«Beyjing Guoan» jamoasi bosh murabbiyi Aleksandar Stanoevich u va uning jamoasidagilar «Bunyodkor»ning kuchsiz tomonlarini bilishini ma`lum qildi.
Osiyo Chempionlar Ligasi G guruhi 3-tur bahslaridan o`rin olgan «Bunyodkor» – «Beyjing Guoan» klublari o`rtasidagi o`yin arafasida 1 aprel, dushanba kuni har ikkala klub vakillari ishtirokida matbuot anjumanlari o`tkazildi. Dastlabki matbuot anjumanida Xitoyning «Beyjing Guoan» klubi bosh murabbiyi Aleksandr Stanoevich va uning o`zbekistonlik shogirdi, himoyachi Egor Krimets ishtirok etishdi.
«Raqibimizni bu yilgi musobaqadagi dastlabki 2 o`yinini o`rganib chiqdik. Qolaversa, jamoa o`tgan yili yarim finalgacha etib kelgani, unga jiddiy tayyorgarlik ko`rishimizni taqazo etadi. Ochig`i, Xitoy matbuoti bu o`yin haqida nima deb yozayotganidan bexabarman. Lekin ishonchim komil, ertangi o`yinda biz ijobiy natijaga erisha olsak, javob uchrashuvi xitoyliklar uchun katta qiziqish uyg`otadi», - dedi Aleksandar Stanoevich.
«Albatta mehmonda o`ynash qiyin. Lekin bunday zamonaviy stadionda o`ynash bizga zavq bag`ishlaydi. «Bunyodkor» qanchalik kuchli bo`lmasin, uning ham muammolari bor va biz aynan o`shalardan foydalanishga xarakat qilamiz. Savolingizga aniq javob beradigan bo`lsam, imkoniyatlar 51 ga 49...», - deya qo`shimcha qildi «Beyjing Guoan» jamoasi bosh murabbiyi.
«Krimetsning o`yinlarini o`zim ko`rganman. Ayniqsa, Toshkent derbisidagi o`yinlari bizga ma`qul kelgan. Uni taklif etishdan avval hamyurt kasbdoshim, «Paxtakor»ning sobiq murabbiyi bilan ham maslaxatlashganman. Egorning asosiy tarkibdan joy olmayotganining sababi bitta, u jamaomizning mavsumoldi yig`inlarida ishtirok etmadi, ya`ni bizga mavsum boshlanishiga sanoqli kunlar qolganda kelib qo`shildi. Lekin Krimetsning jamoaga moslashishi qiyin kechmadi. U hozir yaxshi formada. Ertaga u maydonga tushadi va bundan buyon asosiy tarkib o`yinchisiga aylanadi deb ishonch bildiraman», - dedi Xitoy klubi ustozi.
«Tahmin qilishimcha, ertaga jangovar o`yin bo`ladi. «Bunyodkor»ning imkoniyatlarini juda yaxshi bilaman va bu jamoa guruhimizda g`oliblikka asosiy da`vogarlardan biri hisoblanadi. Lekin ertaga biz ham g`alaba uchun maydonga tushamiz. Menimcha barcha ishtirokchilarga bir xil vazifa qo`yilsa kerak, ya`ni guruh baxslarida muvaffaqiyatli qatnashib, keyingi bosqichga yo`l olish. Jumladan, bizning guruhimizda ham yaqqol autsayder yo`q va barchada pley-off yo`llanmasini qo`lga kiritish imkoniyati bor», - dedi «Beyjing Guoan» jamoasi o`zbekistonlik himoyachisi Egor Krimets.
Eslatib o`tamiz, «Bunyodkor» va «Beyjing Guoan» jamoalari o`rtasidagi o`yin 2 aprel, seshanba kuni Toshkentdagi «Bunyodkor» stadionida o`tkaziladi. O`yin Toshkent vaqti bilan 17:00da boshlanishi rejalashtirilgan.
Xabar «Bunyodkor» matbuot xizmati yordamida tayyorlandi.