Oliy Liga 6-tur uchrashuvlari Samarqandda o`tgan «Dinamo» – «Bunyodkor» o`yini bilan start oldi.
«Dinamo» va «Bunyodkor» jamoalari o`rtasidagi Oliy Liga 6-tur uchrashuvi Toshkent klubining yirik hisobdagi g`alabasi bilan yakuniga etdi. 5-turda Olmaliqda 2013 yilgi mavsumdagi ilk mag`lubiyatini tan olgan Mirjalol Qosimov shogirdlari «Dinamo» darvozasiga javobsiz uchta gol urishdi.
O`yin «Bunyodkor»ning ukrainalik hujumchisi Aleksandr Pishchur uchun ayniqsa omadli keldi. U Samarqand jamoasiga qarshi o`yinda Oliy Liganing jori mavsumidagi o`zining 5- va 6-gollarini urishga muvaffaq bo`ldi. «Bunyodkor»ning yana bir goli jamoaning boshqa bir legioneri – Marko Blajich hisobiga yozildi.
«Dinamo» esa ketma-ket ikkinchi o`yinda yirik hisobda imkoniyatni boy bermoqda. Jamoa avvalgi turda «Paxtakor» maydonida mehmon bo`lib, 0:4 hisobida mag`lub bo`lgandi. E`tiborli tomoni, Kamo Gazarov shogirdlari hali biror marta raqiblar darvozasini ishg`ol eta olmagan Oliy Ligadagi yagona jamoa bo`lib qolishmoqda.
7-turda «Bunyodkor» o`z maydonida «Buxoro»ni qabul qiladi (5 may, yakshanba), «Dinamo» esa Toshkentga safar qilib, «Lokomotiv» mehmoni bo`ladi (3 may, juma).
Oliy Liga, 6-tur uchrashuvi
18 aprel, payshanba
«Dinamo» (Samarqand) – «Bunyodkor» (Toshkent) – 0:3. 5743 tomoshabin.
Hakamlar: V. Tseytlin (Toshkent), H. Shodmonov (Buxoro), A. Tsapenko (Toshkent viloyati), A. Kenjaev (Navoiy).
Nazoratchi: V. Valitskiy (Toshkent).
«Dinamo»: 27.Andrey Melenchuk, 3.Maksim Kolyadin (26.Komil Sharofetdinov 31), 6.Akmal Bozorov (21.Azamat Bobojonov 68), 9.Vladimir Kilikevich, 10.To`lqin Mirzaev, 13.Aleksandr Kletskov, 16.Akmal Xolmurodov, 18.Sirojiddin Sayfiev, 22.Firdavs Abdusalomov, 24.Timur Dadashev (17.Abdulla Nabiev 83), 25.Nodir Sanoqulov
Zaxirada qolganlar: 1.Igor Mixaylov, 8.Yunus Suyunov, 11.Bobur Nasimov, 17.Abdulla Nabiev, 23.Timur Sharipov
«Bunyodkor»: 1.Ignatiy Nesterov (s), 2.Akmal Shorahmedov (3.Abduqahhor Hojiakbarov 72), 4.Xayrulla Karimov (5.Dilshod Jo`raev 58), 7.Marko Blajich, 8.Javlon Ibrohimov, 11.Aleksandr Pishur, 13.Lutfulla To`raev, 16.Artyom Filiposyan, 18.Fozil Musaev (9.Igor Taran 66), 19.Jasur Hasanov, 33.Oleg Zoteev
Zaxirada qolganlar: 25.Murodjon Zuhurov, 6.Anvar G`ofurov, 14.Alibobo Rahmatullaev, 17.Kamoliddin Murzoev
Gollar: A. Pishchur (18, 52), M. Blajich (21).
Ogohlantirish: V. Kilikevich («Dinamo», 38).
Eng yaxshi o`yinchilar: A. Melnichuk – A. Pishchur.
Uchrashuvdan so`ng
Kamo Gazarov, «Dinamo» bosh murabbiyi: «Shogirdlarim bugun maydonda bor kuchlarini sarflashdi. Ammo jamoalar safidagi futbolchilarning saviyasi orasida farq katta edi. Aynan shu jihat bugun muhim rol o`ynadi. Bizning tarkibimiz asosan yosh mahalliy futbolchilardan iborat, raqibimiz esa deyarli teng kuchga ega ikki kuchli tarkibdan tashkil topgan. Agar 0:1 hisobi davom etayotgan vaqtda vaziyatlardan foydalana olganimizda, o`yin boshqacha tus olardi. Ammo vaziyatlarda omad bizdan yuz o`girdi».
Murod Otajonov, «Bunyodkor» klubi yordamchi murabbiyi: «Bugungi uchrashuvda yirik hisobda g`alaba qozongan bo`lsak-da, o`yin oson bo`lgani yo`q. «Dinamo» minglab muxlislari qarshisida ancha ehtiyotkor o`yin namoyish etib, vaziyatlardan foydalana olmadi. Biz esa o`tgan turda Olmaliqda omadsizlikka uchraganimiz bois, bugun faqat g`alaba qozonishimiz shart edi. Buni yigitlar uddalaganlaridan xursandman».
Xabar «Dinamo» FK matbuot xizmati yordamida tayyorlandi.