Toshkentning «Lokomotiv» klubi Oliy Liga 5-turining ochilishi o`yinida mavsum peshqadamlaridan biri – «Metallurg»ni mag`lub etib, chempionat karvonboshisiga aylanib oldi.
12 aprel, juma kuni Oliy Liga 5-tur bahslari start oldi. Turni Toshkentning «Lokomotiv» va Bekobodning «Metallurg» jamoalari o`rtasidagi o`yin ochib berdi. Uchrashuv 2:1 hisobida maydon egalari g`alabasi bilan yakuniga etdi.
Uchrashuvda hisob 1-daqiqadayoq ochildi. Aleksandr Shadrinning aniq zarbasidan so`ng toshkentlik «temiryo`lchilar» hisobda oldinga chiqib olishdi. Tezkor gol «Lokomotiv»ning shashti balandligidan va «Metallurg»ga oson bo`lmasligidan darak edi, go`yo. Biroq 30-daqiqada Rustam Mirsodiqov shogirdlari hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo`lishdi – hisob tenglashtiruvchi gol standart vaziyat amalga oshirilganidan so`ng «Metallurg» yarim himoyachisi Dilmurod Karimov hisobiga yozildi.
Biroq, «Metallurg» Bekobodga ochko bilan qaytish niyatini ro`yobga chiqara olmadi. Uchrashuvning 60-daqiqada «Metallurg» darvozasi tomon belgilangan penaltini golga aylantirgan Farhod Tojiev chempionatdagi gollari sonini ettitaga etkazgan bo`lsa, 68-daqiqada Mirg`iyos Sulaymonov ikkinchi sariq kartochka bilan jazolanib, maydonda «Metallurg» futbolchilari 10 kishi bo`lib qolishlariga sabab bo`ldi.
2:1 hisobi o`yin oxirigacha o`zgarmadi va mavsumdagi beshinchi uchrashuvda to`rtinchi g`alabani qo`lga kiritgan «Lokomotiv» kamida bir kunga Oliy Liga peshqadami bo`lib oldi. Shu kungacha kuchli uchlikda borgan «Metallurg» esa aynan «Lokomotiv»ga qarshi o`yinda o`z darvozasidan birinchi to`pni olib chiqdi va mavsumdagi birinchi mag`lubiyatini tan olishga majbur bo`ldi.
O`yindan keyin tashkil etilgan matbuot anjumanida «Metallurg» bosh murabbiyi Rustam Mirsodiqov ishtirok etmadi. Jurnalistlarning savollariga «Lokomotiv» bosh murabbiyi vazifasini bajaruvchi Hakim Fuzaylov javob berdi.
«O`yin juda ham og`ir o`tdi. Raqibimiz bugungi o`yinga juda ham jiddiy kayfiyatda hozirlik ko`rgani ko`rinib turdi. Jamoa jismoniy jihatdan juda yaxshi tayyorgarlikka ega, taktikasi ham to`g`ri yo`lga qo`yilgan. Biz uchun chempionatda oson o`yinlar, oson raqiblar yo`q, shuning uchun ham qo`lga kiritilgan har bir g`alaba men uchun qadrli», - dedi «Lokomotiv» ustozi.
Turning navbatdagi o`yinlar 13-14 aprel kunlari o`tkaziladi.
O`zbekiston Oliy Ligasi, 5-tur uchrashuvi
12 aprel, shanba
«Lokomotiv» (Toshkent) – «Metallurg» (Bekobod) 2:1 (1:1). 3123 tomoshabin.
Hakamlar: Vladislav Tseytlin, Husniddin Shodmonov, Rahim G`opurov, Igor Garmashov.
«Lokomotiv»: 1.Pavel Bugalo,4.Boburbek Yo`ldoshev, 8.Akmal Xolmatov, 10.Farhod Tojiev (9.Zaynitdin Tojiev, 73), 11.Aleksandr Shadrin, 16.Jasur Hasanov (7.Sadriddin Abdullaev, 57), 17.Salim Mustafoev 19.Islom Inomov, 20.Islom To`xtaxo`jaev, 29.Viktor Karpenko (23.Ivan Nagaev, 70), 30.Dilshod Jabborov.
Zaxirada qolganlar: 12.Temur G`aniev, 6. Dilshod Rahmatullaev, 13. Rustam A`zamov, 22. Sherzod Sharipov.
«Metallurg»: 1.Ma`mur Ikromov, 4.Hikmat Hoshimov, 6. Dilmurod Karimov (3. Saidkomil Akbarov, 53), 7. Odilov Doniyor, 8.Sunnatilla Mamadaliev, 9.Shahzodbek Nurmatov 13. Aleksandr Kovalyov, 14.Davronbek Karimqulov, 19. Ruslan Vagapov (10.Shohnazar Norbekov, 85), 20. Mirg`iyos Sulaymonov, 21.Rasulov Sardor
Zaxirada qolganlar: 32. Sultonov Suhrobjon, 2. Odil Isaboev, 5. Umidbek Tojimov, 11.Shuhrat Yo`ldoshev, 23.Mirto`ra Akbarov.
Gollar: A. Shadrin (1), F. Tojiev (59) - D. Karimov (28).
Ogohlantirishlar: F. Tojiev (23), P. Bugalo (71), Z. Tojiev (75) - M. Sulaymonov (49), H.Hoshimov (59), S. Mamadaliev (74).
Chetlatish: M. Sulaymonov (67, ikkinchi ogohlantirish).
Xabar "Lokomotiv" FK matbuot xizmati yordamida tayyorlandi.