Akmal Xolmatov va Mirjalol Qosimov – aprel oyi laureatlari!

13.05.2013

Akmal Xolmatov va Mirjalol Qosimov – aprel oyi laureatlari!

Mart oyida bo`lganidek, «Oyning eng yaxshi o`yinchisi va murabbiyi» nomi yana Toshkentning «Lokomotiv» va «Bunyodkor» jamoasi vakillariga nasib etdi. Oy o`yinchisi nomi uchun kurashda «Lokomotiv» yarim himoyachisi Akmal Xolmatov «Bunyodkor»ning ukrainalik hujumchisi Aleksandr Pishchurni bir ochkoga ortda qoldirgan bo`lsa, «Bunyodkor» bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov ketma-ket ikkinchi oy tengsiz deb topildi.

O`zbekiston chempionatining aprel oyidagi eng yaxshi o`yinchisi va murabbiyini aniqlash bo`yicha OAV xodimlari, jurnalistlar o`rtasida 5 may, yakshanba kuni boshlangan so`rovnoma 10 may, juma kuni yakuniga etdi. So`rovnoma natijalariga ko`ra, futbol jurnalistlari jami 10 nafar murabbiy va 15 futbolchiga ovoz berishdi.

«Oyning o`yinchisi»ni aniqlash bo`yicha so`rovnomada g`olib nomini atigi bir ochko hal qildi. «Bunyodkor» hujumchisi Aleksandr Pishchur 19 ochko to`plagan bo`lsa, aprel oyida ayniqsa «Paxtakor»ga qarshi o`yinda (1:2) o`zini yaxshi tomondan ko`rsatgan «Lokomotiv» yarim himoyachisi Akmal Xolmatov undan bir ochko ko`proq jamg`ardi – Toshkent derbisida Xolmatov bir gol urib, g`alaba to`piga hammualliflik qilgan edi. Mart oyining eng yaxshi o`yinchisi, «Lokomotiv» to`purari Farhod Tojiev esa aprel oyi so`rovnomasida uchinchi bo`ldi.

E`tiborli tomoni, Aleksandr Pishchur mart oyi so`rovnomasida ham ikkinchi bo`lgandi. Aprel oyining eng kuchli futbolchilari beshligidan, shuningdek, «Navbahor» hujumchisi Ro`zimboy Ahmedov va «Paxtakor» yarim himoyachisi G`ulom O`runov ham o`rin olgan.

«Oy murabbiyi» nomi uchun kurashda Mirjalol Qosimov yaqqol ustunlik bilan g`olib chiqdi. Aprel oyida Qosimov shogirdlari Oliy Liga bahslarida ketma-ket ikkita yirik hisobli g`alabalarni qo`lga kiritishdi, eng asosiysi, Osiyo Chempionlar ligasi guruh bosqichi doirasida to`rtta o`yin o`tkazib, ularning birortasida mag`lubiyatga uchrashmadi va ketma-ket oltinchi marta musobaqa guruh bosqichini muvaffaqiyatli yakunlab, nimchorak final bosqichi yo`llanmasini qo`lga kiritishdi.

«Oy murabbiyi» nomiga da`vogarlik qilgan «Lokomotiv» katta murabbiyi Hakim Fuzaylov «Bunyodkor» ustozidan 11 ochko kam jamg`argan bo`lsa, «Navbahor» bosh murabbiyi Mustafo Bayramov, «Guliston» ustozi Baxtiyor Ashurmatov, shuningdek, bir xilda – 10 ochkodan jamg`argan «Olmaliq» bosh murabbiyi Igor Shkvirin va «Nasaf» ustozi Ro`ziqul Berdiev kuchli beshlikdan o`rin olishdi.

Ma`lumot o`rnida, mart-noyabr oylarida o`tkaziladigan Oyning eng yaxshi futbolchisi va murabbiyi tanlovilarining natijalari umumlashtirib chiqiladi va natijalardan kelib chiqib, O`zPFLning 2013 yildagi eng yaxshi futbolchisi va murabbiyi nomi aniqlanadi.

«Oyning eng yaxshi o`yinchisi» so`rovnomasi aprel oyi kuchli beshligi:
1. Akmal Xolmatov («Lokomotiv») – 20 ball.
2. Aleksandr Pishchur («Bunyodkor») – 19 ball.
3. Farhod Tojiev («Lokomotiv») – 16 ball.
4. Ro`zim Ahmedov («Navbahor») – 9 ball.
5. G`ulom O`runov («Paxtakor») – 7 ball.

«Oyning eng yaxshi murabbiyi» so`rovnomasi aprel oyi kuchli beshligi:
1. Mirjalol Qosimov («Bunyodkor») – 33 ball.
2. Hakim Fuzaylov («Lokomotiv») – 22 ball.
3. Mustafo Bayramov («Navbahor») – 18 ball.
4. Baxtiyor Ashurmatov («Guliston») – 15 ball.
5. Igor Shkvirin («Olmaliq») va Ro`ziqul Berdiev («Nasaf») – 10 balldan.

Qo`shimcha sifatida:
- Farhod Tojiev va Mirjalol Qosimov – mart oyi laureatlari

cola
apex
mib
mib
mib
mib