«Bunyodkor» bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov «Oy murabbiyi» nomi uchun kurashda «Metallurg» ustozi Rustam Mirsodiqovni ortda qoldirgan bo`lsa, «Lokomotiv» hujumchisi Farhod Tojiev yaqqol ustunlik bilan «Oy o`yinchisi» nomini qo`lga kiritdi.
O`zbekiston chempionatining mart oyidagi eng yaxshi o`yinchisi va murabbiyini aniqlash bo`yicha OAV xodimlari, jurnalistlar o`rtasida 2 aprel, seshanba kuni boshlangan so`rovnoma 8 aprel, dushanba kuni yakuniga etdi. So`rovnoma natijalariga ko`ra, futbol jurnalistlari jami 7 nafar murabbiy va 15 futbolchiga ovoz berishdi.
«Oy o`yinchisi»ni aniqlash bo`yicha so`rovnomada «Lokomotiv» hujumchisi Farhod Tojiev yaqqol ustunlik bilan raqiblarini ortda qoldirdi. Qayd etish joiz, «temiryo`lchilar» vakili Oliy Liganing dastlabki 4 uchrashuvida 6ta gol urishga muvaffaq bo`ldi. Jumladan, «Lokomotiv»ning mart oyida o`tkazgan barcha o`yinlarida Farhod Tojiev dublni rasmiylashtirdi. Buning samarasi o`laroq, futbolchi so`rovnomada 39 ochko to`plab, eng yaqin ta`qibchisi, «Bunyodkor» hujumchisi Aleksandr Pishchurni 18 ochkoga ortda qoldirgani holda, so`rovnomaning ilk laureatiga aylandi.
«Oy o`yinchisi» nomi uchun kurashgan futbolchilarning kuchli beshligidan, Farhod Tojiev va Aleksandr Pishchurdan tashqari, «Metallurg» darvozaboni Ma`mur Ikromov, «Bunyodkor» himoyachisi Xayrulla Karimov va «qaldirg`ochlar»ning boshqa bir vakili – yarim himoyachi Oleg Zoteev o`rin olgan.
«Oy murabbiyi» nomi uchun asosiy kurash «Bunyodkor» bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov va «Metallurg» ustozi Rustam Mirsodiqov o`rtasida kechdi. Bu poygada jamoasi mart oyida Oliy Liga bahslarida birorta ochko yo`qotmagan, qo`shimchasiga, o`z darvozasidan birorta ham gol olib chiqmagan, o`z navbatida, dastlabki 4-tur yakuniga ko`ra musobaqada yaqqol peshqadam bo`lib turgan «Bunyodkor» ustozi omadliroq chiqdi – Qosimov Mirsodiqovni 5 ochkoga ortda qoldirib, mart oyining eng yaxshi murabbiyi deb topildi.
Mirsodiqov qo`l ostidagi «Metallurg» 3-turda «Dinamo» bilan o`yinda durang o`ynab, ochko yo`qotgan bo`lsa, «Bunyodkor» Oliy Ligadan tashqari, Osiyo Chempionlar ligasida ham nisbatan muvaffaqiyatli o`yin ko`rsatmoqda va musobaqa nimchorak finaliga chiqish uchun qulay vaziyat hosil qilgan. «Oy murabbiyi» uchun so`rovnoma kuchli beshligidan, Qosimov va Mirsodiqovdan tashqari, «Guliston» bosh murabbiyi Baxtiyor Ashurmatov, «Lokomotiv» katta murabbiyi Hakim Fuzaylov va «Paxtakor» ustozi Murod Ismoilov joy olgan.
Ma`lumot o`rnida, mart-noyabr oylarida o`tkaziladigan Oyning eng yaxshi futbolchisi va murabbiyi tanlovilarining natijalari umumlashtirib chiqiladi va natijalardan kelib chiqib, O`zPFLning 2013 yildagi eng yaxshi futbolchisi va murabbiyi nomi aniqlanadi.
«Oyning eng yaxshi o`yinchisi» so`rovnomasi kuchli beshligi:
1. Farhod Tojiev («Lokomotiv») – 37 ball.
2. Aleksandr Pishchur («Bunyodkor») – 19 ball.
3. Ma`mur Ikromov («Metallurg») – 10 ball.
4. Xayrulla Karimov («Bunyodkor») – 10 ball.
5. Oleg Zoteev («Bunyodkor») – 9 ball.
«Oyning eng yaxshi murabbiyi» so`rovnomasi kuchli beshligi:
1. Mirjalol Qosimov («Bunyodkor») – 36 ball.
2. Rustam Mirsodiqov («Metallurg») – 31 ball.
3. Baxtiyor Ashurmatov («Guliston) – 17 ball.
4. Hakim Fuzaylov («Lokomotiv») – 15 ball.
5. Murod Ismoilov («Paxtakor») – 12 ball.