarshi maydonga tushadi.
Ushbu o`yin arafasida, xuddi «Buriram»da bo`lgani kabi, «Bunyodkor»da bir qator yo`qotishlar bor. Jumladan, asosiy himoyachilardan biri Akmal Shorahmedov sariq kartochkalari soni ikkitaga etgani sabab Tailanddagi o`yinda «Bunyodkor»ga yordam bera olmasa, Ignatiy Nesterov tizzasidan jarohat olgani uchun Janubi-Sharqiy Osiyoga safar qilmagan. «Buriram» tarkibida ham bir qator asosiy futbolchilar, jumladan, jamoaning ispaniyalik etakchi legioneri Karmelo Gonsales va jamoa sardori Suchao Nutnum «Bunyodkor»ga qarshi birinchi o`yinda diskvalifikatsiya sabab maydonga tusha olishmaydi.
14 may, seshanba kuni, Toshkent vaqti bilan 16:00da Buriramdagi «New I-Mobile» stadionida boshlanadigan o`yin arafasida har ikkala jamoa bosh murabbiylari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi. «Bunyodkor» bosh murabbiyi Mirjalol Qosimovning so`zlariga ko`ra, Tailandda uning shogirdlari uchun eng xavfli jihat – mahalliy iqlim bo`ladi.
«Bizni qiziqarli uchrashuv kutib turibdi. Bu bahs biz uchun nihoyatda muhim. Lekin bunday ob-havo sharoitida bor mahoratimizni namoyish eta olishimiz juda mushkul. Bu kabi qiyin sharoitlarda o`zim ham ko`p bor o`ynaganman. Shu bilan birga bu shogirdlarim uchun yana bir yangi sinov. Umid qilamanki, futbolchilar o`z irodalari bilan buni engib o`tishadi va ko`rsatmalarimni to`liq bajarishadi. Raqib ham xuddi biz kabi sharoitda o`ynashini unutmaslik kerak», - deydi Mirjalol Qosimov.
«Albatta. «Buriram Yunayted» – kuchli, shakllangan va tajribali legionerlardan tashkil topgan jamoa. Tailandliklar bejizga guruh bosqichida Yaponiya va Xitoy klublarini ortda qoldirmagan. Ko`proq ob-havodan xavfsirayapman. Raqibga keladigan bo`lsak, ular taktik jihatdan anchayin aqlli futbol namoyish etishadi. Himoyadan tezlik bilan qarshi hujumga o`tishni yaxshi o`zlashtirishgan. Shuningdek, standart vaziyatlaridan unumli foydalanadi. 2-raqamli o`yinchi standartlarni yaxshi bajaradi», - dedi «Bunyodkor» ustozi.
«Safardagi durang yomon natija emas. Biroq biz maksimal natija uchun harakat qilamiz. Futbol – jamoaviy o`yin. Safdan chiqqanlar o`rnini boshqa jamoadoshlari to`ldirsa kerak. Diskvalifikatsiya qilingan «Buriram Yunayted» a`zolari jamoa etakchilari hisoblanishadi. O`ylaymanki, raqib zaxirasida ular o`rnini sezdirmaydigan boshqa futbolchilar topiladi. Agar bunday bo`lmasa, bizga yaxshi bo`ladi», - deya qo`shimcha qildi «Bunyodkor» bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov.
«Buriram Yunayted» bosh murabbiyi Skott Kuperning fikricha, «Bunyodkor» mahoratli futbolchilardan tashkil topgan kuchli jamoa. Shunga qaramay, u va uning shogirdlari bo`lajak o`yinda faqat g`alabani umid qilishgan.
«Buriram Yunayted» Chempionlar ligasining 1/8 finaliga yo`llanma olib, sezilarli o`sishga erishdi. Biroq biz bu yo`lda to`xtab qolmoqchi emasmiz. Jamoamizda texnikasi yuqori bo`lgan futbolchilar judayam ko`p. O`ylashimcha, endi taktik jihatga urg`u beradigan palla etib keldi. Asosiy jamoada tajribali futbolchilar ko`p. Ular qatoriga yangi qon bo`luvchi yoshlarni jalb etish fursati ham keldi, deb o`ylayman», - dedi «Buriram Yunayted» bosh murabbiyi Skott Kuper.
«Ichki chempionat – boshqa, xalqaro musobaqa – umuman boshqa turnir ekanligini alohida ta`kidlamoqchiman. Osiyo Chempionlar ligasining har bir o`yinida katta e`tibor, yuqori mahorat va taktik omil muhim ahamiyatga ega. Bosh murabbiy lavozimiga kelgan bo`lsam-da, jamoa ichida u qadar katta o`zgarish qilmoqchi emasman. Avvalgi murabbiydan menga yaxshi avlod qoldi. Faqatgina jamoaviy o`yinni shakllantirish kerak», - dedi angliyalik mutaxassis.
«Bunyodkor» – Osiyo Chempionlar ligasi guruh bosqichini muvaffaqiyatli bosib o`tayotgan va ikki karra yarim finalga etib kelgan kuchli jamoa. Raqibimiz tarkibida chiziqlar bo`yicha juda mahoratli futbolchilar jamlanishgan. Murabbiylar shtabi ham juda katta tajribaga ega. Shunday ekan, bizni juda qiyin bahs kutib turibdi. Biroq biz o`z kuchimizga ishonamiz va raqibdan aslo cho`chimaymiz. O`z maydonimizda o`ynayotganimiz kichik ustunlik beradi. Raqibni hurmat qilamiz, biroq maksimal natijani qayd etish uchun harakat qilamiz», - deya qo`shimcha qildi «Buriram Yunayted» bosh murabbiyi Skott Kuper.
Xabar «Bunyodkor» FK matbuot xizmati yordamida tayyorlandi.