Oliy Liga, 5-tur: «Guliston» «Buxoro»ni mag`lub etdi

14.04.2013

Oliy Liga, 5-tur: «Guliston» «Buxoro»ni mag`lub etdi

Sirdaryo viloyatining «Guliston» jamoasi Oliy Liga-2013 bahslari doirasida o`z maydonidagi mag`lubiyatsiz seriyani davom ettirdi.

14 aprel kuni Oliy Liga 5-turidan o`rin olgan so`nggi o`yinlar o`tkazildi. Jumladan, liga debyutanti, Sirdaryo viloyatining «Guliston» jamoasi o`z maydonida «Buxoro»ni qabul qildi va 1:0 hisobida g`alaba qozondi. Uchrashuvdagi yagona gol uchrashuvning 4-daqiqasida Xurshid Yo`ldoshev hisobiga yozildi.

Ushbu g`aladan so`ng Baxtiyor Ashurmatov shogirdlari 5 uchrashuvdan so`ng ochkolari soni 8taga etkazib, musobaqa jadvalidagi o`rinlarini yanada mustahkamlab olishdi. E`tiborli tomoni, jamoa o`z maydondagi golsiz seriyani davom ettirdi.

Qayd etish joiz, sirdaryoliklar musobaqadagi himoyasi eng kuchli jamoa bo`lib turibdi – jamoa urgan 3ta gol jami 8 ochko keltirgan bo`lsa, o`tkazib yuborilgan bitta gol hozircha yagona mag`lubiyatga sabab bo`lgan.

Oliy Liga 6-turida «Guliston» Kosonsoyda «Navbahor» mehmoni bo`ladi, «Buxoro» esa «Olmaliq»ni qabul qiladi. Har ikkala o`yin 20 aprel, shanba kuni o`tkaziladi.

Oliy Liga-2013, 5-tur uchrashuvi
«Guliston» (Guliston) – «Buxoro» (Buxoro) 1:0 (1:0)
Hakamlar:
Ravshan Ermatov, Abduhamidullo Rasulov, Jahongir Saidov, Anatoliy Rubakov (barchasi — Toshkent)
Nazoratchi: Rahim Mo`minov (Toshkent)
«Guliston»: 24. Doniyor Usmonov, 2. Ibrohim Rahimov, 3.Akbar Sattaev, 22. Tohir Shamsiddinov, 23. Sarvar Jo`raev, 25.Elyor Jahonov, 15.Sobir Usmonxo`jaev (Konstantin Boev, 88), 7. Rabbim Hasanov, 9.Xurshid Yo`ldoshev (Zafar Qoraqulov, 63), 11.Nosirbek Otaqo`ziev, 17. Alisher Shog`ulomov (R.Qodirov, 74).
Zaxirada qolganlar: 1.Ilhom Jumanov, 27. Konstantin Boev, 19.Rustam Qodirov, 21. Mirjalol Qurbonov, 28. Ilyas Xayrov, 10. Zafar Qoraqulov, 20. Alisher Ergashev.
«Buxoro»: 20.Sardor Qobuljonov, 2. Naoya Shibamura, 4. Devid Oniya, 5. Grigoriy Kvesieshvili, 8. Alisher Mahmudov, 9. Shahzod Sulaymanov (Evgeniy Kochnev, 46), 11. Otabek Valijonov (Alisher Sanoev, 35), 14. Voxid Shodiev 17. Otabek Narzullaev, 21. Bahriddin Vahobov, 24. Asqar Muhitdinov.
Zaxirada qolganlar: 30. Botir Nosirov, 6. Evgeniy Kochnev, 7.Aleksey Nikolaev, 10. Alisher Sanoev, 15. Nozim Umurov, 19.Jamshid Hasanov, 44. Nodir Jo`raev .
Gol: Xurshid Yo`ldoshev (4).

Uchrashuvdan so`ng
Baxtiyor Ashurmatov, «Guliston» bosh murabbiyi:
«Uchrashuv qiyin kechishini olddindan bilgandik. Men hurmat qiladigan eng tajribali mutaxassislardan biri Tachmurod Agamurodov buxorliklarga ustozlik qiladi. Shunga qaramasdan o`ziga xos o`yin uslubiga ega jamoa ustidan g`alaba qozonib muxlislarni xursand qildik. Garchi zafar quchgan bo`lsak-da, o`yin sifatidan qoniqish hosil qilmadim. Nega desangiz, oldin o`tkazilgan to`rtta uchrashuvdan ko`ra bugungisida yigitlarga e`tirozim bo`ldi. Oddiy vaziyatlarda ham xatoliklarga yo`l qo`yishdi. Yaratilgan xavfli vaziyatlardan unumli foydalana olmadik. Agarda mehmonlar ham aniqroq harakat qilishganda balki kuchlar teng kelarmidi?! Bir vaziyatda darvoza ustuni jamoamizni muqarrar goldan saqladi. Uchrashuv davomida bizni qo`llab-quvvatlab turgan ishqibozlarga chiroyli va hujumkor futbol namoyish etishga urunib ko`rdik. Lekin maydonning ahvoli bunga halaqit berdi».

Tachmurod Agamurodov, «Buxoro» bosh murabbiyi: «O`yin boshidagi biroz e`tiborsizligimiz bizga pand berdi. «Guliston» stadioniga tashrif buyurgan tomoshabinlar nihoyatda qiziqarli va jangovar uchrashuvni kuzatishdi deb o`ylayman. Kezi kelganda mahalliy ishqibozlarga tan bermasdan ilojim yo`q. Ularning qo`llab-quvvatlashlari «Guliston» futbolchilariga qo`l keldi. Shogirdim Baxtiyor Ashurmatovning kelgusi ishlariga omadlar tilab qolaman. U futbolchilik faoliyatida ham barqaror o`yin ko`rsatgandi. Endi murabbiylikda ham barqaror jamoani shakllantira olibdi. «Guliston» oliy liga debyutanti bo`lishiga qaramasdan kuchli raqiblarga munosib qarshilik ko`rsatmoqda».

Xabar "Guliston" FK matbuot xizmati yordamida tayyorlandi.

cola
apex
mib
mib
mib
mib