Dastlabki to`rt tur yakuniga ko`ra Oliy Liga peshqadami bo`lib kelgan «Bunyodkor» «Olmaliq»ga qarshi o`yinda mavsumdagi ilk mag`lubiyatni tan olishga majbur bo`ldi.
14 aprel, yakshanba Oliy Liga 5-tur uchrashuvlari doirasida Olmaliqning «Olmaliq» jamoasi o`z maydonida Toshkentning «Bunyodkor» jamoasini qabul qildi. E`tibori tomoni, ushbu uchrashuvgacha tomonlarning hech biri mag`lubiyatga uchramagan, ayniqsa, «Bunyodkor» hali biror o`yinda ochko ham yo`qotmagan va o`z darvozasidan birorta gol olib chiqmagan edi.
«Olmaliq» ko`tarinki ruhda o`tkazgan o`yin maydon egalarining 3:1 hisobidagi g`alabasi bilan yakuniga etdi. Uchrashuvda hisob 11-daqiqada, «Olmaliq» hujumchisi Zafar Polvonovning golidan so`ng ochildi. Oradan bir daqiqa o`tar-o`tmas «Bunyodkor» hujumchisi Kamoliddin Murzoev penaltidan unumli foydalanib, hisobni tenglashtirdi. Biroq, ikkinchi bo`limda «Olmaliq»ning etakchi himoyachilaridan Evgeniy Gogol tomonidan urilgan ikki gol o`yin taqdirini hal qildi.
Rossiyalik himoyachi dastlab 59-daqiqada, Doston Abdurahmonov amalga oshirgan burchak zarbasidan so`ng to`pni to`xtatmasdan «Bunyodkor» darvozasiga to`g`rilab qo`ygan bo`lsa, 70-daqiqada 35 metrlar masofadan belgilangan jarima zarbasini mohirlik bilan amalga oshirib, to`pni Ignatiy Nesterov darvozasiga joylab qo`ydi.
Ushbu g`alabadan so`ng «Olmaliq» mag`lubiyatsiz yurishini beshta o`yinga etkazib, chempionatda mag`lubiyatga uchramagan ikki jamoadan biri bo`lib turibdi. Jamoa ochkolari soni 9taga etib, peshqadam «Lokomotiv» bilan oradagi ochkolar farqini 4tagacha qisqardi. «Bunyodkor» esa 12 ochko bilan 2-o`rinda qoldi.
6-turda «Olmaliq» «Buxoro» mehmoni bo`ladi, «Bunyodkor» esa Samarqandda «Dinamo»ga qarshi maydonga maydonga tushadi. «Olmaliq»ning o`yini 20 aprel kuni o`tkazilsa, Mirjalol Qosimov shogirdlari 18 aprel kuni safar qilishadi.
Oliy Liga-2013, 5-tur uchrashuvi
14 aprel, yakshanba
«Olmaliq» (Olmaliq) – «Bunyodkor» (Toshkent) 3:1 (1:1). 5785 tomoshabin.
Hakamlar: Valentin Kovalenko, Mamur Saidkasimov, Rafael Ilyasov, Ravshan Kopadze.
«Olmaliq»: 1.Maqsatmurot Shomirodov, 2.Temur Kagirov, 5.Evgeniy Gogol, 6.Akmal Rustamov, 7.Doston Abdurahmonov, 9.Zafar Polvonov (8.Zafar To`raev, 74), 11.Zohir Pirimov (23. Sherali Jo`raev, 76), 13.Igor Petkovich, 20.Darko Stanoevich, 22.Sanjar Shoahmedov, 24.Diyor Turopov (3.Azamat Isroilov, 69).
Zaxirada qolganlar: 16.Umidjon Xonimqulov, 14.Isroil Ergashev, 18. Samandar Shodmonov, 21. Shahboz Erkinov.
«Bunyodkor»: 1.Ignatiy Nesterov, 2. Akmal Shorahmedov, 4.Xayrulla Karimov, 6.Anvar G`ofurov (13.Lutfulla To`raev, 62), 7.Marko Blajich (14.Alibobo Rahmatullaev, 67), 8.Javlon Ibrohimov, 9. Igor Taran (11.Aleksandr Pishchur, 61), 16.Artyom Filiposyan, 17.Kamoliddin Murzoev, 18.Fozil Musaev, 33. Oleg Zoteev.
Zaxirada qolganlar: 25.Murodjon Zuhurov, 3.Abduqahhor Hojiakbarov, 5.Dilshod Jo`raev, 23.Sahob Jo`raev.
Gollar: Zafar Polvonov (11), Evgeniy. Gogol (59, 70) – Kamoliddin Murzoev (13, penalti).
Ogohlantirishlar: Anvar G`ofurov (25), Xayrulla Karimov (74), Akmal Shorahmedov (76).
O`yindan so`ng
Igor Shkvirin, «Olmaliq» bosh murabbiyi: «Kuchli jamoa ustidan g`alaba qozonish hamisha yoqimli. Bugungi o`yin uchun futbolchilarga rahmat. Bugun ular bor kuchlari bilan to`p surishdi. Jamoa bugungidek birlashib harakat qiladigan bo`lsa g`alabali odim davom etadi. «Bunyodkor» 4 kun avval Xitoyda o`tkazgan o`yinidan keyin to`liq tiklana olmagan bo`lishi mumkin. Ammo yana qaytaraman birdamlik va to`liq o`z kuchiga ishonch bilan harakatlanish natija bermay qolmaydi».
Murod Otajonov, «Bunyodkor» murabbiyi: «O`yin juda qiziq va shiddatli o`tdi. Bugungi o`yinda mezbonlar haqli g`alabaga erishishdi. Ularda yutuqqa bo`lgan ishtiyoq juda baland edi. Afsuski, himoyada yosh bolalarcha yo`l qo`yilgan xatolar bizga qimmatga tushdi. O`yindan avval «Olmaliq»dan xavfsiragandik va shunga yarasha tayyorgarlik ko`rgandik. Ammo yuqorida aytib o`tganimdek, xatolar bizni maqsadimizga etishimizga yo`l bermadi».
Xabar "Olmaliq" FK matbuot xizmati yordamida tayyorlandi.