3 aprel, chorshanba kuni Kosonsoyda Namanganning «Navbahor» va Toshkentning «Lokomotiv» jamoalari o`rtasidagi Oliy Liga 2-tur uchrashuvi o`tkazildi.
«Navbahor» – «Lokomotiv» uchrashuvi, taqvimga ko`ra, 9 mart kuni o`tkazilishi kerak edi. Biroq o`yin kuni noqulay ob-havo sharoiti yuzaga kelgani munosabati bilan o`yin 3 aprel kuniga ko`chirilgan edi. Kosonsoyda o`tkazilgan uchrashuvda 1:1 hisobi qayd etildi.
Uchrashuvda hisob birinchi bo`lib namanganliklar tomonidan ochildi – Sobir Hamidovning birinchi bo`limdagi zarbasidan so`ng, «Navbahor» hisobda oldinga chiqib oldi. «Lokomotiv» faqatgina o`yin yakunlanishiga 5 daqiqa qolganida hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo`ldi. «Navbahor» darvozasi tomon belgilangan jarima zarbasini jamoa yarim himoyachisi Akmal Xolmatovga golga aylantirdi.
Ushbu durang natija «Lokomotiv»ni musobaqa jadvalida 2-o`ringa olib chiqdi. Toshkentlik «temiryo`lchilar» ayni vaqtda 3-o`rindagi «Metallurg» bilan bir xil – 10 ochko to`plagan bo`lishsa, peshqadam «Bunyodkor»dan 2 ochkoga ortda qolishmoqda.
Oliy Liga-2013, 2-tur qoldirilgan uchrashuvi
3 aprel, chorshanba
«Navbahor» (Namangan) – «Lokomotiv» (Toshkent) 1:1 (1:0). 5113 tomoshabin.
Hakamlar: M. Ismoilov (Toshkent), A. Usmonov (Toshkent), R. Serazetdinov (Toshkent), R. Tolibjonov (Farg`ona).
Nazoratchi: S. Najafaliev (Toshkent).
«Navbahor»: 16. Denis Romanenko, 4. Abdumajid Toirov, 6. Leonid Koshelev, 9. Ilhom Boydedaev, 10. Akram Bahriddinov, 13. Temur Sultonov, 20. G`ayrat Jo`raev, 22. Ro`zimboy Ahmedov (23. Abdumalik Abdullaev, 80), 26. Qahramon Mahammadjonov, 30. Sobir Hamidov, 32. Jahongir Mehmonov.
Zaxirada qolganlar: 1. Viktor Mochalov, 3. Botir To`raboev, 5. Maqsud Hayitov, 7. Abduaziz Sultonov, 17. Sohib Abdullaev, 21. A`zam Aliev.
«Lokomotiv»: 1. Pavel Bugalo, 7. Sadriddin Abdullaev, 8. Akmal Xolmatov, 10. Farhod Tojiev (23. Ivan Nagaev, 73), 16. Jasur Hasanov (9. Zayniddin Tojiev, 46), 17. Salim Mustafoev, 19. Islom Inomov, 20. Islom To`xtaxo`jaev, 22. Sherzod Sharipov (6. Dilshod Rahmatullaev, 46), 29. Viktor Karpenko, 30. Dilshod Jabborov.
Zaxirada qolganlar: 12. Temur G`aniev, 4. Bobur Yo`ldoshev, 11. Aleksandr Shadrin, 13. Rustam A`zamov.
Gollar: S. Hamidov (29) – A. Xolmatov (83).
Eng yaxshi o`yinchilar: S. Hamidov – A. Xolmatov.
O`yindan so`ng
Mustafo Bayramov, «Navbahor» bosh murabbiyi: «Birinchi navbatda namoyish etilgan o`yin uchun futbolchilarga minnatdorchilik bildirib o`tishni istardim. Raqib kuchli bo`lsa-da, oldimizga faqat g`alaba qozonishni maqsad qilib tushgandik. O`yindan oldin futbolchilarga to`pni ko`proq nazorat qilib, cho`chimasdan harakat qilishni uqtirgandim. Aynan shunday tarzda to`p surish orqali ijobiy natijaga erishish mumkinligini aytgandim. O`yinda bu ishimiz amalga oshdi. Birinchi bo`limda urgan golimizni nima sababdan hisoblashmaganligini tushunmadim – bu hakamlarning vijdoniga havola. Shunday bo`lsa-da, keyinchalik hisobni ochishga erishdik. Afsuski, o`yin oxirlarida darvozamizdan to`p o`tkazib yuborib, g`alabani saqlab qola bilmadik».
Hakim Fuzaylov, «Lokomotiv» murabbiyi: «Farg`onadagi og`ir o`yinni o`tkazishimizga to`g`ri kelgandi. Juda qiyin uchrashuvlardan birida maydonga tushgandik. Futbolchilarini ruhiy va jismoniy tomondan biroz toliqib qolishgandi. Bugun «Navbahor» ham o`yinga jiddiy tarzda hozirlik ko`rganliklarini amalda namoyish etishdi. Bu hol dastlabki daqiqalardanoq ko`zga tashlandi. Shu sababli o`yin qiyin kechdi. Shunga qaramay, ustunlik biz tomondan bo`ldi. Lekin imkoniyatlarimizdan foydalana olmadik. Biroz omadimiz chopmadi desak ham bo`ladi. Boz ustiga, raqibimiz ham oxirigacha kurashdi. Har qanday holatda ham, ikki ochkoni yo`qotdik deb o`ylayman».
Xabar "Navbahor" FK matbuot xizmati yordamida tayyorlandi.