Qarshining «Nasaf» jamoasi mavsumdagi ikkinchi g`alabani Kosonsoyda tantana qildi.
30 mart kuni Namanganning «Navbahor» jamoasi Kosonsoydagi Markaziy stadionda Qarshining «Nasaf» jamoasini qabul qildi. O`yin 2:1 hisobida mehmonlar g`alabasi bilan yakuniga etdi. «Nasaf»ning gollari Shohruh Gadoev hamda Ilhom Shomurodov hisobiga yozilgan bo`lsa, o`yinning asosiy vaqtiga hakam tomonidan qo`shib berilgan to`rtinchi daqiqada Ro`zimboy Ahmedov «Navbahor»ning yagona golini penaltidan urishga muvaffaq bo`ldi.
Ushbu g`alabadan so`ng «Nasaf» ochkolari sonini 7taga etkazib, musobaqa jadvalida 4-o`ringa ko`tarilib oldi va peshqadam «Bunyodkor»dan 5 ochkoga ortda qolmoqda. Hali birorta ham ochko qo`lga kiritmagan ligadagi ikki jamoadan biri bo`lib turgan «Navbahor» esa 14 jamoa orasida 13-bo`lib turibdi.
5-turda «Nasaf» o`z maydonida G`uzorning «Sho`rtan» jamoasini qabul qiladi, «Navbahor» esa Zarafshonda «Qizilqum» mehmoni bo`ladi. Har ikkala o`yin 14 aprel, yakshanba kuni o`tkaziladi.
Oliy Liga-2013, 4-tur uchrashuvi
30 mart, shanba
«Navbahor» (Namangan) – «Nasaf» (Qarshi) 1:2 (0:1). 5206 tomoshabin.
Hakamlar: I. Tantashev (Buxoro), B. Qodirov (Buxoro), A. Qo`ldoshev (Buxoro), O. To`ychiboev (Toshkent).
Nazoratchi: S. Ermatov (Toshkent).
«Navbahor»: 16. Denis Romanenko, 4. Abdumajid Toirov, 5. Maqsud Hayitov, 8. Azim Ahmedov, 9. Ilhom Boydedaev (23. Abdumalik Abdullaev, 67), 10. Akram Bahriddinov, 11. Rasul Shuhratov (21. A`zam Aliev, 35), 13. Temur Sultonov, 15. Vitaliy Pochuev (26. Qahramon Muhammadjonov, 46), 20. G`ayrat Jo`raev, 22. Ro`zimboy Ahmedov.
Zaxirada kolganlar: 1. Viktor Mochalov, 6. Leonid Koshelev, 7. Abduaziz Sultonov, 30. Sobir Hamidov.
«Nasaf»: 25. Eldorbek Suyunov, 4. Maqsud Karimov, 5. Botir Qoraev, 9. Ilhom Shomurodov (77. Suhrob Ne`matov, 84), 16. Alisher Yusupov, 17. Artur Gevorkyan, 20. Erkin Boydullaev, 22. Shohruh Gadoev (14. Laziz Ubaydullaev, 89), 27. Ilhom Yunusov, 32. Hamza Karimov, 41. Azamat Allaniyozov (15. Zohid Abdullaev, 69).
Zaxirada kolganlar: 1. Mixail Naumov, 3. Rahmatillo Berdimurodov, 8.Mirzakamol Kamolov, 19. Eldor Boymatov.
Gollar: Ro`zimboy Ahmedov (90+4-pen.) - Shohruh Gadoev (41), Ilhom Shomurodov (79).
Ogohlantirishlar: Denis Romanenko (14), Qahramon Muhammadjanov (55) – Maqsud Karimov (37), Ilhom Yunusov (45+1), Hamza Karimov (90+4).
O`yindan so`ng
Mustafo Bayramov, «Navbahor» bosh murabbiyi: «Uydagi uchrashuvlarda bunday o`ynash yaramaydi. Futbolchilarga uchrashuvdan oldin hujumkor o`yin ko`rsatish vazifasini qo`ygandik. Uyda shunday o`ynash orqali ijobiy natijaga erishish mumkin. Maqsadimiz g`alaba qozonish edi. Lekin himoyadagi xatolar va boshka omillar mag`lubiyatga sabab bo`ldi. Futbolchilarimiz qanday tarzda harakat qilishganini tushuna olmadim. «Nasaf» esa, aksincha, hujumkor o`yin kursatishga urindi. Yuzaga keltirilgan vaziyatlardan samarali foydalanib, darvozamizni ishg`ol kildi. Futbolchilarimiz shijoat ko`rsatishlari kerak edi. Biroq bunday bo`lmadi. O`zimizning xatolarimiz tufayli imkoniyatni boy berdik».
Ro`ziqul Berdiev, «Nasaf» bosh murabbiyi: «O`yin jangovor ruhda o`tdi. Har ikki jamoa ham faqat g`alaba uchun harakat kildi. Jamoamiz turdan turga o`yinini kuchaytirib bormoqda. Bugun ham futbolchilarimiz «Navbahor» a`zolariga qaraganda yaxshiroq to`p surishdi. Shu sababli haqli ravishda g`alabaga erishdik, deb ayta olaman. Kosonsoydagi bahsda g`alaba jamoamiz uchun juda muhim edi. Negaki, chempionat boshida ko`plab ochkolarni boy berganimiz uchun bunday o`yinlarda ochkolar zaxirasini boyitishimiz talab etilardi. Shu sababdan g`alabani ko`zlab maydonga tushgandik».
Xabar «Navbahor» FK matbuot xizmati yordamida tayyorlandi.