Oliy Liga 6-tur uchrashuvlari doirasida Farg`onada o`tkazilgan «Neftchi» hamda «Nasaf» jamoalari o`rtasidagi o`yinda g`olib aniqlanmadi.
20 aprel, shanba kuni musobaqa jadvalining quyi pog`onalarida borayotgan Farg`onaning «Neftchi» jamoasi o`z maydonida sovrinli o`rinlar uchun kurash olib borayotgan Qarshining «Nasaf» jamoasini qabul qildi. Yuriy Sarisyan shogirdlari bungacha 1ta o`yinda g`alaba qozonib, qolgan 4ta o`yinda, jumladan, Farg`onada kechgan uchta o`yindan ikkitasida imkoniyatni boy bergan edi. «Nasaf» esa beshta o`yinda to`plash mumkin bo`lgan 15 ochkodan 10tasini qo`lga kiritgan edi.
O`zaro o`yinda «Neftchi» katta ustunlik bilan to`p surdi va 12-daqiqadayoq hisobni ochishga muvaffaq bo`ldi. Farg`onaliklarning yosh iqtidorli yarim himoyachilaridan biri – Sardor Mirzaevning 20 metrlar masofadan yo`llagan zarbasi, «Nasaf» o`yinchilaridan rikoshet bo`lib, Eldorbek Suyunov qo`riqlayotgan darvozaga borib tushdi.
«Nasaf» faqatgina ikkinchi bo`limda hisobni tenglashtirish uddasidan chiqa oldi. Qayd etish joiz, bungacha Ro`ziqul Berdiev shogirdlari maydonda bir kishi kam bo`lib qolishganda – 34-daqiqada o`yindagi ikkinchi sariq kartochkasini olib ulgurgan Zohid Abdullaev jamoadoshlarini qiyin ahvolga solib qo`ydi. Shunga qaramay, 75-daqiqada Artur Gevorkyan tomonidan urilgan gol «Nasaf»ni mag`lubiyatdan qutqarib qoldi.
Ushbu natijadan so`ng «Neftchi» 14 jamoa orasida 12-o`rinni egallab turgan bo`lsa, «Nasaf» kuchli to`rtikda bormoqda – Qarshi klubi bilan peshqadam «Lokomotiv» orasidagi ochkolari farqi, hozircha, 5taga teng.
7-turda Yuriy Sarkisyan shogirdlari Zarafshonga safar qilib, «Qizilqum»ga qarshi maydonga tushishadi. Ushbu o`yin 4 may, shanba kuni o`tkaziladi. Xuddi shu kuni «Nasaf» o`z maydonida «Metallurg»ni qabul qiladi.
Oliy Liga-2013, 6-tur uchrashuvi
20 aprel, shanba
«Neftchi» (Farg`ona) – «Nasaf» (Qarshi) 1:1 (1:0).
Gollar: S. Mirzaev (12) – A. Gevorkyan (75).
Chetlatish: Z. Abdullaev (34).