«Laxviya» bosh murabbiyi Erik Gerets jamoasi yaxshi o`yin ko`rstagani uchun «Paxtakor» ustidan g`alaba qozonganini qayd etdi. «Paxtakor» bosh murabbiyi Murod Ismoilov esa Toshkentdagi javob o`yinida «Laxviya»ga munosib javob berilishini ta`kidladi.
3 aprel, chorshanba kuni Osiyo Chempionlar Ligasi «V» guruhi 3-tur bahslari doirasida amaldagi O`zbekiston chempioni hisoblangan Toshkentning «Paxtakor» klubi Qatarda «Laxviya» mehmoni bo`ldi. O`yin 3:1 hisobida mezbonlar g`alabasi bilan yakuniga etdi.
«Biz yaxshi o`yin ko`rsatganimiz uchun g`alaba qozondik. Jamoamiz ajoyib o`yin namoyish etib, g`alabaga bo`lgan kuchli ishtiyoqni ko`rsatdi. Yigitlarimiz kuchli jangovar ruhiyat bilan muhim uch ochkoni qo`lga kiritishdi», - dedi o`yindan so`ng «Laxviya» bosh murabbiyi Erik Gerets.
«Birinchi bo`limda «Paxtakor» tomonidan uyushtirilgan bosim va hujumlar bizni biroz hayron qoldirdi, biroq biz ikkinchi bo`limda tashabbusni o`z qo`limizga ola bildik. Bugungi g`alaba bizni guruh peshqadamiga aylantirdi», - deya qo`shima qildi belgiyalik mutaxassis.
«Paxtakor» bosh murabbiyi Murod Ismoilov «Laxviya»ga qarshi o`yindagi mag`lubiyatni «kutilmagan mag`lubiyat» deb baholadi.
«Mag`lubiyat biz uchun kutilmagan natija bo`ldi, chunki biz ijobiy natijadan umid qilgandik, uchrashuvning birinchi bo`limida buning uddasidan chiqqandik ham. Biroq ikkinchi bo`limda hammasi o`zgarib ketdi, o`tkazib yuborganimiz ikkita gol o`yin taqdirini hal qildi», - dedi «Paxtakor» bosh murabbiyi Murod Ismoilov.
«Birinchi bo`limda biz yaxshi o`yin ko`rsatdik, yigitlarimiz ko`rsatmalarni yaxshi bajarishgani samarasi o`laroq, gol urishga muvaffaq bo`ldik. Biroq ikkini bo`limda «Laxviya» bizga qarshi bosimni kuchaytirdi va ikkita gol urdi», - dedi «Paxtakor» ustozi.
«Bugungi mag`lubiyat bu yilgi musobaqadagi ilk ochko yo`qotishimiz bo`ldi, biroq Toshkentdagi javob o`yinida «Laxviya»ga munosib javob bera olamiz, deb umid qilaman», - dedi Murod Ismoilov.
Eslatib o`tamiz, «V» guruhi doirasidagi 4-tur uchrashuvlari 9 aprel, seshanba kuni o`tkaziladi. Shu kuni «Paxtakor» Toshkentda «Laxviya»ni qabul qiladi.
Xabar OFK rasmiy sayti xabari yordamida tayyorlandi.