Oliy Liga, 7-tur: «Bunyodkor»da yirik g`alaba, «Paxtakor»da nursiz durang

05.05.2013

Oliy Liga, 7-tur: «Bunyodkor»da yirik g`alaba, «Paxtakor»da nursiz durang

5 may kuni Oliy Liga 7-tur bahslari doirasidagi so`nggi ikki o`yin bo`lib o`tdi.

Toshkentda «Buxoro»ni qabul qilgan «Bunyodkor» 4:0 hisobida g`alaba qozondi. «So`g`diyona» uyiga safar qilgan amaldagi O`zbekiston chempioni – «Paxtakor» mavsumdagi uchinchi o`yinda ochko yo`qotdi.

«Buxoro» ustidan qozonilgan g`alaba «Bunyodkor»ga peshqadam «Lokomotiv» bilan oradagi farqni 1 ochkogacha qisqartirish imkonini bergan bo`lsa, bitta kam o`yin o`tkazgan «Paxtakor» 10 ochko bilan 6-o`rinda bormoqda.

Oliy Liga, 7-tur uchrashuvlari
5 may, yakshanba
«So`g`diyona» (Jizzax) – «Paxtakor» (Toshkent) – 0:0. 5100 tomoshabin.
Hakamlar:
Z. Qodirov (Navoiy), R. Ilyosov (Toshkent), M. Saidqosimov (Toshkent), V. Najafaliev (Toshkent).
Nazoratchi: S. Ermatov (Toshkent).
Komissar: A. Xudoydotov.
«So`g`diyona»: 1.Aleksandr Melenchuk, 2.Javodullo Ibrohimov, 3.Ilhom Komilov (4.Asil Begimqulov, 79), 5.Ilyos Qurbonov (9.Xurshid Yo`ldoshev, 62), 6.Murodjon Toshmatov, 13.Jalil Kimsanov, 18.Suhrob Berdiev, 19.Siroj Hamroev, 22.Orif Mamajonov (25.Sardor Qahhorov, 76), 24.Elyor Oripov, 41.Ayubxon No``monov.
Zaxirada qolganlar: 16.Shirinboy Abdullaev, 7.Rasul Hayitov, 14.Renat Bayramov, 17.Sanjar Rashidov.
«Paxtakor»: 12.Aleksandr Lobanov, 3.G`ulom O`runov (4.Boyan Miladinovich, 70), 5.Akbar Ismatullaev, 6.Murod Xolmuhammedov (38.Abbos Maxstaliev, 63), 7.Kaxi Maxaradze, 9.Temurxo`ja Abduxoliqov, 10.Jora Oganesyan (15.Jamshid Iskanderov, 46), 19.Igor Sergeev, 23.Aleksandr Merzlyakov, 24.Davron Hoshimov, 29.Vladimir Kozak.
Zaxirada qolganlar: 1.Nikita Ribkin, 22.Abdulaziz Yusupov, 18.San`at Shixov, 34.Oybek Qilichev.
Ogohlantirishlar: J. Kimsanov (90+3) – T. Abduxoliqov (60).
Eng yaxshi o`yinchilar: A. No``monov – T. Abduxoliqov.

Uchrashuvdan so`ng
Murod Ismoilov, «Paxtakor» bosh murabbiyi:
«OChL doirasidagi «Al-Shabab» bilan bo`lgan o`yindan so`ng futbolchilarda ruhiy tiklanish yaxshi bo`lmaganga o`xshadi. Sabab, biz o`sha o`yinda katta kuch sarflagandik. Lekin shunga qaramay bugun shogirdlarim yaxshi harakat qilishdi. Biroq, o`sha eski «kasalligimiz» pand berdi. Ko`plab xavfli vaziyatlar tashkillashtirilayapti, lekin shu xujumlarni oxiriga etkazadigan futbolchilar topilmayapti. Bu achinarli holat, albatta. Kamchiliklarimiz ustida mashg`ulotlarda ishlaymiz. «So`g`diyona» bugun asosan himoyada o`ynadi va stadionni to`ldirgan muhlislarning qo`llab-quvvatlashlari ularga qo`shimcha kuch berdi. Bugun bizni durang qoniqtirmasdi. Endi bor e`tiborni keyingi o`yinlarga qaratamiz.

«Miladinovichning maydonga qaytishini anchadan beri kutayotgan edik. Bugun mana maydonga tushib ozmi-ko`pmi jamoamizga yordam berishga harakat qildi. Uning safga qaytganidan hammamiz xursandmiz. Endi himoya chizig`imizda mavjud bo`lgan bo`shliq va kamchiliklar ushbu futbolchi orqali yopiladi. Bizga maydonda Boyan kabi etakchi etishmayotgandi. Murod Xolmuhamedov o`ynagan qanotdan ko`plab hujumlar tashkil etilganiga to`xtaladigan bo`lsam, balki jizzaxliklar jamoamizni yaxshiroq o`rganib chiqishgandir. Holmuhammedov anchadan beri zahiradan maydonga tushayotgandi. Bugun u asosiy tarkibda harakat qildi. Lekin bir-ikki vaziyatda xatolarga yo`l qo`ydi.

