Mavsumni ko`tarinki kayfiyatda o`tkazayotgan Bekobodning «Metallurg» jamoasi Jizzaxning «So`g`diyona» jamoasiga qarshi o`yinda birinchi bo`lib o`z darvozasidan to`p olib chiqqaniga qaramay, oxir-oqibat g`alaba qozonishga muvaffaq bo`ldi.
20 aprel kuni Bekobodda «Metallurg» va «So`g`diyona» ishtirokidagi Oliy Liga 6-tur uchrashuvi o`tkazildi. Qiziqarli kurashlarga boy bo`lgan o`yin 2:1 hisobida «Metallurg» g`alabasi bilan yakuniga etdi.
Uchrashuvda hisob 29-daqiqada «So`g`diyona» vakili Orifjon Mamajonov tomonidan ochildi. Biroq Davron Fayziev shogirdlari hisobdagi ustunlikni tanaffusgacha saqlab qola bilishmadi. Birinchi taym yakunlanishiga besh daqiqadan kamroq vaqt qolganida «Metallurg»ning yosh hujumchilaridan Shahzodbek Nurmatovni hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo`ldi.
Aynan Nurmatov tomonidan ikkinchi bo`limda urilgan yagona gol «Metallurg»ning muhim g`alabani qo`lga kiritishiga omil bo`ldi. Ushbu g`alabadan so`ng Rustam Mirsodiqov shogirdlari kuchli uchlikka qaytib kirishdi va ayni vaqtda, 13 ochko bilan, musobaqa peshqadami – «Lokomotiv»dan 3 ochkoga ortda qolishmoqda.
7-turda «Metallurg» Qarshida «Nasaf» mehmoni bo`ladli, «So`g`diyona» esa o`z maydonida «Paxtakor»ni qabul qiladi. Bekobodliklarning o`yini 4 may kuniga belgilangan bo`lsa, Jizzax jamoasi o`z uchrashuvini 5 may kuni o`tkazadi.
Oliy Liga-2013, 6-tur uchrashuvlari
20 aprel, shanba
«Metallurg» (Bekobod) – «So`g`diyona» (Jizzax) 2:1 (1:1)
Gollar: Sh. Nurmatov (39, 49) – O. Mamajonov (29).