9 may kuni o`tkazilgan «Navbahor» – «Bunyodkor» o`yini bilan Oliy Liga 8-tur uchrashuvlari start oldi.
9 may, payshanba kuni Namanganning «Navbahor» jamoasi o`z maydonida Oliy Liga etakchilaridan biri, Toshkentning «Bunyodkor» jamoasini qabul qildi. O`yin 3:0 hisobida Mirjalol Qosimov boshqaruvidagi mehmonlar foydasiga hal bo`ldi. Ushbu g`alaba «Bunyodkor»ni kamida 13 maygacha musobaqa peshqadamiga aylantirdi.
Uchrashuvda hisob 31-daqiqada «Bunyodkor»ning ukrainalik hujumchisi Aleksandr Pishchur Anvar G`ofurov tomonidan qanotdan etkazib berilgan to`pni raqib darvozasiga to`g`rilab qo`yishi bilan ochildi - ushbu vaziyatda to`p «Navbahor» vakili Qahramon Muhammadjonovning oyog`idan darvozaga kirdi. Ikkinchi bo`limning 25-daqiqasida Pishchur, o`zi ishlagan penaltini muvaffaqiyatli amalga oshirib, ketma-ket uchinchi o`yinda gol urishga muvaffaq bo`ldi.
Uchrashuv asosiy vaqti yakunlanishiga sanoqli daqiqalar qolganida «Bunyodkor» yarim himoyachisi Lutfulla To`raev hisobni yirik ko`rinishga keltirgan gol muallifiga aylandi. Bu vaziyatda, Jasur Hasanov burchak zarbasini amalga oshirganidan so`ng Pishchur «Navbahor» darvozasiga bosh bilan zarba berdi, biroq namanganliklar posboni Denis Romanenko qaytarishga muvaffaq bo`ldi. Qaytgan to`pga esa hammadan birinchi To`raev etib keldi.
Qayd etish joiz, «Bunyodkor» 5-turda «Olmaliq»ga 1:3 hisobida imkoniyatni boy berganidan beri ketma-ket uchinchi o`yinda yirik hisobda g`alaba qozonmoqda. Mirjalol Qosimov shogirdlari bungacha 7-turda «Buxoro»ni 4:0, 6-turda esa «Dinamo»ni safarda 3:0 hisobida mag`lub etishgan edi. E`tiborli tomoni, «Bunyodkor» mavsum davomida 7ta g`alabaga erishgan bo`lsa, shundan oltitasida yirik hisob qayd etilgan.
O`z navbatida, «Navbahor»ning 5-turdan beri davom etayotgan g`alabali seriyasi o`z nihoyasiga etdi. Mustafo Bayramov shogirdlari 5-turda «Qizilqum»ni mehmonda 1:0, 6-turda esa o`z maydonida «Guliston» yirik – 3:0 hisobida mag`lub etishgan edi. 7-tur doirasida «Olmaliq»ga qarshi kechgan safar o`yini esa 4:3 hisobida namanganliklar foydasiga hal bo`ldi, mavsumning o`ziga xos bezagiga aylangan edi.
9-turda «Navbahor» «Buxoro» mehmoni bo`ladi, «Bunyodkor» esa o`z maydonida «Sho`rtan»ni qabul qiladi. Buxorodagi o`yin 25 may, shanba kuni o`tkazilsa, Toshkentdagi bahs 26 may, yakshanba kuni rejalashtirilgan.
Qo`shimcha sifatida, 8-tur doirasidagi qolgan o`yinlar 10-13 may kunlari o`tkaziladi.
Oliy Liga-2013, 8-tur uchrashuvi
8 may, payshanba
«Navbahor» (Namangan) – «Bunyodkor» (Toshkent) 0:3 (0:1). 10265 tomoshabin.
Hakamlar: R. Bobomurodov (Navoiy), R. Samandarov (Navoiy), O. Jumaev (Navoiy), A. Rahimov (Andijon).
Nazoratchi: A. Arutyunov (Toshkent).Kosonsoy. «Markaziy» o`yingoh: 10265 tomoshabi.
«Navbahor»: 16. Denis Romanenko, 4. Abdumajit Toirov (3. Botir To`raboev, 76), 6. Leonid Koshelev (8. Azim Ahmedov, 69), 9. Ilhom Boydedaev, 10. Akram Bahriddinov, 13. Temur Sultonov, 20. G`ayrat Jo`raev, 22. Ro`zimboy Ahmedov, 26. Qahramon Muhammadjonov, 30. Sobir Hamidov (17. Sohib Abdullaev, 60), 32. Jahongir Mehmonov.
Zaxirada qolganlar: 1. Viktor Mochalov, 7. Abduaziz Sultonov, 15. Vitaliy Pochuev, 21. A`zam Aliev.
«Bunyodkor»: 25. Murod Zuhurov, 4. Xayrulla Karimov, 6. Anvar G`ofurov (9. Igor Taran, 87), 7. Marko Blajich (14. Alibobo Rahmatullaev, 67), 8. Javlon Ibrohimov, 11. Aleksandr Pishchur, 13. Lutfullo To`raev, 16. Artyom Filiposyan, 18. Fozil Musaev (5. Dilshod Jo`raev, 74), 19. Jasur Hasanov, 33. Oleg Zoteev.
Zaxirada qolganlar: 45. Akbar To`raev, 17. Kamoliddin Murzoev, 21. Sardor Rashidov, 23. Sahob Jo`raev.
Gollar: Q. Muhammadjonov (32, avtogol), A. Pishchur (72, penalti), L. To`raev (89).
Ogohlantirishlar: D. Romanenko (25), T. Sultonov (71) – F. Musaev (25), A. G`ofurov (82).
Eng yaxshi o`yinchilar: A. Bahriddinov - L. To`raev.
Uchrashuvdan so`ng
Mustafa Bayramov, «Navbahor» bosh murabbiyi: «Futbolchilarimiz yomon o`yin ko`rsatishmadi. Fikrimcha, hakamlar bugungi o`yinni buzdi. Aynan ularning chiqargan qarorlari o`yinga ta`sir ko`rsatdi. Aslini olganda ular jamoalarga imkon berishlari kerak edi. To`g`ri, barcha aybni ham hakamlarga to`nkab bo`lmaydi. Jamoamiz bugun ham g`alabani ko`zlagandi. Biroq bu safar omadimiz chopmadi. Olmaliqda katta kuch sarflaganimiz ham o`z so`zini aytdi. Umuman olganda, «Bunyodkor» – kuchli raqib. Shunday bo`lsa-da, toshkentliklarga munosib qarshilik ko`rsatishga harakat qildik. «Bunyodkor» bu yil O`zbekiston chempioni bo`lsa kerak».
Mirjalol Qosimov, «Bunyodkor» bosh murabbiyi: «Uchrashuv davomida to`liq ustunlikka erishganligimiz bois haqli ravishda g`alaba qozondik. Shu sababli natijadan ham o`yindan, ham to`liq qoniqish hosil qildim. To`g`ri, ayrim kamchiliklar ham kuzatildi. Lekin bu kabi holat futbolda kuzatilib turadi. Har ikki bo`limda ham tashabbusga erishib, «Navbahor»ga imkon bermadik. Bahs boshida mezbonlarni xavfli hujumini inobatga olmaganda, ular darvozamizga xavf sola bilishmadi».
Xabar «Navbahor» FK va «Bunyodkor» FK matbuot xizmati yordamida tayyorlandi.