Davron Fayziev, «So`g`diyona» bosh murabbiyi: «Bugun har ikkala jamoa ham muxlislarga yoqadigan futbol namoyish qilishdi desak hato bo`lmaydi. «Paxtakor» bizning azaliy raqiblarimizdan biridir. Ushbu uchrashuvga biz jiddiy hozirlik ko`rgandik. Mashg`ulotlarimiz natijasini bugun barcha maydondagi harakatlarimiz orqali kuzatishdi. Ha, aytmoqchi, bugun biz yana bir an`anaga chek qo`ydik. «So`g`diyona» «Paxtakor»ni so`nggi bor 1999 yil mag`lub etgan. Shundan keyin faqat mag`lubiyatga uchragan. Bugun, garchand g`alaba qozona olmagan bo`lsak-da, noxush an`anaga chek qo`ydik».

* * *

«Bunyodkor» (Toshkent) – «Buxara» (Buxara) – 4:0. 3162 tomoshabin.
Hakamlar:
H. Ro`ziev (Toshkent), R. Fozilov (Namangan), M. Majidov (Namangan), A. Ergashev (Toshkent).
Nazoratchi: A. Popov (Toshkent).
Komissar: F. Magametov.
«Bunyodkor»: 1.Ignatiy Nesterov, 2.Akmal Shorahmedov (3.Abduqahhor Hojiakbarov 58), 4.Xayrulla Karimov, 5.Dilshod Jo`raev, 6.Anvar G`ofurov, 7.Marko Blajich, 9.Igor Taran, 11.Aleksandr Pishchur (17.Kamoliddin Murzoev 67), 13.Lutfulla To`raev (18.Fozil Musaev 54), 19.Jasur Hasanov, 33.Oleg Zoteev.
Zaxirada qolganlar: 25.Murodjon Zuhurov, 8.Javlon Ibrohimov, 14.Alibobo Rahmatullaev, 21.Sardor Rashidov.
«Buxoro»: 20.Sardor Qobuljonov, 2.Naoya Shibamura, 4.Devid Oniya, 5.Georgiy Kvesiashvili, 8.Alisher Mahmudov, 10.Alisher Sanaev (19.Jamshid Hasanov 75), 11.Otabek Valijonov, 14.Vohid Shodiev, 17.Otabek Narzullaev (7.Aleksey Nikolaev 38), 21.Bahriddin Vahobov (6.Evgeniy Kochnev 82), 24.Asqar Muhitdinov.
Zaxirada qolganlar: 30.Botir Nosirov, 15.Nozim Umurov, 44.Nodirjon Jo`raev, 77.Azizbek Murotov.
Gollar: L. To`raev (19), O. Zoteev (21), A. Pishchur (34, 45+1).
Ogohlantirishlar: A. Shorahmedov (57), D. Juraev (76) – O. Valijonov (37).
Eng yaxshi o`yinchilar: A. Pishchur – V. Shodiev.

Uchrashuvdan so`ng
Murod Otajonov, «Bunyodkor» murabbiyi:
«Bugungi o`yin va natijadan xursandmiz. Murabbiylar shtabi futbolchilarimizning hamma hatti-harakatlaridan qoniqish hosil qilishdi. Ayniqsa, birinchi bo`limda ko`rsatilgan ajoyib o`yin juda ham yoqdi. Ikkinchi bo`limda Akmal Shorahmedov o`rniga Abduqahhor Xojiakbarovni maydonga tushirib, uning harakatlarini kuzatdik. Maydon holati avvalgidek yaxshilangan. Bundan ham yaxshi bo`lishini istardik. Agar rostini aytadigan bo`lsam, Osiyo Chempionlar ligasining 1/8 finalida Xitoy yoki Yaponiya jamoasi raqib bo`lishini kutgandik. Taqdir kutilmaganda bizga Tailandning «Buriram Yunayted» klubini ro`baro` qildi. Raqib ishtirokidagi videotasmalarni ko`rib chiqamiz va shunga yarasha xulosa qilamiz».

Tachmurad Agamuradov, «Buxoro» bosh murabbiyi: «Avvalov «Bunyodkor»ni haqli g`alaba bilan tabriklamoqchiman. Bizda ikki xil bo`lim bo`ldi: birinchisida yosh bolalardek hatolar qildik, ikkinchisida esa o`zimizga kelib bir muncha yaxshi vaziyatlar yaratdik. Bu erda ikkinchi bo`limda «Bunyodkor» hisobdan kelib chiqib o`ynaganligini ham qo`shimcha qilish kerak. Bir bo`lim yaxshi, ikkinchisida yomon o`ynayotganimiz birinchi bor bo`layotgani yo`q. Bunday nostabil o`yinlarimiz ko`pdan beri takrorlanyapti. Vaziyatni o`nglashga harakat qilamiz. May oyida Buxoro shahrida Universiada musobaqalari bo`lib o`tadi. Ayni damda shaharda keng ko`lamli tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Shu boisdan ham o`z uy uchrashuvlarimizni boshqa-boshqa stadionlarda o`tkazyapmiz. Birinchi davrada ko`proq ochko jamg`arishga harakat qilamiz. Ana o`shanda ikkinchi davrada qiynalib qolmaymiz. Darvoqe, «Bunyodkor» stadioni maydoni ancha yaxshi holatga kelib qolganini aytib o`tmoqchiman».

Xabar «Bunyodkor» FK va «So`g`diyona» FK matbuot xizmatlari yordamida tayyorlandi.

cola
apex
mib
mib
mib
mib