OChL: «Paxtakor» safarda «Laxviya»ga mag`lub bo`ldi

03.04.2013

OChL: «Paxtakor» safarda «Laxviya»ga mag`lub bo`ldi

3 aprel, chorshanba kuni amaldagi O`zbekiston chempioni, Toshkentning «Paxtakor» klubi Osiyo Chempionlar ligasi «V» guruhi 3-tur bahslari doirasida Qatarning «Laxviya» jamoasi mehmoni bo`ldi.

Bungacha «Paxtakor» guruh bosqichidagi Saudiya Arabistonining «Al-Ittifoq» va BAAning «Ash-Shabob» jamoalariga qarshi dastlabki ikki uchrashuvlarida kichik – 1:0 hisobidagi g`alabalarni qo`lga kiritib, «V» guruhida peshqadam bo`lib olgan edi. Belgiyalik taniqli mutaxassis – Erik Gerets qo`l ostidagi Qatarning «Laxviya» jamoasi esa 1-turda BAA vakilini 2:1 hisobida mag`lubiyatga uchratgan bo`lsa, Saudiya klubi bilan 0:0 hisobida durang qayd etgandi.

«Laxviya» va «Paxtakor» o`rtasidagi Qatarda bo`lib o`tgan o`zaro o`yinda omad maydon egalariga kulib boqdi. «Laxviya» uchrashuvning 21-daqiqasida Issa Dianing sa`y-harakatlari samarasi o`laroq, hisobni ochdi. Biroq, tanaffus arafasida «Paxtakor» hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo`ldi – yarim himoyachi G`ulom O`runovning aniq zarbasi jamoalarning tanaffusga 1:1 hisobida chiqib ketishini ta`minladi.

Ikkinchi bo`limda ham, birinchisidagi kabi, qatarliklar nisbatan ko`proq hujum qilishdi. «Paxtakor» esa, qaysidir ma`noda, ikkinchi bo`limda mazmunliroq o`yin ko`rsatdi. Biroq omad qatarlik futbolchilarga, xususan, Qatar milliy terma jamoasi hujumchisi Sebastyan Soriyaga kulib boqdi. Dastlab, uchrashuv asosiy vaqti yakunlanishiga 6 daqiqa qolganida asli urugvaylik hujumchi bosh bilan yo`llagan zarbasi orqali Temur Jo`raev darvozasini ishg`ol qilgan bo`lsa, hakam tomonidan uchrashuvning asosiy vaqtiga qo`shib berilgan 1-daqiqada «Paxtakor» himoyachisi va darvozaboni o`rtasida yuzaga kelgan tushumnovchilikdan unumli foydalanib, dublni rasmiylashtirdi.

Ushbu natija ochkolari sonini 7taga etkazib olgan «Laxviya»ni 4-tur arafasida guruh peshqadamiga aylantirgan bo`lsa, guruhning 3-tur doirasidagi ikkini o`yini – «Ash-Shabob» – «Al-Ittifoq» o`yini qanday natija bilan yakunlanishidan qat`iy nazar, «Paxtakor»ni 2-o`ringa tushirdi. Guruh bosqichining navbatdagi o`yinlari 9 aprel, seshanba kuni o`tkaziladi va shu kuni «Paxtakor» «Laxviya»ni Toshkentda qabul qiladi.

OChL-2013, «V» guruhi, 3-tur uchrashuvi
3 aprel, chorshanba
«Laxviya» (Paxtakor) – «Paxtakor» (O`zbekiston) 3:1 (1:1)
Gollar:
Issa Dia (21), Sebastyan Soriya (84, 90+1) – G`ulom O`runov (40).

cola
apex
mib
mib
mib
mib